THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

4-may kuni Islom Karimov nomidagi Yodgorlik majmuasida «Xotira va qadrlash» kuniga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.


04.05.2018

"Ajdodlarni xotirlash-muqaddas qadriyat" mavzuidagi uchrashuv O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashabbusi bilan tashkil etildi.

Yodgorlik majmuasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Asadjon Xodjayev o‘zining kirish so‘zida ajdodlarning xotirasiga hurmat millatimizning eng muqaddas qadriyatlaridan biri ekanligini ta’kidlab, xotira xalqimizga ertangi kunini, istiqbolini aniq ko‘rish, kelajagini to‘g‘ri tasavvur qilish uchun kerakligi xususida so‘z yuritdi.

Mavzudan kelib chiqib, davra suhbati O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yorqin xotirasiga bag‘ishlandi.

Tadbirda ko‘p yillar Islom Karimovning yordamchisi lavozimida ishlagan, yaqin safdoshi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining mas’ul xodimi Georgiy Kraynov, Birinchi Prezidentning Matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritgan, Oliy Majlis deputati Azamat Ziyo, Imom Termiziy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi faollari, Oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari va talabalar, Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasi sovrindorlari ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqanlar Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini qo‘lga kiritish va mustahkamlash, tarixiy merosimizni, milliy qadriyatlarni, buyuk ajdodlarimizning nomlarini, ma’naviyatimiz, madaniyatimizni qayta tiklash yo‘lidagi sa’yi-harakatlarini yuqori baholadilar.

Davra suhbatida Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab tayyorlangan hujjatli film namoyish etildi.

Tadbir ishtirokchilari Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirib, uning haykali poyiga gulchambar qo‘ydilar va «Butun olamni jo etgan yurak» ko‘rgazmasini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.