THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

“BIR VATAN, BIR EL, BIR BAYROQ”


18.11.2025

O’zbekistonda o’n kundan buyon davom etayotgan, mamlakatimiz tarixida alohida o’rin tutgan 18 noyabr – O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i qabul qilingan kunga bag’ishlanib, butun mamlakat bo’ylab o’tkazilayotgan bayroq estafetasining shiori xuddi shundoq. Ayni kunlarda bu muhim sana yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan – milliy qadriyat, birlik va yuksalish timsoli sifatida keng nishonlanmoqda.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida 18 noyabr – O’zbekiston Respublikasi davlat bayrog’i qabul qilingan kun munosabati bilan “Davlat ramzlari muqaddas va ulug’” deya nomlangan davra suhbati  bo’lib o’tdi.

Aslida “muqaddas”, “ulug’” degan sifatlar shunchaki ishlatilmaydi. Millatni – millat, elni – el, davlatni – davlat qilib turgan timsollar o’zi ko’p emas: til, bayroq, tug’ro, madhiya. Birgina bayroqni oladigan bo’lsak ham, u – millat yalovi, bizga jondek aziz, nondek mo’’tabar. Bugun bayroq qabul qilingan kunning 34 yilligini bayram qilayotganimiz bilan, uning tarixi, ildizlari, bayroqda jamuljam bo’lgan belgilar – ming yillarga, asrlarni qaritgan qadriyatlarga, huv o’sha Turk hoqonliklariga, Xorazmiylarga, bayroq uchun jonini tikkan Najmiddin Kubrolarga, Temuriylarga, SHayboniy-u Boburiylarning timsollariga borib taqaladi.

Demak, ramzlarning muqaddasligi ham, ulug’lig’i ham – qanchalik tabiiy bo’lsa, shunchalar ko’hna. Birgina misol. “Temur tuzuklari”da ta’kidlanishicha, Sohibqiron davrida dushman ustidan shijoat va mardlik ko’rsatib, g’alaba qozongan amirlar va sipohiylarga davlat timsollari – tug’ va nog’ora in’om qilingan. Bu Amir Temur davlatida saltanat ramzlari nechog’lik baland maqom tutgani va ular qanday katta ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi.

34 yilki, bu ro’yi zaminda o’zbek degan xalq, davlat tuzgan millat borligini ayon qilib, dunyo uzra mag’rur hilpirab, namoyon qilib turgan – bayrog’imiz qabul qilinishida esa shak-shubhasiz, mustaqilligimiz asoschisi, Birinchi Prezidentning buyuk o’rni bor. Islom Karimov undagi har bir belgiga, shaklga, rangga – qalb-qo’rini, idrokini, borlig’ini bag’ishlagan. Tarixchilarning shohidlik berishlaricha, Birinchi Prezident bayroq bo’yicha e’lon qilingan umumxalq muhokamasi davomida tushgan takliflarning asosiy g’oyalarini mujassamlashtirib, davlat bayrog’idagi uchta asosiy rangni – moviy, oq va yashil yo’l-yo’llarni o’z qo’li bilan chizib, komissiyaga taqdim etgan. Ushbu tashabbus esa O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ini qabul qilishda asos vazifasini bajargan.

Bevosita majmuada bo’lib o’tgan tadbirga qaytadigan bo’lsak, unda ishtirok etib, ma’ruza qilgan har bir olimning fikr-mulohazalarida, ilmiy dalillari va tahlillarida – yuqorida qayd etganimiz mushohadalar u yoki bu shaklda o’rin oldi. Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti, “O’zarxiv” agentligi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Nizomiy nomidagi O’zbekiston milliy pedagogika universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti professor-o’qituvchilari, izlanuvchilari, kursantlari va talabalari ishtirok etgan anjumanda – milliy davlatchilikda davlat ramzlarining o’rni va ahamiyati, ularning tarixi, qonunchilikda belgilangan huquqiy jihatlari va mas’uliyati kabi mavzularda so’z bordi.

Anjumanda namoyish qilingan, Islom Karimovning bevosita milliy bayrog’imiz haqida aytgan mulohazalari hamda samimiy lahzalar aks etgan hujjatli film ishtirokchilarda g’oyat iliq taasurot qoldirdi.

Tadbirda hozir bo’lganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etgani esa e’tiborga loyiq quvonchli hodisadir. Chunki millat g’ururi, muqaddas ori, ramzlarning ulug’ligini birinchi galda – kelajagimiz vorislari, ertamiz egalari bo’lmish – yosh avlod chuqur anglab etmog’i, ko’ksiga tumor qilib olmog’i darkor. Chunki ajdodlar orzu-armoni, xalqimizning buguni, o’lmas xotirasi, iymon-e’tiqodi, kelajakka bo’lgan komil ishonchi – aynan yoshlar timsolida – yurakdan-yurakka, ko’ngildan-ko’ngilga o’tib, yashab qolmog’i kerak!

Darvoqe, tadbir doirasida 18 noyabr – O’zbekiston Respublikasi davlat bayrog’i qabul qilingan kunga bag’ishlanib, tashkil etilgan maxsus fotoekspozisiya ham mehmonlarga manzur bo’ldi.

Farhod Qurbonboev va Temur Qurbonboev fotosuratlari