THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Yodgorlik majmuasi tashkil etilganligiga bir yil bo`ldi


25.04.2018

25 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etilganiga roppa-rosa bir yil to‘ldi.

                   

Hech bir mubolag‘asiz ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha qabul qilingan mazkur qaror mazmun va mohiyati jihatidan sobiq ittifoq davlatlari amaliyotida kuzatilmagan, misli ko‘rilmagan qadam bo‘ldi. Ya’ni, mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida” maqomiga ega maxsus davlat tuzilmasi tashkil etildi.

   

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra, mazkur tuzilma faqat muzey sifatidagina emas, balki erkin fuqarolik jamiyati va bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik davlatni barpo etgan buyuk shaxs Islom Karimovning hayoti, serqirra faoliyati va boy merosini o‘rganish ishlarini tizimli asosda davom ettiradigan, ma’rifiy-ma’naviy, ilmiy yo‘nalishda tegishli izlanishlar olib boradigan tashkilot sifatida faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

   

Eng muhimi, mazkur qarorga asosan, yodgorlik majmuasi Islom Abdug‘aniyevich Karimov uzoq yillar ishlagan, umrining asosiy qismini o‘tkazgan maskan “Oqsaroy” qarorgohida joylashtirildi. Bu yerda ish boshlaydigan muzeydagi eksponatlardan tortib, xona va ish kabinetlari, bino atrofidagi shinam va fayzli bog‘u xiyobonlarni asl holicha qoldirish imkoniyati yaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Islom Karimov nomidagi maqbaraning tantanali ochilish marosimida o‘zbek xalqining asriy an’analari, milliy udumlari, eng oliy insoniy xislatlarni ardoqlagan holda shunday degan edi:

   

“Biz o‘zgalarga qaram bo‘lib yashagan mustabid tuzum davrida butun ongli hayotini el-yurt ravnaqiga bag‘ishlagan insonlar, avvalo, respublikamiz rahbarlari xotirasiga, afsuski, munosib izzat-ikrom ko‘rsatilmadi. Buning o‘rniga ularning sha’niga turli tuhmat va bo‘htonlar yog‘dirilganini keksa avlod vakillari, muhtaram faxriylarimiz hozirgacha afsuslanib eslaydilar.

Odamiylikni, inson xotirasini hamisha aziz va muqaddas deb biladigan bizning xalqimiz bunday adolatsiz ishlarni aslo qabul qilmaydi. Yurtimizda bunday noma’qul ishlarga endi hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi”.

   

O‘tgan bir yil davomida Yodgorlik majmuasi tomonidan nizomda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha katta hajmda ishlar amalga oshirildi.

Salmoqli foto va videomateriallar arxivi tashkil etildi, Islom Karimov hayoti va faoliyati bilan bog‘liq buyum va ashyolar to‘plami ro‘yxatdan o‘tkazilib tartibga keltirildi. Bularning barchasi eksponatlar sifatida kelgusida muzey zallarini boyitib turadi.

   

“Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi. Unda 900 ga yaqin yurtimiz va xorijiy davlatlarning fuqarolari ishtirok etdilar. G‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi shu yilning 28 mart kuni O‘zbek Milliy drama teatrida o‘tkazildi.

Yodgorlik majmuasi hududida Islom Karimovning 80 yilligiga bag‘ishlangan “Butun olamni jo etgan yurak” ko‘rgazmasi yurtdoshlarimiz va xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu kunga qadar ko‘rgazmaga 80 ming nafardan ortiq mehmonlar tashrif buyurdilar.

   

Faxriy mehmonlar kitobida qoldirilgan dastxatlarda O‘zbekistonning Birinchi Prezidentiga nisbatan cheksiz hurmat va ehtirom ifoda etilgan.

“Xalq o‘z tarixini bilishi kerak. O‘zbekiston tarixi esa, boy va betakrordir. Benazir asori atiqalar, benazir madaniy-ma’naviy boyliklar, buyuk allomalar, Amir Temur, Islom Karimov kabi tarixiy shaxslar bilan har qancha faxrlansa arziydi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga xotiraga nisbatan bunday e’tibor va e’zoz uchun, bu yo‘ldagi tashabbuslar va amaliy ishlar uchun minnatdorlik bildiramiz”- deyiladi ko‘plab esdalik dastxatlarida.

      

Bir oyda ikki marta Majmuadagi konferensiyalar zalida Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan turli mavzudagi an’anaviy ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.

Tadbirlarda taniqli olim va yozuvchilar, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, Islom Karimovni yaqindan bilgan turli kasb egalari, talaba yoshlar ishtirok etmoqda.

       

13 aprel kuni Samarqand shahrida katta muvaffaqiyat bilan “Islom Karimov – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoschisi” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Mamlakatimiz Birinchi Prezidentining serqirra faoliyatini chuqur o‘rganish bo‘yicha izlanishlar davom etmoqda.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni ko‘rib “O‘zbekiston-kelajagi buyuk, istiqboli porloq davlat” ekanligiga ishonchimiz yanada ortadi.

Zero, ajdodlar xotirasi e’zozda bo‘lgan yurtning xalqi hech qachon kam bo‘lmaydi.

 

Umid Azizov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi

xalqaro bo‘lim mudiri