O‘zbekiston milliy davlatchiligi tarixida mustaqillikka erishish, xususan, davlat va jamoat arbobi Islom Karimov rahbarlik qilgan davr muhim ahamiyatga ega.
O‘tmishdan ma’lumki, buyuk shaxslarning tarix sahnasiga kelishi tasodifiy emas. Zero, ular jarayonlarni tezlashtirishi yoki aksincha, tanazzulga olib kelishi mumkin. Shu ma’noda Islom Karimovdek siyosiy yetakchining davlat boshqaruvi tepasiga kelishi o‘zbek xalqining baxtu iqbolidir.
Tarixi va geografik joylashuvi
Birinchi Prezidentimiz uzoq yillar Oqsaroyni qarorgoh tutib, mamlakat hayoti, istiqlolning ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini shakllantirishga daxldor qarorlarni shu yerda qabul qildi; taraqqiyotning milliy modeli, ko‘plab strategik loyihalar shu tabarruk maskanda ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etildi.
Oqsaroy shunchaki muhtasham bino, arxitektura yodgorligi, mamlakat rahbarining qarorgohi bo‘libgina qolmay, davlat ahamiyatiga molik inshoot sifatida bunyod etilgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Oqsaroy nomi qadimgi va o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoda tarqalgan turkiy qabilalar o‘rtasida “oq” va “ko‘k” ranglar muqaddas sanalgani, xalqlar maqsad-muddaosining ramzi bo‘lganligi bilan bog‘liqdir. “Oq uy”, “Qora uy”, “Oq qo‘yli”, “Qora qo‘yli”, “Ko‘k tangri”, “Ko‘k bo‘ri”, “Oq o‘rda” tushunchalari keng tarqalgan bo‘lib, “oq” atamasi tinchlik, tenglik, yaratuvchanlik va yana yo‘lbars, boy, zodagon, hukmdor tushunchalarini ham beradi.
1371 yili Balxda butun Movarounnahr beklari Amir Temurni oq kigizga o‘tqazib, boshi uzra ko‘taradi va shu tariqa o‘z yo‘lboshchisini saylaydi, uni “Buyuk bek” deb e’lon qiladi. Ushbu an’anaga mang‘itlardan bo‘lgan barcha Buxoro amirlari sodiq qolishgan. “Saroy” so‘zi qarorgoh, hukmdorlar, podshohlar faoliyat yuritadigan qasr tushunchasini beradi. Shu sababdan Amir Temur Shahrisabzdagi qarorgohiga Oqsaroy deb nom bergan. Abu Said Mirzo hamda sulton Ahmad Mirzo hukmronligi davrida Samarqand, Xiva va Qo‘qonda qurilgan Oqsaroylarning nomi ham ayni ma’noni anglatadi. Prezident qarorgohlarini Oqsaroy, Oq uy, Oq o‘rda deb nomlash an’anasi yangi zamonda ham davom etdi. Bunday inshootlar Toshkent, Vashington, Ostona va boshqa poytaxt shaharlarda mavjud.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti nomidagi Oqsaroy majmuasi 9,6 gektarga yaqin maydonni egallaydi. Maydonda to‘rtta bino — “Oqsaroy”, “Ko‘rgazmalar zali”, “Kutubxona”, “Majmua ofislari” va bitta kafeteriy joylashgan.
Oqsaroy qarorgohi uchun aynan shu maydon tanlangani bejiz emas. Chunki Tepaqo‘rg‘on, O‘rda bir-biriga tutashib ketgan joylar bo‘lib, bu qadimdan xalq xotirasida muqaddas yer, boshqaruv joyi sifatida muhrlangan. U anhorning chap qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, yashash, xo‘jalik yuritish, dehqonchilik uchun qulay hisoblangan. Arxeologlarning ma’lumotlariga qaraganda, V–XII asrlarda bu maydonda aholi umrguzaronlik qilgan.
Anhorning o‘ng sohilida eski shaharning Beshyog‘och, O‘qchi, O‘rda, Olmazor, Qoratosh va boshqa mahallalari hamda harbiy qal’a joylashgan. Shahar qal’a devorining Qo‘ymas (Qatag‘on) darvozasi (hozirgi Islom Karimov ko‘chasi o‘rnida) ilk o‘rta asrlarda qurilgan Qo‘ymas istehkomi o‘rnida bo‘lgan, uning qoldiqlari keyinchalik Tali Qo‘ymas, ya’ni Qo‘ymastepa deb atalgan.
