THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

BARQARORLIK VA BAG‘RIKЕNGLIK YURTI


06.02.2026

Bu har ikkala tushuncha – bugun Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan ilmiy-madaniy anjumanda ko‘p bor tilga olindi. Gap shundaki, Birinchi Prezident tavallud kuni munosabati bilan muntazam o‘tkaziladigan xotira haftaligining yakunlovchi konferensiyasi “Barqarorlik va bag‘rikenglik – O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omili” deya nomlandi. Tadbir Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda Sarbon universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O‘zbekistondagi barqarorlik va bag‘rikenglik tamoyillarining ustuvorligiga istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab tamal toshi qo‘yilgani barchaga ma’lum. Aynan Islom Karimovning qat’iyati va jasorati bilan mustaqillikka erishgan mamlakatning o‘z taraqqiyot yo‘lidan odimlay boshlagani, yosh davlatimiz uchun g‘oyat murakkab va mas’uliyatli davrda vaziyat beqarorlashuvining oldi olingani va xalqimizning urush dahshatlarini ko‘rmasdan eson-omon o‘tgani ham – bevosita buyuk yetakchi nomi bilan bog‘liq.
Majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov tadbirni ocharkan, bugungi O‘zbekiston zamini – qadim-qadimdan turli sivilizatsiyalar tutashgan manzil o‘laroq turfa din va millatlar uchun umumiy diyor bo‘lib kelgani, bag‘rikenglik – bu tuproqda yashayotgan, bugun o‘zbek deya dunyoga bo‘ylashgan xalqning qon-qoniga singib ketgani, Islom Karimov esa mustaqil davlat aoschisi sifatida xalqning ana shu nodir xislatini barqarorlik va taraqqiyotning asosiy shartlaridan biri qilib tanlagani, shu bois ham tarixdan muqim o‘rin olgani xususida so‘z yuritdi.

Kechada namoyish etilgan – Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlanib, chorak asr oldingi dolg‘ali yillardan to butungi dorulomon kunlar qadar bosib o‘tilgan mashaqqatli va farahbaxsh yillar, ularning qadr-qimmati to‘g‘risida hikoya qiluvchi hujjatli film – tadbir ishtirokchilari ko‘zlarida yosh qalqitdi.
Majmua Homiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezident rafiqasi Tatyana Karimova o‘z so‘zida – istiqlolning dastlabki yillaridagi tashqi xurujlar sabab alanga ola boshlagan millatlararo mojarolarga aynan bag‘rikenglik sabab uzoqni o‘ylab, barham berilgani, bu siyosat keyinchalik ham davlatchilikning asosiy mezonlaridan biriga aylangani haqidagi jonli xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbirda so‘z olgan taniqli olim va siyosatchilar ham o‘z ma’ruzalarida – barqarorlik va bag‘rikenglik vatanimizdagi umummiliy birdamlikni ta’minlashning garovi bo‘lib kelayotgani, hatto taraqqiy etgan aksariyat davlatlarda bemalol ishlatiladigan “kam sonli millatlar, “etnik ozchilik” kabi terminlarning O‘zbekistonda umuman qo‘llanilmasligi konstitutsiyaviy tartibda qonunan belgilab qo‘yilgani, bag‘rikenglik nafaqat ichki, balki tinchliksevar tashqi siyosatimizning ham asosini tashkil etayotgani, bugun O‘zbekistonda yashayotgan 130 dan ortiq turli millat millat va elat vakillarining tili va e’tiqodidan qat’iy nazar, teng huquqli, emin-erkin umrguzaronlik qilayotgani ham ana shu insonparvar siyosatning mahsuli ekani xususida fikrlarini bildirishdi.

Tadbirning badiiy qismida yangragan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova tomonidan – istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab ijro etilgan, Islom Karimovning o‘zi ham sevib tinglagan “Assalom, o‘zbegim!” hamda “Sog‘inch” qo‘shiqlari davraga o‘zgacha fayz va shukuh baxsh etdi. Mamlakatimizdagi ozarbayjon, qozoq va arman milliy madaniy markazlari a’zolari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar esa kechaga o‘zgacha tarovat va samimiyat ruhini hadya qildi.
Anjuman nihoyasida esa faol ishtirokchilar va doimiy hamkorlarga majmua nomidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari tuhfa etildi.
Darvoqe, tadbir o‘tgan Islom Karimov nomidagi kutubxona kiraverishida bu gal ham odatdagidek, fotoko‘rgazma tashkil etildi. Undagi suvratlar yaqin-yiroq yillardagi – Islom Karimov hamda barqarorlik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik mezonlari o‘rtasidagi samimiy bog‘liqlik, uzviylik haqida so‘zsiz hikoya qiladi.

Tadbir ishtirokchilari kutubxonada jahon miqyosidagi tarixiy shaxslar dastxatlari bitilgan noyob asarlar, qolaversa, 50 mingdan ortiq kitob va 30 mingdan ortiq jurnallardan iborat fondni ham ko‘zdan kechirishdi.
Bugungi tafsilotlarga xotima o‘rnida esa tadbir davomida bot-bot yangragan, har bir ishtirokchi ko‘nglidan kechgan mana bu fikrlarni keltirsak: Hali zamonlar osha necha-necha avlod almashar, tarix evrilar. Ammo o‘zbek degan millat, xalq bor ekan, uning xotirasida Islom Karimov siymosi – tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot rahnamosi, buyuk davlat arbobi sifatida qolaveradi.

F.Qurbonboyev va T.Qurbonboyev fotosuratlari