2018 yil 16 fevral kuni Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida “Mustaqillik yillarida barkamol avlod tarbiyasi” mavzuida ilmiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda Birinchi Prezidentimizning safdoshlari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, talabalari va o‘quvchilari, taniqli olimlar, mutaxassislar, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sovrindorlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilari O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti haykali poyiga gullar qo‘yib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirishdi, so‘ngra Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Butun olamni jo qilgan yurak” nomli badiiy ko‘rgazma bilan tanishdilar.
So‘zga chiqqanlar Birinchi Prezidentimizning “Kuch – bilim va tafakkurda” degan hikmatli so‘zlarining ahamiyati, yoshlarga alohida e’tibor, mustaqillik yillarida ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, oilani mustahkamlash, mamlakatimiz kelajagi bo‘lmish farzandlarimizni barkamol etib tarbiyalashda ma’naviy va ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar mazmun-mohiyati haqida fikr yuritdilar, barkamol avlod tarbiyasining tashkiliy-huquqiy asoslarini shakllantirishda Islom Karimovning xizmatlariga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Bugungi kunda ham yoshlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar yoshlarning ta’lim-tarbiyasida yangi bosqichdagi islohotlarning huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilayotgani, jumladan oila institutini, shuning barobarida barkamol avlod tarbiyasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, er-xotin, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” konseptual g‘oyasini keng targ‘ib etish va jamiyatimizga singdirish jarayonlari amalga oshirilayotgani hayotiy misollar orqali ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbir ishtirokchilariga “Mustaqillik me’mori” nomli hujjatli film namoyish etildi.
Mazkur tadbir uchrashuv - ochiq mashg‘ulot tarzida o‘tib, qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi va yoshlarni barkamol bo‘lib voyaga yetishga, yurt tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilishga undaydi.