“Har qanday davlatning yuzi va obro‘-e'tibori – uning
Konstitutsiyasidir. Zotan, Konstitutsiya davlatni davlat,
millatni esa millat sifatida dunyoga tanitadigan
Qobusnomadir”.
Islom Karimov
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 33 yil to‘ldi. Mazkur sana munosabati bilan respublikamizning barcha hududlari, ta'lim muassasalari, davlat tashkilotlarida bayram tantanalari, ilmiy-ma'rifiy uchrashuvlar, anjumanlar bo‘lib o‘tmoqda.
Mustaqillikni ifodalovchi asosiy hujjatlardan biri – O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi uchun (“Konstitutsiya” so‘zi lot. “constitutio” so‘zidan olingan bo‘lib, “o‘rnatish, tuzilish” ma'nolarini bildiradi) “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi Qonuni asos bo‘lib xizmat qilgan. Takidlash lozimki, O‘zbekiston hududida 1918 va 1920 yillari Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (Turkiston ASSR)ning, 1920-21 yillarda Xorazm va Buxoro Xalq Respublikalarining, 1927, 1937 va 1978 yillarda O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi (O‘zbekiston SSR)ning Konstitutsiyalari qabul qilingan. Lekin bu Konstitutsiyalar mamlakatimiz xalqini o‘z hududini o‘zi erkin va demokratik tamoyillar asosida boshqarish, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqlarini bermagan edi. Ular Sovet Ittifoqi markazining ko‘rsatmasi bilan yozilgan va Ittifoq Konstitutsiyasidan ko‘chirib olingan edi.
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining ikkinchi sessiyasida “Mustaqillik deklaratsiyasi” qabul qilingan. Xuddi o‘sha sessiyada ilk marotaba O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasini yaratish g‘oyasi ilgari surilgan va Birinchi Prezident Islom Karimov raisligida 64 kishidan iborat konstitutsiyaviy komissiyani tuzish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan. Ushbu komissiya bir necha oy davomida jahondagi eng rivojlangan davlatlar konstitutsiyalarini o‘rganib, mustaqil O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi loyihasini yaratdi. Komissiya tomonidan ishlab chiqilgan Konstitutsiya loyihasi birinchi marotaba 1992 yil 26 sentyabrda, ikkinchi marotaba 21 noyabrda umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e'lon qilindi. Konstitutsiya loyihasi yuzasidan tushgan va bildirilgan barcha taklif, mulohaza va istaklar o‘rganib chiqildi, ulardagi ijobiy takliflar inobatga olindi.
Shu tariqa yangi Konstitutsiya ustida maxsus komissiya tomonidan deyarli ikki yil ish olib borildi. Ungacha 1991 yil 31 avgustda qabul qilingan, 17 moddadan iborat “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida” Qonunga 1991 yil 30 sentyabrda konstitutsiyaviy maqom berilgan edi. Va u vaqtincha Konstitutsiya vazifasini o‘tagan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilish tarixi bo‘yicha Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev quyidagilarni eslab, fikr bildiradi: “Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahbarligida 1990 yil iyun oyida tuzilgan Komissiyaning ikki yillik mashaqqatli mehnati natijasida Konstitutsiyaning birinchi, ikkinchi va so‘ngra uchinchi loyihalari ishlab chiqildi. Ushbu Komissiya azosi sifatida men ana shu tarixiy jarayonda bevosita ishtirok etganimni doimo faxr bilan eslayman. Konstitutsiyaning yaratilishi bilan bog‘liq qizg‘in bahs-munozaralar, turli g‘oya va fikrlar hali ham xotiramda”.
