Davlat va jamiyat hayotida uning farovonligini ta’minlashda asosiy masala tinchlik va osoyishtalik muhim ahamiyat kasb etadi. Dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan urushlar, harbiy qarama – qarshilik va mojarolar, terrorizm xurujlari xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgani hech kimga sir emas.
Zero, tinch bo‘lgan mamlakatda odamlar xalq, baxtli kun kechiradi, jamiyatda barqarorlik hukm surib, xorijiy mamlakatlar bilan turfa aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratiladi. Har kuni ertalab ishonch bilan farzandlarimizni bog‘cha-yu maktabga kuzatamiz, ishga kelamiz, yaxshi kayfiyat, xursandchilik bilan uyga qaytamiz. Tinchlik va osoyishtalik tufayli qishlog‘imiz, mahallalarimizda to‘yu tantana yoki shodu-xurramchilik. Hayotimizdagi bu baxtli onlarning bosh mezoni tinchlik va osoyishtalik, xotirjamlikdir.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, islom dini, Qur’oni karim asoslariga yo‘g‘rilgan tinchlik va osoyishtalik xalqimizning buyuk qadriyati hisoblanadi. Shu bois, tinchlik va barqarorlikning jamiyat rivojidagi o‘rni, kishilarning hayoti uchun ahamiyati qadim zamonlardanoq anglab yetilgan.Xuddi shuningdek «Avesto», «Tavrot», «Injil», «Veda»larda insonning ma’naviy yuksalishining muhim omili sifatida tinchlik va barqarorlik ham e’tirof etilgan. Jumladan, tinchlikning qadr-qimmatiga oida qarashlar sharq xalqlarining buyuk ma’naviy merosi “Avesto”dayoq o‘z ifodasini topgan.
Avestoda insonlarning bilim va donolik, aql-farosat, xayri-saxovat va farovonlik, tinchlik hamda barqarorlik, zulm, adovat, nizolarni odilona hal etishlari asosiy burchlari ekanligi uqtirilgan. Shuningdek, Tavrotda ham har bir insonning tinchlikni o‘z orzu-intilishi, maqsad-muddaosi ro‘yobga chiqishining sharti deb yashashi talab etiladi. Shuning uchun ham unda “Abadiy tinchlik ahdi - «Va ular bilan tinchlik ahdini tuzaman, abadiy ahd ular bilan bo‘ladi» deb yozib quyilgan.
Chunonchi, Aflotunning falsafiy ta’limotida tinchlik farovonlik garovi ekanligi alohida qayd etiladi. Shuningdek, faylasuf tinchlik inson ruhiyati va substatsiyasi (javhari)ning asosini tashkil etishini alohida ta’kidlab o‘tadi. Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” nomli asarida qayd etishicha, aynan Aflotun “Agar qonun jang qilishni buyursa, demak bu urush uchun emas, tinchlik uchun qilinadi” deb yozadi. Aflotun o‘zining bu fikri bilan insonning xavfsiz yashashi uchun birgina farovonlikning o‘zi yetishmasligini asoslamoqchi bo‘ladi. Aflotunning shogirdi Arastuning ijtimoiy-siyosiy va axloqiy qarashlari markazida ham tinchlikparvarlik g‘oyasi ustuvor ahamiyat kasb etgan. Uning fikricha har bir bilimli inson beshta asosiy masala bo‘yicha o‘z fikrini bildira olishi kerak. Bular moliyaviy ahvol, urush va tinchlik, vatan himoyasi, mahsulotlarni olib kelish va chiqarish, qonunchilik. Tabiiyki,ushbu ahamiyatga molik masala G‘arb va Sharq allomalarining diqqat markazida bo‘lgan.
Tarixning shahodat berishicha dunyoda shu kungacha katta va kichik urushlar bo‘lgan. Oxirgi ikki jahon urushi 100 millonlab kishilarning hayotiga zomin bo‘ldi. Urushni ko‘rgan kishilar uning naqadar dahshatli hol insonlarning hayotiga, barqaror taraqqiyotga kushanda ekanligaga ishonch hosil qilgan keksalar doimo qo‘llarini duoga qo‘l ochganda halqimizga tinchlik omonlik tilaydilar.
