THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

AYOLINI E’ZOZLAGAN EL


06.03.2026

Bu dunyoda ayol zotiga qasida bitgan, uning siymosini suvratu haykallarga muhrlagan xalqlar ko’p bo’lishi mumkin. Bu ro’yi zaminda ayol sha’nini asrab, uni pinhon nazarlardan ihota qilgan millatlar ham mo’l bo’lmog’i tabiiy. Va nihoyat, zamonaviy zabonga ag’darganda, “gender tengligi” atalmish tutumlar etovida, azbaroyi zamon zayli bois, ayoldan sarkor saylagan davlatlar ham kam emas. Lekin...

Ayolni, onadek mo’’tabar zotni – o‘z hurligining timsoliga, bosh ramziga aylantirgan, bu bilan ONA atalmish mehvarni boshiga toj qilgan millat – aynan o‘zbek xalqi, O‘zbekiston bo’ladi. Bu tutum aynan mustaqillik yillaridan boshlangan, demoq sal noo’ng’ay, chunki buyuk tariximiz aro – To’marislar, Turkon xotunlar, Bibixonimu Gulbadanbegimlar, Zebunniso-yu Gavharshodbegimlar, Nodirai davronu Uvaysiylar o’tgan. Ammo xotin-qizlarga g’amxo’rlik va e’tiborni – davlat siyosati darajasiga ko’tarib, taraqqiyotning bosh tamoyillaridan biriga aylantirish – aynan mustaqillik bilan, aynan uning asoschisi, Islom Karimov nomi bilan bog’liq.

Faoliyati davomida “Ayol – tabiatning mo’’jizasi” deya mehr ila ta’riflashdan charchamagan Birinchi Prezident hatto umri poyonida, 2016 yilda ham mamlakat xotin-qizlariga yo’llagan tabrigida – “Yurtimizning keksayu yosh barcha-barcha erkak zoti, mard o’g’lonlari haqiqatan ham Yaratganning mo’’jizasi bo’lmish ayol siymosi oldida, avvalambor, mehribon onalarimiz oldida bosh egib, ta’zim bajo keltiramiz”, deya o‘z tuyg’usini yashirib o’tirmagan, onasini eslaganda, ko‘ziga yosh olgan jo’mard inson edi.

Bu haqiqatni Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurgan mehmonlar – mustaqillikning ilk va keyingi yillarida Respublika xotin-qizlar qo’mitasini boshqargan – Dilbar G‘ulomova hamda Svetlana Inomovalar qayta-qayta e’tirof etishdi. Majmua Homiylik kengashi a’zosi Tatyana Karimova mehmonlarni qutlarkan, ularning aynan 8 mart bayrami arafasida majmuaga tashrif buyurishganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no borligidan mamnunligini yashirmadi.

1995-2004 yillarda Bosh vazir o’rinbosari – Respublika Xotin-qizlar qo’mitasi raisi lavozimida ishlagan Dilbar G‘ulomova Birinchi Prezidentning ayollarga g’amxo’rlikni davlat siyosati darajasiga ko’targani to’g’risida to’lqinlanib so‘z yuritarkan, jumladan, shunday dedi:

“Ochig’i, Islom Abdug’anievich Respublika rahbarligiga kelgunga qadar ham hududlarda xotin-qizlar qo’mitalari jamoatchilik asosida faoliyat yuritar, ammo ularning rahbarlari maosh olmay ishlashardi. Birinchi Prezidentimizning ayollar siyosatiga bergan yuksak e’tiborini birgina misol bilan tushuntirishim mumkinki, u kishi qo’mitani hukumat tarkibiga kiritibgina qolmasdan, uning rahbariga – mamlakat bo’ylab so‘zi o’tsin, deya, Bosh vazir o’rinbosari maqomini berdi. Bundan tashqari, butun boshli yillarni – “Oila yili”, “Ayollar yili”, “Sog’lom avlod yili”, “Onalar va bolalar yili”, “Sog’lom ona va bola yili” kabi va boshqa nomlar bilan atab, maxsus Davlat dasturlari qabul qilindi, milliardlab mablag’lar ajratildi. Bularning hammasi – ayol sha’ni, uning maqomi va e’zozi uchun bo’lgan”.

Mehmon mamlakatda sohani boshqargan yillarida xotin-qizlar masalasiga bag’ishlab, xorij davlatlarida o’tgan ko’plab xalqaro anjumanlarda ishtirok etganini xotirlarkan, ularning aksariyatida O‘zbekistondagi bu siyosat hayrat va olqishlarga sazovor bo’lganini ajib bir orziqish ila esladi.

“Adashmasam, ikki minginchi yillarning boshida, BMTning ayollarga bag’ishlangan anjumanida ishtirok etganimda, ma’ruzam davomida – 1999 yilda O‘zbekistonda iqtidorli yosh qizlarimiz uchun alohida, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilgani haqida aytganimda, zaldagilar hayrat va havas bilan xitob qilib yuborishgan edi. Bu mukofot tarixi to’g’risida to’xtaladigan bo’lsam, uni biz dastlab shunchaki rag’batlantirish tanlovi tariqasida, tarixda o’tgan ulug’ ayollarimiz nomi bilan ataladigan jamoatchilik mukofoti, deya Prezidentga taklif kiritganmiz. Mukofotni o‘zbek xalqining ulug’ vakilasi Zulfiyaxonim nomi bilan atash ham, uni “davlat mukofoti” darajasiga olib chiqish taklifi ham, mukofot evaziga beriladigan imtiyozlar ham – Birinchi Prezidentimizdan chiqqan edi, – deya xotirlaydi mehmon.

Muloqot davomida o’tgan yillarning ko’p xotiralari yodga olindi, talay odamlar eslandi. Va yana e’tirof etildiki, istiqlolning ilk yillaridan boshlangan – ayol zotini ulug’lab, e’zozlash siyosati bugungi kunda ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Zulfiya mukofotining o‘zini olsak ham, 2018 yildan boshlab u avvalgidek – har bir viloyatdan bittadan emas, ikkitadan – ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari sohalari va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli xotin-qizlarga beriladigan bo’ldi.

Bu yilgi bayram arafasida ham 28 nafar faol qizlarimizga Zulfiya mukofoti taqdim etilganidan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 3 mart kungi Farmoni bilan – Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo’lida alohida tashabbus va ibrat ko’rsatib kelayotgan, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga katta hissa qo’shayotgan bir guruh xotin-qizlarimiz – davlatimizning faxriy unvonlariga, orden va medallariga sazovor bo’lishdi.

Biz esa o‘z navbatida mo’’tabar onaxonlarimiz, munis opa-singillarimizni bahorning ilk ayomi – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan, yurak-yurakdan samimiy qutlaymiz. Zero, ayol ta’rifini shoirdan orttirib aytmoq mushkul:

“Ayolni sev, ostonasin o’p,

Qasr qurma, ko’nglini so’ra –

Balo kelsa, turib beradi.

Ayolni sev, o’laman, degin,

Ishq yaratgan parvardigordan –

Senga umr tilab beradi...”

F.Qurbonboev va T.Qurbonboev fotosuratlari