Vaqt o‘tishi bilan turarjoylar mustahkamlandi, o‘zgardi. 1865 yilning iyun oyida Chor Rossiyasi generali Chernyayev tomonidan shahar zabt etilgach, rus harbiy qal’asining qurilishi uchun shu joy tanlandi. Harbiy qal’aning mudofaa devorlari tashib kelingan tuproq bilan tepalik qilib ko‘tarildi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, eski nom unutilib, “tepa qo‘rg‘on”, “tuproq qo‘rg‘on”, deb nomlana boshlandi. Qal’a olti burchakli bo‘lib, burchaklarida mustahkam bastion- (burj)lari bo‘lgan. Ko‘tarmalarning ayrim joylariga g‘ishtdan devor qurilib, o‘t ochish uchun shinaklar qilingan.
Qal’a ichida 6 ta piyodalar rotasi uchun kazarma, ofitserlar uchun bino, shifoxona, o‘q-dori, kiyim-bosh va oziq-ovqat omborxonasi hamda porox saqlaydigan yerto‘la qurilgan. Asosiy kirish yo‘li (sharqiy darvoza) g‘ishtdan hashamdor qilib ishlangan.
Ruslar uchun yangi shaharning qurilishi Tuproqqo‘rg‘on qal’asini bunyod etishdan boshlandi. Tepalikda joylashgan harbiy qal’a eski shaharni nazorat qilish va ayni vaqtda mustamlakachilar yashaydigan Yangi shaharni qo‘riqlab turish imkonini bergan. 1867—1883 yillarda har kuni soat 12:00 da Tuproqqo‘rg‘onda zambarakdan o‘q otilgan, shu tariqa ham vaqtni, ham o‘zlarini eslatib turishgan...
XX asrning 60-yillarida Tepaqo‘rg‘on, harbiy qal’a tekislanib, o‘rnida Kommunistik partiya markaziy qo‘mitasining binosi, keyinchalik bu hududda bolalar istirohat bog‘i va Qo‘g‘irchoq teatri qad rostladi. 1996 yilda obyektiv ehtiyoj tufayli, respublika rahbarining doimiy ish joyi, xorijiy mehmonlar munosib qabul qilinadigan, xalqaro marosimlar o‘tkaziladigan Prezident qarorgohini bunyod etishga qaror qilindi.
Zamonaviy Oqsaroy
Oqsaroy bu — O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qarorgohidir. Qurilish ishlari 1997 yilda boshlanib, 1999 yili tugatilgan. Inshoot loyihasi Islom Karimovning ko‘rsatmalari, tavsiyalari asosida me’morlar Azamat To‘xtayev va Rustam Shokirov tomonidan tayyorlandi.
Saroy oq marmardan zamonaviy uslubda qurilgan. Bino uch qavatli bo‘lib, balandligi 29,5 metr, maydoni 4522 kvadrat metrni tashkil etadi. Qurilish jarayonida g‘isht, beton, vitraj, gipsokartondan tayyorlangan materiallardan foydalanilgan. Asosiy ishlar mahalliy qurilish kompaniyasi tomonidan bajarilgan. Ichki bezaklar Yevropaning yetakchi dizaynerlari ishtirokida Yevropaning yetakchi qurilish kompaniyalari tomonidan yaratilgan. Oqsaroy me’morchilik uslubi o‘ziga xos milliylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan.
Saroy bog‘i
Oqsaroy maydonida bog‘ tashkil qilingan. Bog‘da jami 1789 tup daraxt mavjud. Ular ignabargli (932 tup), bargli-manzarali (354 tup), butali, mayda bargli (218), mevali (179) daraxtlar va turfa gullar(106)dan iborat. Oqsaroy bog‘i boshqa bog‘lardan farq qiladi. Bu yerda manzarali va mevali daraxtlar yonma-yon o‘tqazilgan. Landshaft dizayni asosida butalar, gullar ekilgan. Manzarali daraxtlar dunyoning to‘rt tomonidan keltirilgan. Qrim qarag‘ayi, Tyanshan archasi, shimol archasi va qarag‘aylari, dub, kashtan, lipa, yapon sakurasi, shamshod, kedr, qayin, eman, terak, kashtan daraxtlari boqqa o‘zgacha manzara bag‘ishlaydi.
Mevali daraxtlardan gilos, olcha, olma, o‘rik, yong‘oq, anor, behi, nok, tok, jiyda mavjud. Boqqa olmaxon, lochin olib kelingan, bulbul va yana o‘nlab qushlar bu yerni makon tutgan. Bulbul erta tongda sayraydi. Surxondaryodan keltirilgan toshbaqa va tipratikanlar bog‘ning tabiiy muhitida o‘ziga xos o‘ringa ega.