Istiqlol tufayli tinchlik va osoyishtalik, qo‘shni mamlakatlar bilan tinch-totuv yashash tamoyili masalasi birinchi o‘ringa chiqdi. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning sa’y harakatlari bilan Mudofaa tizimi shakllantirilib, zamonaviy talablar asosida uning tashkiliy huquqiy asoslari takomillashtirildi. 1991 yilning 6 sentabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning farmoniga binoan Mudofaa ishlari bo‘yicha vazirlik tashkil etildi, keyinchalik Mudofaa vazirligiga aylantirildi. Qurolli Kuchlarimizning maqsad va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida(125-modda) aniq qilib belgilab berildi. 1992 yil 24 martda Milliy xavfsizlik xizmati huzurida Chegara qo‘shinlari boshqarmasi tashkil etildi va mamlakatimiz hududidagi chegara qo‘shinlari bo‘linmalari uning tasarrufiga o‘tkazildi. 1992 yil 18 maydan e’tiboran esa havo desanti qo‘shinlari, harbiy transport aviatsiyasi, razvedka qo‘shinlari, ta’minot qismlari, 12 noyabrdan havo hujumiga qarshi harbiy qismlar, 13 noyabrdan esa kimyoviy harbiy qismlar davlatimiz tasarrufiga olindi. Bu ishlar 1991 yil 31 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida”gi tarixiy qonunning 6-moddasiga binoan davlatimiz, xalqaro huquq sub’ekti sifatida, o‘z Qurolli Kuchlarini tashkil etish huquqiga ega bo‘lgani va bu huquqni amalga oshira boshlaganidan dalolat berar edi.
Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi. Qurolli Kuchlarning tuzilishi va ularni tashkil etish qonun bilan belgilanadi”. Tabiiyki, o‘zbek oilasida o‘g‘il farzand tug‘ilsa katta xursandchilik, to‘yu-tomoshaga aylangan. O‘g‘il farzandga avvalambor el-yurt tayanchi, Vatan himoyachisi deb qarashgan va bu an’ana hozirga qadar saqlanib kelmoqda. Aynan mana shu milliy mentalitet Konstitutsiyamizda ham o‘z ifodasini topgan. “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar” (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 52-modda).
Shuni alohida qayd etish joizki, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tarixida 1992 yil alohida ahamiyatga ega. Shu yil 3-iyulda mamlakatimiz parlamenti “Mudofaa to‘g‘risida”, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”, “Muqobil xizmat to‘g‘risida”gi qonunlarni “Harbiy qasamyod” matnini qabul qildi. 1992 yil 14 yanvar kuni mamlakatimiz hududidagi barcha Qurolli Kuchlarni O‘zbekiston yurisdiksiyasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu qarorga binoan mamlakatimiz hududida joylashgan sobiq ittifoq Qurolli Kuchlarining barcha qismlari, harbiy o‘quv yurtlari, muassasalar va tashkilotlar, O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga olindi.
Qurolli Kuchlarning mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, xalqimizning tinchligi hamda bunyodkorlik mehnatini himoyalash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini inobatga olib O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 29 dekabrdagi qonuniga binoan 14 yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” deb e’lon qilindi. 1995 yil 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi chaqiriq uchinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi harbiy Doktrinasini qabul qilish bilan yakunlandi.
Harbiy Doktrinaga asosan harbiy qurilishning asosi, harbiy sohani isloh qilish va harbiy texnik siyosatning istiqbollarini ishlab chiqarish hamda harbiy bilim, harbiy san’at va ofitser kadrlarni tayyorlashni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Oldiga qo‘yilgan vazifalariga ko‘ra mamlakat harbiy Doktrinasining mazmuni va stategiyasi aniqlandi. U o‘z ichiga umumiy qoidalar, siyosiy va harbiy-tashkiliy aspektlar hamda harbiy Doktrinaning huquqiy asoslarini oladi. Harbiy Doktrinada davlatning o‘z fuqarolarini hayoti va qadr-qimmatini himoya qilish, mudofaa qilish huquqini amalga oshirish bo‘yicha asosiy maqsad va vazifalari aniq tavsiflab berilgan.
2008 yil 20 noyabrda “Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash shart-sharoitlarini takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4054-son Farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra fuqarolarning muddatli harbiy xizmatni o‘tash muddati 12 oy qilib belgilandi. Fuqarolar endi tanlov asosida muddatli harbiy xizmatga olinmoqda. Chaqiruv komissiyalari ishida oshkoralik va yoshlarga jamoa oldida harbiy xizmatga borishga tavsiya berish an’anasi yuzaga kelmoqda. Ular, ya’ni komissiyalar tarkibida mahalliy hokimiyat organlari vakillari bilan birga, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalarining vakillari ham bor. Ular harbiyga yoshlarni kuzatishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatmoqdalar va eng munosib yoshlarni Vatan himoyasiga yuborishni ta’minlamoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov “O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 19 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigi”da ta’kidlab o‘tganidek, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirgan, o‘zining ko‘lami va mohiyatiga ko‘ra g‘oyat ulkan va noyob, tom ma’noda tarixiy ishlarimiz natijasida bugungi kunda O‘zbekiston zamonaviy, ixcham va harakatchan, yaxshi tayyorlangan, mamlakatimiz xavfsizligi, hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir o‘z milliy armiyasiga ega bo‘ldi, deb aytish uchun barcha asoslarimiz bor.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti va Oliy Bosh Qo‘mondon I.Karimov rahbarligida amalga oshirilgan islohotlar tufayli mamlakatimiz Qurolli Kuchlari dunyoda mudofaa salohiyati borasida kuchlilardan biriga aylandi; nafaqat Markaziy Osiyoning aholisi eng zich davlatida, balki butun mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Hozirda harbiy salohiyat bo‘yicha butunjahon indeksida (Global Firepower Index) O‘zbekiston Qurolli Kuchlari 128 mamlakat orasida 39- o‘rinni egallab turibdi. Sobiq soveti davlatlari orasida esa mamlakatimiz
Qurolli Kuchlari harbiy salohiyat bo‘yicha Rossiya va Ukrainadan keyin uchinchi o‘rinda qayd etilgan.
