THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Amir Temur tavalludining 682 yilligi keng nishonlanmoqda


09.04.2018

Istiqlol tiklagan qadriyatlar qatorida, Buyuk sarkarda Amir Temurning nomi ajdodlarga ehtiromning yorqin namunasi sifatida alohida o‘ringa ega.

Bu yil ham mamlakatimiz tarixida munosib o‘rin tutgan bu buyuk zotning tavallud kuni yurtimizda keng nishonlanmoqda.

Sho‘ro zamonida Amir Temur boshqaruviga oid yorqin sahifalar atayin yodga olinmagan, uning faoliyati biryoqlama, noxolis tadqiq etilib, faqat uning harbiy yurishlariga urg‘u berilgan. 1991 yili O‘zbekiston mustaqil davlatga aylangach, Islom Karimovning sa’y-harakatlari bilan tarixiy adolat qaror topib, Sohibqironning ulug‘vor siymosi bor bo‘y-basti ila namoyon bo‘ldi. Toshkentda Amir Temur haykali qad rostladi.

1996 yili Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan, YuNESKO shafeligida buyuk sarkarda tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlangan bir qator tadbirlar o‘tkazildi.Samarqand va Shahrisabzda buyuk ajdodimiz haykallari o‘rnatildi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi barpo etildi, xalqaro ilmiy anjuman tashkil qilindi. Qolaversa, Amir Temur hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Temur tuzuklari”, “Zafarnoma” kabi asarlar, maqolalar hamda boshqa nashrlar dunyo yuzini ko‘rdi.

Buyuk bobomizning «Kuch adolatda» degan iboralari muhrlangan Amir Temur ordeni ta’sis etilgan.Hozirda mamlakatimizda Amir Temur nomidagi xalqaro xayriya jamg‘armasi faoliyat yuritib kelmoqda.

1996 yili Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Parijga safar qilgan. Tashrif asnosida, Birinchi Prezidentimiz YuNESKO bosh qarorgohida “Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi” haftaligi doirasida tashkil etilgan ilmiy anjuman va ko‘rgazmada ishtirok etgan.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimi rasmiy uchrashuvlarning ertasiga bo‘lib o‘tdi. Shu kuni kutilmaganda ko‘rgazmaga Fransiya Prezidenti Jak Shirak tashrif buyurmoqchi ekani haqida xabar kelib qoldi. Prezident Shirak kelgan paytda hududni tezkorlik bilan o‘rab olgan fransuz xavfsizlik xizmati ekskursovodlarni zalga kiritmagan. Islom Abdug‘aniyevich vaziyatdan chiqish uchun tashabbus ko‘rsatib, o‘zlari yuqori martabali mehmonni ko‘rgazma zali bo‘ylab olib yurib, har bir eksponat haqida batafsil hikoya qilib berdilar.

Termuriylar davri tarixi haqidagi 40 daqiqalik ekskursdan keyin Jak Shirak Islom Karimovning tarix borasidagi chuqur bilimiga tan berdi. Sal keyinroq Fransiya yetakchisi Amir Temur va Temuriylar davriga g‘oyat qiziqib qolgani, O‘zbekiston Prezidenti kabi o‘z mamlakati tarixini chuqur o‘rganishni ko‘ngliga tukkanini e’tirof etdi.

Bu – Sohibqiron Amir Temur bobomizning shuhratini xalqaro maydonda tanitish yo‘lidagi dastlabki qadamlar edi.

«Biz hech kimdan kam bo‘lmaganmiz, kam bo‘lmaymiz ham». Islom Karimovning mazkur purma’no iborasi zamirida Amir Temurdek ajdodlari bor yurt farzandlari mardlik, vatanparvarlik, oqillik va odillik borasida boshqalarga doimo ibrat bo‘lishi nazarda tutilgan.

        

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, tarixi buyuk yurtning kelajagi ham buyuk bo‘ladi.