THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Ayolni ulug‘lamoq – Vatanni, hayotni ulug‘lamoq deganidir. Islom Karimov


07.03.2019

ONA, AYoL!.. Odamzot o‘zini taniganidan beri bu sirli va ajib xilqatga ta’rif va ta’bir topolgani yo‘q! Har bir qalb Muhabbat tuyg‘usini o‘zicha yangilagani kabi Ayolga nisbatan tavsiflar har safar yangilanaveradi. Lekin, hech qachon o‘zgarmaydigan bitta ilohiy haqiqat bor: Yaratgan egam Uni ONA degan yuksak maqom bilan siylagan. Bejiz Ona Vatan, Ona tabiat, Ona tili, Ona tuproq, deya uning muqaddas va muhtaramligiga alohida urg‘u berilmaydi. Ne-ne ulug‘ avliyo-yu piri komillar, alloma-yu donishmandlar ham Ayol sha’niga qiyos axtarib o‘tganlar.

 

Ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligi ham ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilangan. Ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish Sharq xalqlariga, jumladan, o‘zbek xalqiga xos xususiyatdir. Muborak hadisi sharifda keltirilgan “Jannat onalar oyog‘i ostidadur”, “Avval onangizga, yana onangizga, va yana onangizga, so‘ngra otangizga yaxshilik qiling”, degan benazir so‘zlarda ham ana shu adoqsiz ehtirom namoyon bo‘lib turibdi.

 

Millat ayollarni nechog‘lik ulug‘lasa, uning o‘zi ham shunchalik ulug‘lanadi. Xalqimizda “Er vaziri-xotin”, degan naql bor. Bu o‘rinda Ayol, o‘z jufti-halolining yaqin maslakdoshi, o‘z fikri va qarashlariga ega shaxs, yetakchiga yo‘l ko‘rsata olish qobiliyatiga ega oqila, orifa inson sifatida namoyon bo‘lmoqda.

 

Ta’kidlash joiz, Amir Temur hukmronligi yillarida ham ayollarning mavqei yuksak bo‘lgan.

Xon avlodiga mansub Saroymulkxonim haramdagi barcha malikalardan ulug‘rog‘i hisoblanib, “katta xonim” yoxud “Bibixonim” degan unvonga noil bo‘lgan.  Davlat va mamlakat idorasiga oid qurultoy, kengash ishlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashish huquqi bo‘lmagani holda Saroymulkxonim u yoki bu masala yuzasidan Amir Temurga yozma tarzda murojaat etish imkoniga ega shaxslardan biri bo‘lgan. Odatda xat bilan davlat boshlig‘iga murojaat etish huquqiga faqat chet ellik hukmdorlar ega ekanligini inobatga olsak, Saroymulkxonimning saroydagi mavqeyi naqadar baland bo‘lganligini idrok etish qiyin emas.

Ayolni, onani ardoqlash va qadrlash, hurmatini joyiga qo‘yishdan iborat Temur va Temuriy qadriyatlar mustaqillik yillarida yangicha mazmun bilan boyidi. Yurtimizda xotin-qizlarning davlatni boshqarish, ta’lim-tarbiya ishlari, tadbirkorlikda faol ishtirok etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berildi.

Fikrimizning yorqin tasdig‘ini Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakat xotin-qizlariga nisbatan munosabatida ham ko‘rish mumkin. Chorak asr davomida ayollarni qadrlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, davlat siyosati darajasida turgan ustuvor masala bo‘lib kelgan.

 

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng qabul qilingan qonunlarimizda ayollar huquqlariga inson huquqining alohida ajralmas qismi sifatida qarala boshlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida: «Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar»  deya e’tirof etilishi mamlakatimizda ayollar jamiyatning faol a’zosi sifatida barcha sohalarda keng qamrovli ishtirok etishining huquqiy kafolati belgilanganidan dalolat beradi. Shuningdek, davlatimiz inson huquqlari bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro hujjatlarga, jumladan, 1995 yili «Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi Konvensiyaga qo‘shilishi ham mamlakatimizda xotin-qizlar masalasiga jiddiy e’tibor berilganini ko‘rsatadi. 

1993 yil mart oyida Mustaqil O‘zbekistonning birinchi ordeni ta’sis etilgan va u bevosita ayollarning manfaati bilan bog‘liq, “Sog‘lom avlod uchun” ordenidir. 1995 yil mart oyida Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilinadi. Ushbu farmon asosida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga Bosh vazirning o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi raisining o‘rinbosari, Toshkent shahri va viloyatlar hamda tuman-shahar Xotin-qizlar qo‘mitalari raislariga hokim o‘rinbosari maqomi beriladi. Shu vaqtga qadar ayollarning jamiyatdagi o‘rni va maqomi bu qadar yuksak darajaga ko‘tarilishini hatto tasavvur ham qilib bo‘lmas edi. Bu yillar ayollarimiz uchun hech mubolag‘asiz uyg‘onish davri bo‘ldi.

