THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

BUYUK KЕLAJAK GAROVI


31.05.2024

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni ekanini yaxshi bilamiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, xuddi shu kuni hammamiz farzandu nevaralarga favqulodda mehribon, g‘amxo‘r va e’tiborli bo‘lib qolamiz. Aslida u e’tibor degani har kuni, tongdan to shom qadar bo‘lmog‘i kerakligini – turmush tashvishlari bilan bo‘lib, yoddan ko‘tarishimiz ham bor gap. Aslida bunday bo‘lishi kerak emas. Axir zurriyod degani – orzu-umidlar nishoni, nurli ufq darakchisi, armonning ushalish obyekti, bir so‘z bilan, kelajak-ku!..
Bir gap aytsak, uni lofga yo‘ymang. Bilasizmi, dunyo xaritasida O‘zbekiston degan davlat paydo bo‘lishi bilanoq, aynan bolalar, sog‘lom va barkamol avlod qayg‘usi mudom eng ustuvor vazifa bo‘lib kelgan: og‘ir-yengilligidan qat’iy nazar – har qanday sharoitda, har dam, har on. Quyida keltiriladigan sana, fakt va misollar esa azbaroyi ayni da’voni asoslash uchundir.
Agar Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sanasi 1950 yildan boshlab nishonlanayotgani, 1989 yil 20 noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Bolalar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya qabul qilinganini e’tiborga olsak, O‘zbekiston mazkur hujjatni 1992 yil 9 dekabrda ratifikatsiya qilishi – mustaqil mamlakatda bolalarning huquqiy va ijtimoiy maqomini shakllantirish yo‘lidagi muhim debocha bo‘ldi. Yana bir tomoni, mamlakat Birinchi Prezidenti Islom Karimov uchun – ona, bola va oilaning jamiyatdagi maqomi, millat genfondini saqlab qolish – istalgan biror masaladan ustun bo‘lib kelgan. Unga davlat darajasida e’tibor qilib, yillar davomida katta kuch, imkoniyat va mablag‘ yo‘naltirilgan.
Tarixdagi ilk davlat mukofoti ham shunga daxldor ediki, 1993 yilda “Sog‘lom avlod uchun” 1- va 2-darajali ordenlari ta’sis etildi. Shunday nom bilan atalgan respublika xayriya jamg‘armasiga ham asos solindi. Bu kabi ustuvor munosabatga – yillarni nomlash tadrijiga boqib ham guvoh bo‘lish mumkin: “Oila yili” (1998 y.), “Ayollar yili” (1999 y.), “Sog‘lom avlod yili” (2000 y.), “Onalar va bolalar yili” (2001 y.), “Yoshlar yili” (2008 y.), “Barkamol avlod yili” (2010 y.), “Sog‘lom bola yili” (2014 y.), “Sog‘lom ona va bola yili” (2016 y.). Faqat nomlash bilan cheklanilgani yo‘q, balki shu yillar bilan bog‘liq butun boshli Davlat dasturlari qabul qilinib, barcha e’tibor-u mablag‘ o‘sha ulug‘vor maslakka qaratildi.
U maslakning bor g‘oyasi, hamma nek niyati va hozir aytilgan ulug‘vorligi ushbu – shiorga aylanib ketgan da’vatda mujassam edi: “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart!”. Tamom-vassalom.
Bu ulug‘ maqsad yo‘lida sportning beqiyos hissasi ham o‘z vaqtida anglab yetildi. Birinchi Prezident Islom Karimovning 24 oktyabr 2002 yildagi farmoni asosida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgani – yosh avlodning jismoniy va ma’naviy salomatligini shakllantirish, sog‘lom turmush tarzi va sportga mehr-muhabbatni singdirish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi. Bundan tashqari mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasida tashkil etilgan uch bosqichli – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” sport o‘yinlarida ishtirok etish – o‘z davrida O‘zbekistondagi har bir o‘g‘il-qiz uchun sharaf bo‘lgan.

Ko‘lamdor e’tibor va harakatlarning natijasini esa birgina misolda guvohi bo‘lish mumkin: mamlakatimizda 1991-2015 yillar davomida – onalar o‘limi 3,1 barobar, bolalar o‘limi esa 3,2 barobar kamaydi. Xalqaro nufuzli tashkilot – “Save the Children” (“Bolalarni asraylik”) tomonidan tuzilgan jahon reytingida O‘zbekiston – o‘sib kelayotgan yosh avlod salomatligi haqida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan davlatlar o‘ntaligiga kirdi.
Istiqlolning ilk yillarida tamal toshi qo‘yilgan masalaga e’tibor bugungi kunda ham dolzarblikdan tushgani yo‘q. Yangi O‘zbekistonning kelajagi bo‘lmish yosh avlod vakillari har tomonlama davlat himoyasida. Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakati bilan o‘quvchilar o‘rtasida ularning jismoniy va ma’naviy kamoloti yo‘lidagi “Besh tashabbus”ning quloch yoygani, 2021 yil 9 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlarining kafolotlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qabul qilingani fikrimiz dalili. Hujjat asosida bola huquqlarini himoya qiluvchi Bolalar ombudsmani instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etildi.

Xulosa qilib aytganda, barkamol, sog‘lom avlod – sog‘lom kelajak, sog‘lom millat degani. Binobarin, faqat sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.

F.Qurbonboyev olgan suratlar