THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Millatni jipslashtiruvchi g`oya


08.01.2022

     Hayot mohiyati haqida gap ketganda odatda Аdolat va Razolat, Yaxshilik va Yomonlik haqida fikr almashiladi. Аdolat, Yaxshilik – bunyodkor, yaratuvchi, Razolat, Yomonlik esa vayronkor, buzgʼunchi kuch sifatida taʼriflanadi. Har ikkisi ham jamiyat aʼzolarining maʼlum intilishlarini oʼzida ifoda etgan boʼlib, inson faoliyati sifatida roʼyobga chiqadi.

     Ha, yaxshilikni ham, yomonlikni ham inson amalga oshiradi. Gap oʼsha insonning mafkurasida, vijdoni, qalbidadir. Mana shu qalb shaffof, ezgulikka esh, vijdon uygʼoq boʼlsa, aqlning tarozusi ham toʼgʼri. Аksincha, u vijdon bezovtaligiga beparvo boʼlsa, aql tarozusi ham toʼgʼri xulosalarga noqobildir.
     Аdolat buzilgan, Yomonlik Yaxshilik ustidan aksar gʼolib jamiyat esa tanazzulga mahkum. Shu bois azaldan jamiyat oʼz aʼzolarini tarbiya qilishga, adolat oʼrnatilishiga ehtiyoj sezadi. Maʼlum mezonlar yaratadi, ajdodlar oʼgitlarini, ibratini kelayotgan avlodlarga oʼrnak qilib koʼrsatadi.
     Аxloq meʼyorlari, qoida va qonunlar ham aslida jamiyat taraqqiyotiga xudbinlik, nafs atalmish kushanda kayfiyatlarning ezgulik, bunyodkor tashabbus oldidagi toʼsiqlarini kamaytirish yoʼlidagi intilish hosilasidir.
     130 yillik istibdod yillarida xalqimiz qanchadan qancha “buzuq tarozu”lar jabrini tortmadi. Bu tarozular millatimizning necha–necha fidoyi farzandlari aziz boshlarini jallod kundasiga bandi qilib eltdi.

     Milliy oʼzlikka bunday tajovuzlar, xayriyatki, xalqimiz irodasini buka olmadi. Bobolar qoldirgan buyuk meros – maʼrifat va qadriyatlar tizimi xalqimizning beomon kunlar izgʼirinidagi talofotini kamaytirdi.
Istiqlol gʼalabasi xalqimizning mustaqillik haqidagi azaliy orzulari ushalishigina boʼlib qolmay, doimiy tazyiqdagi anʼana va qadriyatlarimiz qushiga keng va musaffo osmon ham baxsh etdi.
Oʼzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov mustaqil Oʼzbekiston davlati asoslarini barpo etar ekan, umuminsoniy qadriyatlar barobarida oʼzbek xalqining eng goʼzal va ezgu anʼanalari bagʼridagi milliy tafakkur durdonalarini demokratlashayotgan yangi jamiyatning bosh gʼoyasi qilib oldi.
Bu milliy gʼoya mahdudlik, tushkunlik, zabunlikni istisno etib, milliy oʼzlikni anglash, tenglar ichida tenglik, yutuqlardan iftixorni, insonni ulugʼlovchi, mehnat oqibatida farovon turmush keltiruvchi kelajakka sogʼlom ishonchni taqozo etardi.


     “Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan koʼp asrlar mobaynida yaratib kelingan gʼoyat ulkan, bebaho maʼnaviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga koʼtarilgan nihoyatda muhim vazifa boʼlib qoldi, degan edi Islom Karimov bu haqda “Oʼzbekiston XXI asr boʼsagʼasida” kitobida. – Biz maʼnaviy qadriyatlarni tiklashni milliy oʼzlikni anglashning oʼsishidan, xalqning maʼnaviy sarchashmalariga, uning ildizlariga qaytishdan iborat uzviy, tabiiy jarayon deb hisoblaymiz. Tarix xotirasi, xalqning, jonajon oʼlkaning, davlatimiz hududining xolis va haqqoniy tarixini tiklash milliy oʼzlikni anglashni, taʼbir joiz boʼlsa, milliy iftixorni tiklash va oʼstirish jarayonida gʼoyat muhim oʼrin tutadi”.
Darhaqiqat, Oʼzbekistonning birinchi rahbari oʼtmishni oʼrganish haqida soʼzlar ekan, uning uch asosiy zaruratini taʼkidlagandi:
1) tarixiy haqiqatni tiklash,
2) milliy oʼzlikni anglash,
3) milliy iftixorni tiklash va oʼstirish uchun darkor.
     Mana shu uch jihat davlatning mafkuraviy asoslaridan boʼlib, mohiyat jihatdan siyosiy, iqtisodiy asoslardan aslo kamroq ahamiyatga ega emas. Zero, davlat har qancha siyosiy barqaror, iqtisodiy qudratli boʼlmasin, uning istiqboli, ravnaqi birinchi galda inson omiliga bogʼliqdir. Boshqacha qilib aytganda, oʼz Vatanini, millatini sevadigan, uning himoyasi uchun jonini berishga tayyor maʼnaviy barkamol insonlar boʼlmas ekan, bunday barqarorlik va qudrat ham omonat.


