THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Islom Karimovga bag‘ishlangan markalar to‘plami chiqarildi


05.02.2018

Islom Karimovning 80 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Birinchi Prezidentimizning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus pochta markalari to‘plamiga ega klyasser, ya’ni markalardan iborat albom chiqarildi. Markalar 2018 yil 30 yanvarda muomalaga kiritilgan.    

To‘plamni yaratish ustida “O‘zbekiston markasi” mutaxassislari 30 ta turli vazirlik va idoralar xodimlari bilan birga ishlashdi. Ijodiy guruh loyiha uchun mamlakatimiz tarixining muhim onlarini ochib beruvchi fotosuratlarni tanlab oldi. 

“O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati ma’lum qilishicha, arxiv suratlarini to‘plashda Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova katta yordam ko‘rsatdi. Shuningdek, fotograflar F.Qurbonboyev va R.Sharipov ham o‘zlari tushirgan suratlarini taqdim qilishdi.

Klyasser 14 markadan iborat kichik sahifa va 64 ta pochta markasidan iborat 32 ta zanjirdan iborat. Kichik sahifa o‘rtasida Islom Karimovning 2011 yil avgust oyida Samarqandda “Sharq taronalari” festivali ochilishi vaqtidagi fotosurati joylashtirilgan. Marka zanjirlari esa Oqsaroy hududida Islom Karimovga o‘rnatilgan haykal tasvirlangan yagona oraliq kuponga ega.        

Klyasserda markalarga izohlar ham kiritilgan.