Agronom, biologiya fanlari nomzodi, Prezident devonida 22 yil ishlagan Klara Vildanovaning ta’kidlashicha, Islom Karimov tabiat va o‘simliklar dunyosini juda yaxshi ko‘rar edi. U bilan qiziqib turli savollar berar, muayyan masalalar bo‘yicha ma’lumot so‘rardi. Masalan, “Barglar nega sarg‘ayadi va yerga tushadi?” degan savolga darhol javob bera olmaysiz, shunchaki “Kuz bo‘lganligi uchun”, deb aytish ham noqulay. Bularning barchasiga ilmiy nuqtai nazardan javob berish kerak edi. Biror-bir daraxtning gullamasligi yoki nima sababdan kasallikka chalingani haqida va umuman, hamma narsa haqida so‘rar, qiziqar edi. Ba’zida “Nega kashtan daraxti ostida maysa o‘smaydi?” deya savol berib qolsa, nima uchun o‘smayotgani ilmiy jihatdan asoslab berilar edi. Kashtan barglari katta va tig‘iz bo‘lganligidan quyuq soya paydo qiladi, natijada quyosh nuri yerga tushmaydi. Demak, bu joyda maysa ham ko‘karmaydi, qaysi daraxtning bargi kamroq va siyrak bo‘lsa, o‘sha yerda maysa bor. Bu kabi savol-javoblardan mamlakatimizning Birinchi Prezidenti juda qiziquvchan, sinchkov va talabchan bo‘lganligini anglash mumkin.
U kishi o‘simliklarni parvarish qiluvchi xodimlarga juda katta e’tibor berar edi. Islom Abdug‘aniyevich gullarni sevardi, shu bois dam olish xonasining derazasi gulzor tomon qaragan edi. Hovlidagi gulzor ko‘proq manzarali, rang-barang gullar va o‘simliklardan iborat edi.
Islom Karimovning ish xonasidagi o‘simlik va gullar e’tibor bilan parvarish qilinar, gullarning doimo chiroyli va go‘zal bo‘lishi ta’minlanardi. Uning sevimli gullaridan biri — rayhondir. Klara Vildanovaning fikricha, bu uning buyuk sevgisidir. Balki u kishida bu tuyg‘u bolalikdan bo‘lgan. Aslida rayhon ekilmaydigan o‘zbek hovlisi bo‘lmasa kerak. Shahrimiz ko‘chalarida gurkirab o‘sayotgan rayhonlar har bir insonni o‘ziga maftun etadi, hidi kishiga huzur bag‘ishlaydi. Oqsaroy yo‘laklari, daraxtlar atrofi, bo‘sh maydonchalarga uch turdagi rayhon ko‘rk berib turadi.
Islom Karimov atrof-muhit, havo tozaligini ta’minlash maqsadida kichik bir qarag‘ayzor tashkil qildirdi. Daraxtlarning bir nechtasini shaxsan o‘zi ekkan. U yerda olmaxonlar ham yashaydi. Bog‘da o‘zi yaxshi ko‘rgan daraxtlar, ayniqsa, Qrim qarag‘ayini tez-tez tomosha qilib, yengillik his etgan.
Ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha agronom Abdulhamid Shokirovning aytishicha, yapon sakurasi erta bahorda juda chiroyli gullaydi, o‘zidan xush bo‘y taratadi. Xuddi shunday lipa daraxti gullaganda asalning hidi keladi. Oqsaroyda uzoq vaqt faoliyat olib borgan ishchilardan biri Mahmudjon Jabborberganovning ta’kidlashicha, Prezident kun tartibiga qat’iy rioya qilgan, ovqatlanish, dam olish tartibi ham oddiy, boshqalarnikidan farq qilmaydigan tarzda yo‘lga qo‘yilgan edi. “Islom Abdug‘aniyevich har kuni tushlik tanaffusi paytida daraxtlarni aylanib o‘tgan — egri-bugri qilib yotqizilgan maxsus yo‘lak orqali “Qishki qarorgohga borar edilar, — deydi u. — Yo‘laklarning tarhini o‘zlari chizib bergan. Qorli kunlarda yo‘laklardan emas, qordan yurib, uning g‘ichirlashidan huzur olardilar. Islom Abdug‘aniyevich kamtar, samimiy va juda tartibli, saranjom-sarishta, o‘ta e’tiborli, ziyrak va tejamkor inson edilar. Birorta xonaga kirsalar, chiqib ketayotganda chiroqni, albatta, o‘chirar va boshqalardan ham shunday tejamkorlikni talab qilar edilar”.
Umuman olganda, Oqsaroy va uning o‘ziga xos tabiati nafaqat bu ulug‘ maskan, balki O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti siymosi haqida bilib olishga yordam beradi. Istiqlolimiz me’mori hisoblangan Islom Karimov fazilatlari barkamol avlod tarbiyasida ulkan saboq bo‘lib xizmat qiladi.
Vahob QO‘ChQOROV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik
majmuasi ilmiy-tadqiqot va ta’lim markazi mudiri