THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

BO‘LG‘USI BOSHQARUV VAKILLARI – MAJMUA MЕHMONI


28.08.2024

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat boshqaruvi akademiyasi – mamlakat Birinchi Prezidentining 1995 yil 19 apreldagi Farmoni bilan tashkil etilgan. Mazkur dargoh hokimiyat organlari, vazirliklar, idoralar rahbar kadrlar bo‘g‘inining siyosiy, ma’naviy va professional tayyorgarligini yaxshilash, shuningdek, davlat va ijtimoiy qurilish istiqbollarini asoslashga doir ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish kabi maqsadlarga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Shu kunlarda Akademiya tinglovchilari Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida bo‘lib, majmuaning kutubxona fondi bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan noyob badiiy va ilmiy nashrlar, arxiv hujjatlari, elektron va video resurslar jamlangan. Kutubxonadagi markaziy o‘rinni – Birinchi Prezident muallifligidagi asarlar va uning shaxsiy kutubxonasidagi kitoblar egallaydi. Kutubxona mudiri Dilorom Shukurova bular haqida batafsil so‘zlab berdi.


O‘zbekistonning eng yangi tarixi haqida so‘zlovchi manbalarning aynan Prezident Matbuot xizmati sobiq binosida joylashgani ham – ramziy ma’noga ega. Islom Karimov istiqlolning dastlabki yillarida aynan shu maskanda keng jamoatchilik vakillarini qabul qilgan, xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashgan, matbuot anjumanlari o‘tkazgan. Davlat rahbariga xuddi shu devorlar ichida – mustaqilligimizni birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishonch yorliqlarini topshirishgan.
Akademiya tinglovchilari har bir burchagi yaqin tarixdan guvohlik berib turgan betakror bino bo‘ylab ekskursiya uyushtirib, arxiv suratlarini qiziqish bilan tomosha qilishdi.
Kutubxonaning kovorking maydonchasida bo‘lib o‘tgan suhbatda mehmonlarga – umuman, majmua va kutubxona faoliyati, Birinchi Prezident xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan vazifalar to‘g‘risida batafsil so‘zlab berildi.
Uchrashuv davomida hozirgi o‘zgarishlar silsilasida – ayni bosqichdagi davlat qurilishi masalalari, xususan, yangi O‘zbekistonning kelajagini qanday tasavvur etishimiz kabi jihatlar yuzasidan fikr almashildi. Bu borada esa istiqlol tarixini o‘rganishning ham ahamiyati mo‘l.

Tinglovchilar majmua kutubxonasi – ma’rifat manbai sifatida, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun qulay maskan bo‘lib xizmat qilishi to‘g‘risidagi mulohazalarini bildirishdi.

F.Qurbonboyev olgan fotosuratlar