THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

«Sen ham bizni sog‘indingmi…»


22.03.2018

Xalq shoiri Abdulla Oripovning she’ridagi «Sensiz men ham bahor ham g‘arib, sen bahorni sog‘inmadingmi» kabi satrlar ayni Navro‘zga qarata murojaat qilib yozilganini bugun yodga olish o‘rinlidir. Navro‘zni nishonlash tugul bir paytlari bu ayyom haqida yozish ham mushkul bo‘lganini yoshi ulug‘lar yaxshi biladi.

Biz Navro‘z oldida ko‘p yillar qarzdor bo‘lib yashadik. Tug‘ri uni odamlar o‘zi bilganicha bahoriy taomlar bilan qarshi olib, mana Navro‘z keldi, bahor ham kirib keldi deya quvonganlarini inkor etib bo‘lmaydi. Lekin, eng oliy insoniy qadriyatlar, milliy an’analarni o‘zida mujassam etgan ayyomni o‘zgacha tarzda, uning o‘rni va ahamiyati, maqomiga mos tarzda nishonlashni tasavvur ham qila olmasdik.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning qat’iyati, shijoati tufayligina Navro‘z yurtimizga, xalqimizga qaytarildi.

1990 yili Sobiq Ittifoq respublikalari ichida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda Navro‘z umumxalq bayrami va dam olish kuni deb e’lon qilinishi tom ma’noda jasoratga teng qaror bo‘lganini tan olish kerak. Bunday qadamni faqat o‘z yurtining fidoiysi, faqat o‘z xalqining chin rahnamosigina qo‘yishi mumkin edi. Tarixiy qarorning, o‘ta xalqchil g‘oyaning muallifi Islom Karimov uchun bu nihoyatda muhim va o‘ta zarur qadam edi. O‘zligimizni anglash, tarixiy haqiqatni tiklash, O‘zbekistonda tinchlik, barqarorlik, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni saqlashda Navro‘z kabi qadriyatlarning kuchi va ta’sirini bu inson juda chuqur bilgan va bu sanani munosib nishonlanishi uchun bor imkoniyatlarni ishga solgan. Davlatni-davlat, xalqni-xalq, millatni-millat sifatida tan olish uchun ularning nomigina kifoya qilmaydi. Buyuk tarixi, benazir madaniyati, ulug‘ ajdodlari, uchmas qadriyatlari bilangina davlat va xalq dunyo miqyosida hurmat qozonishi mumkin. Islom

Karimov ko‘plab asarlarida bu haqda alohida to‘xtalgan. Amalda ham, Birinchi Prezidentimiz bu boradagi o‘z qarashlarini qat’iy va prinsipial tarzda himoya qilardi.

Istiqlolning dastlabki yillaridanoq Navro‘z ayyomi eng ulug‘, eng aziz bayramimiz Mustaqillik kuni kabi qadrli sanalardan biri sifatida nishonlana boshladi.

Yorug‘ niyatlar bilan boshlangan ezgu amallar zoye ketmadi. 2009 yili Navro‘z insoniyatning madaniy merosi sifatida YuNESKO tashkilotining reprezentativ ruyxatiga kiritildi. 2010 yilda esa, Birlashgan Millatlar tashkiloti tomonidan 21 mart Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon kilindi.

Islom Karimovning tashabbusi xalqaro miqyosda tan olindi.

Eng muhimi, sog‘inganimiz Navro‘z xalqimizning bag‘riga qaytib, uning ardog‘ida bo‘lgan, barchamiz jonu-dilimiz bilan nishonlaydigan bayramga aylandi.

Chunki Navro‘zda gina-qudratlar unutiladi, ko‘ngillar yaxshilikka, qo‘llar sahovatga intiladi, keksalarga hurmat, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatiladi. Umuman xalqimizga xos bo‘lgan eng go‘zal fazilatlar o‘zini to‘liq namoyon etadigan kundir bu kun.

Bugunga kelib Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sa’yi-harakatlari bilan Navro‘z ayyomining nishonlanishi mazmunan va shaklan, yanada boyitildi. Rasmiyatchilikdan xoli xalq sayillarining qamrovi kengayib, milliy udum va an’analarimizning yangi-yangi qirralarini o‘zida namoyon etayotgan tadbirlar odamlarga olam-olam quvonch bag‘ishlamoqda.