THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Xotira uyg‘onsa go‘zaldir


30.07.2018

Islom Karimovning mustaqillikkacha bo‘lgan davrdagi faoliyati, aytish mumkinki, nafaqat Moskva, Siyosiy byuro, uning rahbari M.Gorbachyov bilan, balki respublika ichidagi muxoliflar, turli buzg‘unchi kuchlar bilan ham olishish davri bo‘ldi.

O‘zbekiston ana shunday kurashlar jarayonida Ittifoq tarkibidan birinchilardan bo‘lib chiqib ketdi. 1991 yil 31 avgust kuni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Islom Karimov juda katta jasorat bilan O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qildi. Biroq respublika ichki hayotida katta muammolar, jiddiy to‘qnashuvlar, Prezident faoliyatiga noto‘g‘ri munosabatlar kuchayib ketdi. O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, uni boshqarishga intiladigan «daho»lar ko‘paydi. Respublika ijtimoiy-siyosiy hayotida parokandalikni, omma orasida esa ishonchsizlikni kuchaytirish, shu yo‘l bilan Islom Karimovni prezidentlik lavozimidan bo‘shatishga intilishlar bo‘ldi. O‘zbekiston SSR Bosh vaziri Sh.Mirsaidov ana shunday fitnachilar guruhiga bosh-qosh bo‘ldi. U atrofiga o‘z gumashtalarini to‘plab talay rejalar tuzdi. Prezidentlik kursisini egallash va gumashtalariga tegishli lavozimlarni bo‘lib berish rejasini amalga oshirish uchun turli nayrang, hiyla va usullardan foydalanishdan toymadi.

Oliy Kengashning 1991 yil 18-21 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan sessiyasi O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan voqea sifatida muhrlandi. Ana shu sessiyada Sh.Mirsaidov va uning gumashtalari ochiqdan-ochiq bosh ko‘tardilar. Ular Prezident Islom Karimov faoliyatidan kamchiliklar qidirishdi. Belgilangan kun tartibini buzib, unga qo‘shimchalar kiritish maqsadida sessiya majlisini mojaroga aylantirishdi. Mantiqsiz, asossiz masalalarni ko‘tarib, ularni Prezident Islom Karimov bo‘yniga ilishdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentga hujum qilishdi. Buning barchasi ularning siyosiy saviyasi naqadar past, o‘zlari esa siyosiy axloqdan uzoq ekanini yaqqol ko‘rsatardi.

Deputat Sh.Nusratov ehtiroslarga to‘la nutqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi faoliyatini tanqid ostiga olib, agar u Prezidentning ayrim qaror va farmonlari Konstitutsiyaga zid ekanini tasdiqlasa, Prezident lavozimidan ozod etilishi lozimligini talab qildi. Ehtirosli fikrlar orqali majlis ahlini junbushga keltirishga qaratilgan ushbu ma’ruza tub mohiyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Islom Karimovga qarshi edi va uni shu sessiyada vazifasidan ozod etishga qaratilgan qat’iy talab edi.


Sessiyada so‘zga chiqqan deputat M.Zohidov fitnachilarning sirini ochib tashladi. U fitnachilarni qo‘llab-quvvatladi, lekin bilib-bilmay o‘zining sirini fosh etib qo‘ydi. Jumladan, u suhbatdoshim O‘zbekiston kompartiyasining ikkinchi sekretar Anatoliy Stepanovich Yefimov «Mirsaidov hokimiyatni qo‘lga olishga intilmoqda, deb aytdi», degan fikrni bildirdi va turli qarama-qarshi kuchlar paydo bo‘lgani, ular hokimiyatga intilayotganini ma’lum qilib Prezident faoliyatiga doir masala kun tartibiga kiritilishini talab qildi. Sessiyada Prezident Islom Karimov so‘zga chiqib nihoyatda katta siyosiy madaniyat, arboblarga xos vazminlik va chuqur mushohada bilan vaziyatni tahlil qildi, sessiya o‘z faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqishiga tayyor ekanini bildirdi.