 

1999 yil Birinchi Prezidentning farmoni bilan ayolni muqaddas bilish, unga alohida ehtirom ko‘rsatish, har tomonlama yetuk yoshlarni tarbiyalashdagi beqiyos o‘rnini yana bir bor e’tirof etish, ular orasidagi iqtidorli yoshlarning adabiyot, san’at, fan va madaniyatni rivojlantirishdagi yutuqlari, jamiyat hayotidagi faol ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilgan.

1999 yil “Ayollar yili”, 2000 yil “Sog‘lom avlod” yili, 2001 yil “Onalar va bolalar” yili, 2005 yil “Sihat-salomatlik yili”, 2012 yil “Mustahkam oila yili”, 2013 yil “Obod turmush yili” deb e’lon qilinishida va shu munosabat bilan amalga oshirilgan ezgu ishlar, tadbirlar zamirida ham ayolga hurmat, ehtirom, jismoniy kamoloti xususida fikrlash, qayg‘urish hissi mujassamligi yaqqol namoyon bo‘ldi.

 

Mamlakatning siyosiy hayotida, davlat va jamiyat boshqaruvida, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida, madaniyat, ilmu – fan, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, sport kabi ijtimoiy sohalarda ayollarning o‘rni va roli ortib borganini kuzatish mumkin.

Yaqinda e’lon qilingan dunyo parlamentlaridagi ayollar reytingida O‘zbekiston, 193 mamlakat ichida, milliy parlamentdagi ayollar soni bo‘yicha 126 pog‘onada qayd etilgan. Ma’lumotlar 2015 yil ko‘rsatkichlariga asoslangan bo‘lib, o‘sha yili Oliy Majlis deputatlarining 100 nafaridan 17 nafari (17%) ayollar bo‘lgan.

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman lavozimiga hamda Parlamentning Qonun chiqaruvchi palatasi Spikeri lavozimiga ayol kishining nomzodi loyiq, deb topilgani ham ko‘p narsani anglatadi. Barchamizga g‘urur bag‘ishlaydigan yana bir ko‘rsatkich, O‘zbekiston Qahramonlari orasida 15 nafari ayollardir. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Islom Karimovning ayollarga nisbatan hurmat va e’tiborini har qadamda kuzatish mumkin edi.

 

Oila va ayolning ijtimoiy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishga ta’siri haqida Islom Karimov shunday degan edi: «Xalqimiz tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, eng qimmatli an’analar: halollik, rostgo‘ylik, or-nomus, sharmu hayo, mehru oqibat, mehnatsevarlik kabi barcha insoniy fazilatlar eng avvalo oilada shakllangan. Oila haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, ko‘z o‘ngimizda Ona siymosi shakllanadi. Nima deganda oila muqaddasligini ta’minlovchi birinchi omil – Ona, ahli ayolning pokizaligi, oqilaligi, mehru muruvvati, sadoqati va vafodorligidir».

Mamlakatimizning Bosh maydoni – Mustaqillik maydonida o‘rnatilgan Motamsaro ona hamda Baxtiyor ona haykallari poyida nafaqat hamyurtlarimiz, balki dunyoning turli davlatlaridan kelgan yuqori martabali mehmonlar ta’zim ila bosh egadilar. O‘zbek ayoli timsolida O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiga cheksiz hurmat ifodasidir. Vatan himoyachilariga o‘rnatilgan haykalning to‘ridan ham oq fotihaga qo‘l ochgan Ona siymosi o‘rin egallagan. Bunday ezgu g‘oyalarning barchasi Birinchi Prezidentimizning taklif va tavsiyalari asosida yaratilgan.

 

Ayolning insoniy qadrini joy-joyiga qo‘yish, uni ulug‘lash, so‘zsiz aql-idrok tantana qilgan, inson o‘zligini va jamiyatning inson oldidagi javobgarligini chuqur tushungan yurtdagina amalga oshirilishi mumkin. Ayol qadri ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topmas ekan, ayol jamiyatning erkinlik, osoyishtalik mezoniga aylanmas ekan, bu jamiyatda barqarorlik, bunyodkorlik hukmronlik qilishi mumkin emas. Islom Karimov butun umri davomida ayollarga nisbatan munosabatda ayni shu tamoyilga tayanib yashagan.

 

Shu o‘rinda bir hikmatli so‘zni keltirib o‘tish joiz, Erkakning mangulik o‘lchovi mingta. Davlat, shuhrat, unvon, mansab… Ayolning o‘lchovi esa bitta, u ham bo‘lsa farzandlaridir. Farzandni dunyoga keltirguncha ayol jon bilan talashib, ne bir aziyat bilan uni bag‘riga bosadi. Balki shu bois ham bolasi uchun o‘zidan kechishga ham tayyor. 

 

Shu bois, ayol allasini o‘ziga xos millat madhiyasi deyishga haqlimiz. Chunki bunda Vatanni o‘ziga jam qilgan onaning orzusi, uning javobgarligi, uning mehri jo‘sh urib turadi.

Mushohadalarimizni Prezident Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlari bilan yakunlamoqni o‘rinli deb bildik: “Onani, ayolni rozi qilsak, xalq bizdan rozi bo‘ladi...”.

Farxod Kurbonboyev olgan suratlar