Milliy armiyamiz salohiyatini mudom oshirib borish, uni zamonaviy talablar va xalqaro andozalar asosida takomillashtirib borish dolzarb strategik vazifa sifatida qaralib kelinmoqda. Zero, dunyoda kechayotgan jarayonlar, “arab bahori”, IShIDgi olib borilayotgan terroristik va ekstremistik harakatlar bizdan siyosiy hushyorlikni mudom talab etadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasida mamlakat mudofaa tizimi, uning harbiy – jangovar holati va askar va ofitserlarning ma’naviy ruhiy tayyorgarlik darajasi bilan bog‘liq jihatlar atroflicha tahlil qilinib, bugungi kun talabi, milliy manfaatlarimizni himoya qilish hamda ushbu sohadagi islohotlarning samarasini oshirish maqsadida yangidan qabul qilinayotgan Mudofaa doktrinasi muhim ahamiyat kasb etishiga urg‘u qaratildi.
Aslida, Harbiy salohiyatimiz Markaziy Osiyo davlatlaridan orqada emasligini ta’kidlagan holda aytish lozimki, siyosiy hushyorlikni qo‘ldan bermay davr bilan hamnafas bo‘lish, globallashuv jarayonlarida u yoki bu tahdidlarni bizga aloqasi yo‘q deya olmaymiz. Xolbuki, “Dunyo miqyosida xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi xavf-xatarlar, milliy va global xavfsizlikka qarshi tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi murakkab davrda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy qurol-yarog‘ va aslahalar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy, ma’naviy-intellektual tayyorgarligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qolmoqda”-deb ta’kidladi Sh.Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi va vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigida.
Har bir sohaning buguni va ertangi kuni kadrlar salohiyatiga bevosita bog‘liqdir. Shu jihatdan olib qaraganda ham O‘zbekistonda o‘z armiyasi uchun zarur kadrlarni tayyorlashda keng imkoniyatlar mavjud. Bugungi kunda Qurolli Kuchlar akademiyasida 7 ta, Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalarida 20 dan oshiq yo‘nalish va mutaxassislik bo‘yicha yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlanmoqda.
Mustaqillik sharoitida, chunonchi Harakat strategiyasining beshinchi yo‘nalishi bilan uyg‘un holda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning o‘ziga xos ma’naviy-madaniy asoslari va yuksak qadriyatlari mavjud bo‘lib, ular bir qator omillar bilan belgilanadi:
Birinchidan, yoshlarimiz xalqimiz uchun muqaddas bo‘lgan ma’naviy qadriyatlar va milliy an’analarga sodiqlik, xususan, Amir Temur, Manguberdi kabi qahramonlarimizga xos o‘zlarida Vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish;
Ikkinchidan, “Shu aziz vatan barchamizniki” tamoyili asosida milliy g‘urur va daxldorlik hissi bilan yashash;
Uchinchidan, Mard o‘g‘lon sifatida o‘zining hayotiy mo‘ljallari. kuch va bilimini istiqlolni mustahkamlashga, mamlakat kuch – qudratini oshirish yo‘lida safarbar etish;
To‘rtinchidan, ogohlikni boy bermay mudom sergak bo‘lish “O‘z uyingni o‘zing asra” tamoyiliga amal qilish;
Beshinchidan, yuksak intellektual salohiyat, zamonaviy texnika, innovatsion jarayonlarni kundalik taomiliga aylantirib, mamlakat barqarorligiga xizmat qildirish fazilatlarini shakllantirish lozim.
Umuman olganda, jonajon vatanimizni qanchalar sevsak, shunchalar uning tinchligi, kuch-qudratini oshirish yo‘lida mushtarak maqsad sari harakat qilishimiz insoniylik burchimiz va fuqaroviy mas’uliyatimiz va daxldorlik hissidir.
Vahob Qo‘chqorov, siyosiy fanlar doktori,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining
Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi
ilmiy- ma’rifiy yodgorlik majmuasi markazi mudiri