THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Buyuk insonga yuksak ehtirom ramzi


14.12.2017

2 sentabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning haykali tantanali ochildi. Ushbu marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ishtirok etishi va nutq so‘zlashi barcha samarqandliklarni to‘lqinlantirib yubordi.

Давлатимиз rahbari ta’kidlaganidek, Birinchi Prezidentimiz butun O‘zbekistonimiz kabi, uning bebaho gavhari bo‘lgan Samarqand zaminini farzandlik mehri bilan chin dildan sevar edi. Samarqandni dunyodagi eng go‘zal shaharlardan biriga, haqiqatan ham yer yuzining sayqaliga aylantirish yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirdi.

– Qariyb uch ming yillik tarixga ega Samarqand o‘z o‘tmishi davomida ko‘p voqealarga guvoh bo‘lgan, vayrongarchilik va bunyodkorliklarni boshidan kechirgan, – deydi "Nuroniy" jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi H.Normurodov. – Ayniqsa, sohibqiron Amir Temur davrida Samarqand nafaqat qudratli davlat poytaxti, balki ilm-fan, madaniyat markazi sifatida dunyo miqyosida dovruq qozondi. Temuriylardan so‘ng bu shahar boshiga yana ko‘p kulfatlar tushgan bo‘lsa-da oradan olti asr o‘tib shu zaminning asl farzandi, buyuk bunyodkor Islom Karimov Samarqandning shuhratini olamga yoydi. Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillaridanoq shaharda misli ko‘rilmagan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari boshlandi. Bunday sa’y-harakatlar avvalo, sobiq mustabid tuzum davrida xalqimiz qalbidan xotirasini o‘chirishga urinilgan sohibqiron Amir Temur nomini ulug‘lash, buyuk ajdodimiz xotirasini sha’nu shavkatiga munosib tarzda o‘z o‘rniga qo‘yish bilan boshlandi. Odamlar ko‘zidan yashirish maqsadida past-baland bino va inshootlar orasida qolib ketgan Amir Temur maqbarasi atrofi obod  этилиб, ko‘rkam xiyobon tashkil etildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning g‘oya va tashabbuslari asosida sohibqiron bobomizning ulug‘vor siymosi aks etgan haykali yaratilib, o‘zi bunyod etgan obidalarga mamnun boqib turgandek o‘rnatildi. Ulug‘ Yurtboshimiz Registon maydoni atrofi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda yodgorlik majmui, Imom Moturudiy, Hazrati Xizr ziyoratgohlari va shaharning boshqa hududlarida ham bunday bunyodkorlik ishlariga bosh-qosh bo‘ldilar. Bugun Registon maydoni yonida, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan xonadon yaqinida u kishiga o‘rnatilgan haykalga qarab, Islom Karimov ham o‘z ona-shaharini yanada obod qilib, bag‘rikeng va bunyodkor xalqimizga buyuk kelajakni yaratishda ruhiy madad berib turgandek, ko‘rindi ko‘zimga.

Буюк Yurtboshimizning siymosi aks etgan haykal o‘rnatilganidan buyon bu yer yurtdoshlarimiz, xorijlik mehmonlar bilan gavjum. Ular Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib, ulug‘ inson xotirasiga hurmat-ehtiromini ifoda etmoqda.

– Ushbu maskanni ziyorat qilish, Birinchi Prezidentimizni yod etish uchun bu yerga keldik, – deydi Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida yashovchi Xolboy Mardayev. – Dunyoga mashhur Registon maydoniga munosib, ulug‘vor haykal bunyod etilibdi. Buyuk yo‘lboshchimiz haykali poyi gullarga to‘lib ketgani, bu yerdan kishilar qadam uzilmayotgani xalqimizning u kishiga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati, hurmat-ehtiromi ifodasidir. Oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin bugungi va kelajak avlodlar Islom Karimovni O‘zbekiston deb atalmish mustaqil davlatning asoschisi, xalqimizni yorug‘ kunlarga boshlagan buyuk yetakchi, uzoqni ko‘ra biladigan siyosatchi sifatida yod etadi. Bizning qalbimizda bugun ana shunday o‘ylar, his-tuyg‘ular kechmoqda.

– Haykalning ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev biz – hammamiz, egallab turgan vazifamiz, kasbimizdan qat’i nazar, o‘zimiz faoliyat ko‘rsatayotgan sohada Vatanimizga, xalqimizga, Birinchi Prezidentimizga doimo munosib bo‘lishimiz kerak, deb ta’kidladilar, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati bo‘limi faoli Farangiz Xudoyorova. – Bu fikrlar, ayniqsa, biz – yoshlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki, Birinchi Prezidentimiz bizni o‘z farzandlarim, der edilar, bizning hech kimdan kam bo‘lmasligimiz uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratib, marrani baland olib yashashga da’vat etardilar. Farzandlar ota-onalari ishonchini oqlash, ular sha’nini himoya qilishga intilishlari kabi biz ham Islom Karimov farzandlari degan nomga munosib bo‘lishimiz, u kishi boshlagan ishlarni davom ettirishimiz va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ishonchlarini oqlashimiz lozim.
 

G‘olib Hasanov