Darhaqiqat, O‘zbekistonning Birinchi rahbari Konstitutsiyaviy komissiya ish boshlashi bilan mamlakatimizning o‘ziga xos jihatlarini, xususiyatini munosib ravishda aks ettiradigan, jahon andozalariga to‘liq javob beradigan demokratiya rivojlangan davlatlar konstitutsiyaviy qonunchiligi erishgan yutuqlarni, xalqaro tajribalarni inobatga oladigan Asosiy Qonun loyihasini tayyorlashga bevosita rahbarlik qildi. Ushbu ulkan, tarixiy vazifalarni amalga oshirishda Birinchi Prezidentimiz – buyuk davlat va jamoat arbobi, iste'dodli siyosiy yetakchi sifatida o‘zini namoyon qildi. Shu ma'noda, O‘zbekiston Konstitutsiyasining tashabbuskori, ilhomlantiruvchisi va asosiy muallifi – mamlakat Birinchi Prezidenti Islom Karimov deyishga haqlimiz.
Islom Karimov Konstitutsiya matnini tayyorlash jarayonida AQSh, Germaniya, Yaponiya, Kanada, Frantsiya, Italiya, Portugaliya, Shvetsiya, Ispaniya, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Misr kabi 13 dan ortiq davlatlarning asosiy qonunlarini shaxsan o‘rganib chiqqan. Konstitutsiyani tayyorlash jarayonlarida, muhokamalarida Islom Karimovning o‘nlab moddalarga shaxsan ishlov bergan, 77 ta printsipial o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritgan.
Komissiya rahbari sifatida Islom Karimov vijdon erkinligi masalasiga juda katta e'tibor berdi. Loyihada bu haqdagi «Har bir kishi vijdon-erkinligi huquqiga egadir, har kim xohlagan diniga e'tiqod qilish yoki hech bir dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga, diniy va ateistik e'tiqodga ega bo‘lishi va bunday e'tiqodni tarqatish huquqiga egadir» degan jumlani Islom Karimov tuzatib, «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi», - deb o‘zgartirish kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi moddalariga u qabul qilinishi arafasida Islom Karimov tomonidan bu kabi tuzatishlar, qo‘shimchalar ko‘plab kiritilgan. Bugungi kunda bu ma'lumotlar O‘zbekiston Milliy arxivida – bosh qomus tarixiga oid hujjatlarning asl nusxalari, Konstitutsiya loyihasini tayyorlash jarayoniga oid tarixiy hujjatlar, Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan Konstitutsiya loyihasi matnlariga qo‘lyozma tarzida kiritgan tuzatishlari joy olgan. Ushbu hujjatlar M-69-fond Ro‘yxat-1, Yig‘ma jild–151 raqam bilan saqlanmoqda.
![]() |
![]() |
1992 yil 8 dekabr “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunni umumxalq bayrami deb e’lon qilish to’g’risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni Islom Karimov tomonidan imzolangan. Mazkur sana Konstitutsiya qabul qilingan va umumxalq bayrami deb e’lon qilingan kun sifatida tarixga muhrlandi.
Shu tariqa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadigan bo’ldi.
![]() |
![]() |
Ma’lumki, 2023 yil 30 aprel kuni o’tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o’zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan 2022 yil 20 iyunda bo’lib o’tgan uchrashuvda inson qadrini konstitutsiyaviy mustahkamlashning to’qqizta asosiy yo’nalishi bo’yicha Konstitusiyaga kiritiladigan aniq takliflarini jamoatchilik e’tiboriga havola etdi. Shu muhim taklif va tashabbuslarning barchasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda o’z aksini topdi.
Yangi tahrirdagi Konstitusiyamizga ilk bor “fuqarolik jamiyati institutlari” iborasi kiritildi. Shu bilan birga Konstitutsiyada “O‘zbekiston – dunyoviy davlat”, deb belgilandi. Dunyoviy davlat – davlat boshqaruvi Konstitutsiya va qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan davlat, deganidir.
Umuman olganda, Asosiy Qonunimiz umuminsoniy g’oyalar – tinchlik, tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do’stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi eng ulug’ g’oyalarga xizmat qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek: “Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko’lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o’sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir”.
Hamro Rahmonov,
tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori, dosent