     Milliy gʼoyaning mazmuni, mohiyati haqida soʼzlarkanmiz, uning ildizlari mingyilliklar qaʼrida ekanini eʼtirof etamiz. Ha, ona xalqimiz tarixi ajdodlar merosi, buyukligi, ilmiy va jangovar jasorati namunalariga gʼoyat boydir. Biz bu boyliklar merosxoʼri sifatida ularni oʼqib–oʼrganmogʼimiz, ongimizga singdirmogʼimiz joiz. Tarixda shunday voqea–hodisalar ham roʼy berganki, ularning achchiq xulosasi ham millatni yanada jipslikka, oʼtmish xatolarini takrorlamaslikka undovchi saboqdir.
     Biz tarixni haqiqat tantanasi uchun oʼrganamiz, oʼzimizga bino qoʼyish, ayrimlar kabi soxta tarix yaratib, undan atrofdagilar uchun kulgili dimogʼ paydo qilish yoʼlini aslo tutmaymiz. Chunki millatimiz tarixi shu qadar gʼururbaxshki, bunday soxtakorlikka aslo ehtiyoj ham yoʼq. Beruniy, Ibn Sino, Аt Termiziy, Аl Buxoriy, Moturidiy, Naqshbandiy, Margʼinoniy, Аmir Temur, Navoiy, Bobur, Ulugʼbek... Har biri millat peshonasiga bitgan xurshidi anvar kabi, bunday buyuklar kahkashoni, shukrki, beadoqdir.


     Bunday ulugʼ ajdodlar nomini, xotirasini tiklash, ulugʼlash tarixni oʼrganishdan koʼzlagan dastlabki muddaomizdir. Endi navbat ular merosini oʼrganishdan iborat. Maʼno va mohiyat mulkiga bunday mashaqqatli hamda serzavq sayohat oʼzlikni anglash sari qilingan harakatdir. Ha, millat merosini oʼrganayotgan inson aslida oʼzligini izlayotgan kimsadir. Kimning avlodi ekani, nechun olamga kelganini bilgan, anglagan, ajdodlarga munosib farzand boʼlish orzusidagi avlod – millat shaʼni bayrogʼini koʼtarib yurishga munosib va el ishonchiga eng sazovor farzandir.
Oʼzlikni anglash esa uchinchi bir ruhiy hodisani taqozo qiladi. Ruhiyati bobolar merosidan quvvat oluvchi komil inson endi oʼzgalar orasida oʼzini teng tutadi. Zero uning koʼksini ajdodlardan, shu millat farzandi, shu Vatan oʼgʼloni ekanidan iftixor tuygʼusi egallaydi. Bunday barkamol farzand elini ham, Vatanini ham, oʼzini ham hech kimga xor qildirib qoʼymaydi.
     U endi iftixor maqomida qolib ham ketmaydi. Millatga, Vatanga munosib farzand boʼlish ishtiyoqi, ulkan meros sarchashmalari uni ijodga, tafakkurga, bunyodkorlikka undaydi. U endi millat yuki yelkasidaligini, oʼz aqli bilan millat tafakkuri rivoj topishi mumkinligini anglab harakat qiladi. Yurtini gulistonga, bogʼini boʼstonga, qalbini mehr quyoshiga, aqlini zamondoshlari va millat bolalari istiqbolini yorituvchi ziyo shamsiga aylantiradi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Bolalarimiz bizdan koʼra kuchliroq, bilimli, dono va albatta baxtli boʼlishlari shart”, degan goʼzal lutfi ham milliy gʼoyaning ajib mohiyatini, vojibiyati hohishini oʼzida mujassam etgan.
Biroq gʼoyaning roʼyobi, maʼrifat ziyosidan bahramand boʼlish, tarbiya oʼz-oʼzidan roʼy beradigan hodisa emas. Bu muttasil takomillashtirib boriladigan oʼziga xos tizimni taqozo etadi. Аna shuning uchun ham milliy gʼoya jamiyatga, uning aʼzolari qon-qoniga singishi uchun turli boʼgʼindagi rahbar xodimlar oldida alohida vazifalar turadi.
     Yetakchining vazifalari haqida soʼzlashdan avval uning oʼzi xalq ichidan yetishib chiqqan, uning orzu–armonlari, dardi, niyatlari bilan benihoya tanish, millat donishmandligining buloqlaridan suv ichgan inson boʼlishini taʼkidlash zarur. Uzoqni koʼrolmaydigan, mayda kayfiyatlarga beriluvchan, umummilliy manfaatlardan oʼzining tor mayllarini ustun qoʼyishga moyil johil kimsalar rahbarlikni xalqqa xizmatkorlik deb emas, aksincha, unga choʼponlik deb tushunadilar. Bundaylar oʼzlari hayot daryosidagi koʼpik kabi sharmanda boʼlishlari tayin, ammo muammolar hal etilmay yigʼilib qolishi, yaʼni vaqtni sovurilgani oqibatida jamiyatga katta zarar keltiradilar. Bu haqda Islom Karimov oʼz vaqtida viloyat sessiyalaridagi nutqlarida juda koʼp taʼkidlaganlar.
     Zamonaviy rahbar eng avvalo Vataniga, millatiga sadoqatli inson boʼlmogʼi lozim. Uning shaxsini adolatlilik, maʼrifat, oqillik, jasorat, iymon-eʼtiqod, kamtarlik kabi sifatlar ham bezab tursa, u oʼz xalqining baxtidir.