Konstitutsiyaga, amaldagi qonunlarga zid qaror va farmonlar qabul qilmagani, har birining huquqiy asoslari mavjudligini o‘ta bosiqlik bilan tushuntirib berdi. So‘zining ikkinchi qismida fitnachilar, buzg‘unchi kuchlar haqida gapirar ekan, ularga hurmat bilan, shaxsiyatiga tegmasdan munosabat bildiradi va ushbu sessiyaga kimlardir katta tayyorgarlik ko‘rib, oldindan rejalashtirib so‘zga chiqqanini ochiq-oydin aytdi. Ular bir-birini qo‘llab-quvvatlab, Prezidentga ishonchsizlik bildirib, uni lavozimidan bo‘shatishga qaror qilganlari ma’lum bo‘lib qolgani, sessiya ahlida ko‘tarilgan masala yuzasidan qanday fikrlar bo‘lsa bajonidil o‘z munosabatini bildirishi mumkinligini aytdi.

Mashhur va hurmatli insonlardan biri, O‘zbekiston Kinematografiyachilar uyushmasi raisi Malik Qayumov ham mazkur sessiyada ishtirok etib, o‘z munosabatini bildirdi. Malik Qayumov nutqidan: «Men kino sohasidagi 64 yil mobaynida 10 nafar O‘zbekiston markaziy qo‘mitasi sekretarini ko‘rganman. Hammasi bilan suhbatda bo‘lib, faoliyati haqida kino ishlaganman. Menimcha, faqatgina 3 ta sekretar tariximizda qoladi. Birinchisi – Usmon Yusupov, kanallar qurgan, urush vaqtida yirik fabrikalarni qabul qilib, 1 millionga yaqin odamni O‘zbekistonda saqlagan. Ikkinchisi – Sharof Rashidov. Uchinchisi – Islom Karimov. Islom Karimovga hammamiz rahmat deyishimiz kerak. Chunki O‘zbekistonni mana shundoq qo‘lida ushlab turibdi. Ehtimol, barchada bo‘lgani kabi xato va kamchiliklari ham bordir. Lekin respublikani qo‘lida ushlab turib, hech qanaqangi to‘polonlarga yo‘l qo‘ymaganligi uchun bu odamga biz hammamiz rahmat deyishimiz kerak. (Qarsaklar) Aziz farzandlarim, do‘stlarim! Mendan katta va kichik birodarlarim! Axir butun dunyodan kelishadi bizning yurtimizga. Biz onalarimizga qanday mehr-oqibat, qanday e’tibor bilan qarar edik! Otaxonlarimizga, yoshi ulug‘larga hatto hozir ham biror joyda to‘y, ma’raka bo‘lsa e’tibor bilan qaraydilar, barcha yoshlar qariyalarni oldinga o‘tkazishadi.

