2 iyul – O‘zbekistonning davlat gerbi qabul qilingan kun. Bugun o‘z tug‘romiz paydo bo‘lganiga roppa-rosa 32 yil to‘ldi. 1992 yil ayni shu kuni Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunga imzo chekilgan edi.
O‘sha kundan boshlab mamlakatimiz gerbi tasviri – davlat idoralari, chegara sarhadlari, muhrlar va rasmiy blankalar, rasmiy nashrlar, qog‘oz va tanga pullar, qimmatli qog‘ozlar, fuqarolik pasporti hamda qonunda belgilangan boshqa hujjatlardan joy olib keladi.
Davlat gerbi – Konstitutsiya, bayroq, madhiya, davlat tili singari bosh milliy ramzlardan bo‘lib, mudom muqaddas va ulug‘ sanalib kelgan. Gerb – bu muayyan bir davlatni boshqalardan ajratib turadigan nishon, ramz, timsol. Tabiiyki, har qaysi mamlakatda yashaydigan odam uchun o‘z davlati timsoli suyumli va betakror sanalganidek, biz uchun ham markazida – qadimdan baxt va davlat qushi, erk, saodat, himmat, olijanoblik, omad belgisi hisoblangan Humo qushi timsoli – shunchalar e’zozli. Darvoqe, hazrat Navoiy ham o‘zining “Lison ut-tayr” dostonida Humoni baxt va iqbol, ezgulik va ulug‘vorlik keltiruvchi qush sifatida tasvirlagan.
Shu o‘rinda Birinchi Prezidentimizning Davlat gerbi yaratilishida va qabul qilinishida ko‘rsatgan alohida jonbozligini xotirlash kerak bo‘ladi. U shaxs o‘sha tarixiy chog‘larda ta’kidlab aytganidek, “Respublikamizning davlat ramzlari qatorida gerb ham – xalqimiz shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etgan, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonch ifodasidir”.
Sayyoramiz sarhadlarida O‘zbekiston degan davlat borligini anglatib, boz ustiga, o‘zida milliy-madaniy an’analarni mujassam qilgan timsollardan biri bo‘lmish – gerbimizni, shu singari boshqa bebaho ijtimoiy-siyosiy qadriyatlarimiz bo‘lgan davlat ramzlarini Vatanimiz kabi aziz va muqaddas deya, e’tirof etishimiz, e’zozlashimiz – ham farz, ham qarz!
Bugun dunyoda yangi O‘zbekiston nomi bilan olib borilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar – yurtimiz davlat gerbidagi ezgulik va ulug‘vorlikka uyg‘un va hamohang ekani bilan ahamiyatlidir.