THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

AXBOROT BYULLЕTЕNINING YANGI SONI


04.02.2025

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti tavalludining 87 yilligi nishonlangan 30 yanvar arafasida – Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy majmua tomonidan nashr etiladigan “Meros va hozirgi zamon” (“Naslediye i sovremennost”, “Heritage and modernity”) axborot byulletenining yangi soni bosmadan chiqdi.

Majmua Vasiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezident rafiqasi Tatyana Karimova hamda tashkilot rahbari Temur Shirinovlar maqolalari bilan boshlangan byulletenda – majmua tomonidan o‘tgan 2024 yilning ikkinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar ma’lumotlaridan tashqari, Islom Karimov hayoti va faoliyati haqidagi samimiy esdaliklar, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar, qolaversa, 2024 yil so‘nggi choragida mamlakatda o‘tgan parlament saylovlari munosabati bilan, mustaqillik yillaridagi saylov qonunchiligi hamda amaliyoti bo‘yicha amalga oshirilgan ulkan miqyosli islohotlar to‘g‘risidagi chiqishlarga keng o‘rin berilgan.

 

 

Jumladan, Tatyana Karimovaning “Ustuvor vazifa – jamiyat rivoji” maqolasida shunday fikrlar bor: “Dunyo miqyosida olganda ham, tarixi, madaniyati, mentaliteti, urf-odatlari, milliy tarkibi-yu diniy e’tiqodlari va boshqa jihatlari bilan tubdan farqlanadigan mamlakatlarning barchasiga mos bo‘lgan demokratiyani barpo etishning yagona usuli yo‘q. O‘rganish, izlanish – islohotlar jarayonlarining o‘zida sodir bo‘ladi, u esa tahlil va mushkulotlar bilan kechmog‘i tabiiy. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir galgi chiqishida, “Ko‘pchilik demokratiyani turlicha talqin qiladi. Men uchun demokratiya – xalqimiz tinchligi, farovonligi, teng huquqliligi”, – deya ta’kidlagan edi”.

Majmua rahbari Temur Shirinovning “Tarix – xalq ma’naviyatining asosi” nomli maqolasidagi mana bu mulohazalar esa yuqoridagi fikrlarning go‘yo mantiqiy davomidek yangraydi: “Xalqimiz, millatimiz mana shunday olamshumul yutuqlardan g‘ururlansa arziydi. Shonli tarix xalqimizga milliy g‘urur hissini beradi. Ota-bobolaridan qolgan tarixdan g‘ururlanish uchun, shu hissiyotlarni uyg‘ota oladigan tariximiz millat ongiga maktab yoshidan singdirilmog‘i lozim. Shuning uchun  tariximizning ushbu davrlari chuqur, ko‘tarinki ruhda, hatto lozim bo‘lsa, bo‘rttirib o‘qitilishi kerak. Buning uchun tarix darsliklari isloh qilinishi darkor”.

Nashrning an’anaviy “Yodi hamisha yodda” ruknida filologiya fanlari doktori Beruniy Alimovning “Islom Karimov faoliyati – O‘zbekiston imijida”, “Oltin meros” xalqaro xayriya fondi raisi, taniqli jurnalist Amirqul Karimovning “Men bilgan Islom Karimov”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farrux Rasulovning “Islom Karimov maqbarasi yonidagi o‘ylar” nomli xotiralari, shuningdek, O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjonning “Ko‘nglimdadur” she’ri o‘rin olgan.

“Talqin va tadqiqotlar” rukni orqali esa olimlar – yuridik fanlar doktori Foziljon Otaxonov, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari Oybek Abdimo‘minov va Hamro Rahmonovlarning – huquqshunoslik, tarix, ma’naviyat asoslari borasidagi ilmiy tadqiqotlari bo‘yicha maqolalariga o‘rin berilgan.

Axborot byulletenining salmoqli qismini tashkil etgan “Majmua hayotidan lahzalar” bo‘limidagi maqolalar orqali esa, odatdagidek, ilmiy-ma’rifiy majmuaning o‘tgan – 2024 yil ikkinchi yarmida amalga oshirilgan keng qamrovli faoliyati bilan tanishishingiz mumkin.

Xulosa qilib aytganda, avval hech qayerda chop etilmagan fotoarxivdan keng foydalanilgan, tabiiyki, mualliflari boshqa manbalarda o‘rtoqlashmagan xotiralar o‘rin olgan mazkur nashr bilan tanishgan mushtariy – Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy majmuaning faol tus olayotgan kundalik hayoti haqidagi to‘liq va obyektiv tasavvurga ega bo‘lishi shak-shubhasizdir.

T.Qurbonboyev fotosuratlari