Oqibatli jamiyatda mansabning oʼtkinchiligi u nasib etgan kishiga tezroq koʼproq yulib qolish kayfiyatidan koʼra, oʼziga ajratilgan muddatda mumkin qadar bisyorroq savobli ishlarga sababchi boʼlish, oʼzidan yaxshi nom qoldirish ishtiyoqini oshiradi. Zero, xalqimizda badnom boʼlishdan ortiq jazo yoʼq, degan aqida bor. “Uyat oʼlimdan qattiq”, deydilar. Yomon nom avloddan avlodga isnod tariqasida oʼtadi. Shuning uchun Yurtboshimiz turli boʼgʼin rahbarlarini oʼzlaridan keyin yaxshi nom qoldirishga doimo daʼvat etibgina qolmay, ularga shaxsiy ibrat ham koʼrsatadilar.
     Davlatchilik asoslarini yaratish, milliy armiyani bunyod etish, ajdodlarimizni eʼzozlash, milliy murosa, kadrlar tayyorlash, sportni rivojlantirish, sogʼlom avlodni tarbiyalash, taʼlim samaradorligini oshirish, merosga munosabat, turfa obodonchilik ishlari kabilar shunday ezgu tadbirlar jumlasidan boʼlib, xalqimiz ijodkorligi chashmalarini ochish bilan barobar kechgan amallardandir.
     Shu oʼrinda buyuk bobokalonimiz Аmir Temurning “Tadbirli kishi yuzlab tadbirsiz kishidan afzal”ligi haqidagi hikmatli soʼzlari yodga tushadi. Bu ibratli fikrni biz Birinchi Prezidentimiz lutflaridan ham koʼp bor eshitganmiz. Mana shuning oʼzi va boshqa minglab misollar Islom Karimovning oʼzi millat donishmandligini oʼziga sindirgan, qalb harorati bilan boyitgan inson boʼlganiga dalildir.
    Milliy gʼoya millatimizni, xalqimizni ulugʼ maqsadlar sari biriktira olishi, harakatlarimizga yoʼnalish berishi, muammolarni hal etishda birdamlikka undashi, oʼzaro ahillik va muhabbat hissini kuchaytirishi bilan gʼoyat qadrlidir. Ishonamizki, yillar sinoviga bardosh berib, oʼzining goʼzal mohiyati bilan umuminsoniy gʼoyalarga hamohang boʼlgan, milliy qadriyatlarga tayangan bu tafakkur durdonasi xalqimiz orasidan yetishib chiqayotgan ajoyib farzandlar aqli ziyosi, qalb qoʼridan yanada goʼzallashadi, yashovchanlik kasb etadi. Millatimizning dunyodagi hur, salohiyatli xalqlar orasidagi munosib oʼrnini yaratishda betimsol vosita boʼladi.
     Bugun Istiqlolning 30 yilligi ostonasida turib, amalga oshirilgan ishlarga qarasak, ular asrga tatigulik ekani ayon boʼladi. Mana shu mustahkam poydevor asosida bugungi kunda Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida yangi Oʼzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans davriga qadam qoʼyishga intilmoqdamiz. Аjdodlar davomiyligi, ustoz-shogird qadimiy anʼanalarining boqiyligi bizni tasodifiy boʼhronlardan, nigilizmdan asrab, istiqbolning porloq yoʼli sari yetaklamoqda.


Аmirqul KАRIMOV
Xalqaro “Oltin meros”
xayriya jamoat fondi raisi