O‘tgan safargi sessiyada komsomolning va partiya tashkilotining tarbiyalanuvchisi bo‘lgan va yuqori martabaga erishgan ba’zi bir insonlar chiqib Prezidentimizni ... ayblashdi. Siz esa, hurmatli deputatlar, birortangiz ham o‘rningizdan turib javob qilmadingiz, hech narsa demadingiz, axir bu uyat emasmi? Prezidentni yolg‘iz qoldirdingiz. ...Sharof Rashidovich meni juda ko‘p birga olib yurardi. Bir safar Muruntovga borganimizda, u kishi «Malik aka, mana shu oltinlarning atigi bir foizinigina berishganida edi, men o‘zbeklarning butun ostonasini oltindan qilgan bo‘lardim», degan edi. Sizlardan qaysi biringiz Muruntovning oltinlarini qaytarib ola oldingiz?! Mana shu ishni qilgan odam qahramon-ku axir! U barcha urush qatnashchilariga ham bepul uy berib, qanday xayrli ish qildi. 5-sinfga qadar bo‘lgan o‘quvchilarga bepul ovqat berilmoqda. Va hokazo ishlar qilinmoqda. Yurtboshimiz paxtaning xarid narxini oshirdi, nega sizlar buni ko‘rmayapsizlar! (Qarsaklar) Men Islom Abdug‘aniyevichga omad tilayman. Do‘stlarim, hurmat-e’tiborni unutmaylik. Axir biz uni Prezident qilib saylaganmiz. U nimaiki qilayotgan bo‘lsa, barchasini biz uchun, xalq uchun, 22 millionli O‘zbekiston aholisi uchun qilyapti-ku! U hammasini o‘z qo‘liga olib, qattiq tutib turganligi uchun ham bizda noxush voqealar bo‘lmayapti. Tevarak-atrofingizga bir qarang, Ozarboyjon, Armaniston, Gruziya, Kavkaz, Moldaviyada qanday voqealar bo‘lyapti?! Nahotki siz ana shularning hammasi O‘zbekistonda takrorlanishini xohlasangiz?! Islom Abdug‘aniyevich, «Hamonki men Prezident ekanman, yurtimizda notinchlikka sabab bo‘luvchi voqealarga yo‘l bermayman», deganda men unga minnatdorlik bildirgim keladi. Xudo unga sihat-salomatlik va uzoq umr bersin, yuz yil yashasin! (Davomli qarsaklar)» Sessiya ana shunday katta mojarolar va jiddiy to‘qnashuvlar bilan o‘tdi. Ma’lumki, sessiyaga fitnachilar alohida tayyorgarlik ko‘rgan edi. Shafqatsiz kurash, hujumkorlik ruhiyatida vaziyatni chigallashtirib yuborishdi. Sobiq Ittifoq hududida sarosima, parokandalik, qo‘rquv va hadiksirash, barcha ittifoqdosh respublikalarda ikkilanishlar mavjud bo‘lgan bir sharoitda, mustaqil O‘zbekistonda iqtisodiy tanglik, ijtimoiy taranglik, ruhiy ozurdalik hukmronlik qilayotgan bir paytda muxolif kuchlar hokimiyatni egallashga harakat qildilar. Ular ayni shu vaziyatdan foydalanib qolmoqchi edi. Chunki O‘zbekiston SSSR tarkibidan chiqib ketgach, tabiiy ravishda ijtimoiy-iqtisodiy tanglik holatiga tushgan edi. Islom Karimov esa ana shu og‘ir vaziyatdan bosqichma-bosqich chiqish, «yangi uy qurmay turib, eskisini buzmaslik» yo‘lidan borayotgan edi. Fitnachilar esa murakkab vaziyatdan foydalanib, mustaqilligi e’lon qilingan, uning huquqiy asoslari yaratilgan mamlakatni egallab olishni ko‘zlagan edi. Sog‘lom fikrli kishilar, mamlakat va xalq kelajagini aniq ko‘ra bilgan fuqarolar Islom Karimov tanlagan yo‘lni qo‘llab-quvvatladi. Vaqtning o‘zi shuni isbotladiki, Islom Karimov – mutlaqo yangi davrning mutlaqo yangi uslubdagi odami. U yangi tarixiy sharoitlarda vujudga kelgan, butunlay yangicha ijtimoiy-siyosiy jarayonlar ta’sirida shakllangan, ana shu jarayonlarni o‘z safdoshlari va zamondoshlaridan mutlaqo farqli holda favqulodda zukkolik, ziyraklik va donishmandlik bilan idrok eta bilgan, ularni jur’at va jasurlik bilan hal eta olgan siyosatchi.

Karimov siyosati – yangilanish va o‘zgartiruvchilik siyosati. U – jahon taraqqiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgan mamlakatlar siyosati bilan hamohang keladigan, eng ilg‘or tajribalarga suyangan va bu tajribalarni yangicha sharoitlarda milliy ruh va an’analar asosida o‘z qarashlari bilan uyg‘unlashtirgan siyosat.

Karimov siyosati – qattiqqo‘llik bilan mehribonlik, qat’iyatlilik bilan mehr-muruvvat, talabchanlik bilan kuchli intizom omixta bo‘lib ketgan, xalq dunyoqarashi va tabiatidan kelib chiqqan jonli va hayotiy siyosat.

Islom Karimovning davlatchilik va boshqaruvchilik siyosati, chindan ham, jahon jamoatchiligi diqqatini o‘ziga tortdi. U hozirgacha kishilik taraqqiyotida mavjud bo‘lgan rusumlarga o‘z qarashlari bilan yangilik qo‘shdi.

Nurbek Nuriddinov,
jurnalist

Manba: “Islom Karimov – Mustaqil O‘zbekiston asoschisi” nomli xotira kitobidan