НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

Sog‘inganim, keldingmi Navro‘z!


19.03.2019

Yurtimizga yana Navro‘zi olam o‘z sepini yoymoqda. Bahor havosidan qalblarga tarovat, iliqlik yugurmoqda. Navro‘z koinot va tabiat qonunlari, quyoshning hamal burjiga kirishi, kecha va kunduzning tenglashuvi, kunning uzaya borishi, tabiatda jonlanishning boshlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

  

Asrlar qa’ridan omon chiqib kelgan bayram zamirida xalqimizning qadimiy urf-odatlari, milliy an’analari, qadriyatlari mujassam bo‘lib, ular qayta tiklanib, yangicha tus oldi.

Navro‘z bayrami ko‘hna bayram sanaladi. Mutaxassislarning fikricha, bu bayramning tarixi qariyb 4-4,5 ming yilga teng.

  

Navro‘z asosan bahoriy teng kunlik 21-22 martdan boshlab nishonlangan va bir hafta, o‘n kun, hatto, ba’zi joylarda bir oygacha davom etgan.

Tarixda Navro‘zga munosabat doimo bir xil bo‘lib kelmagan. Turli davrlarda Navro‘z bayramiga u yo bu darajada tazyiqlar bo‘lgan. Sobiq Ittifoq davrida Navro‘zni bayram sifatida rasman nishonlash taqiqlab qo‘yilgan. Navro‘z bayramiga qarshi harakatlar milliy madaniyatlarni qoralash va cheklashga qaratilgan tadbirlarning biri edi.

1986 yilda Islom diniga aloqasi bo‘lmagan bayramga “diniy” tamg‘a bosilib, bu ayyom xalq bayrami sifatida butkul bekor qilingan.

  

1985-1986 yillarda respublika ommaviy axborot vositalari ham bu bayramni o‘z sahifalarida yoritmagan. Navro‘z bayramini taqiqlash haqida respublikada aniq bir qaror qabul qilinmagan bo‘lsada, lekin rahbariyat tomonidan turli rasmiy yig‘inlarda bu bayram va uning “zararli” tomonlari haqida ma’ruzalar qilinib, yangi madaniyatni shakllantirishda asosiy to‘siq deya ta’riflab kelingan.

Islom Karimov tashabbusi va jasorati bilan hali mustabid tuzum hukmron bo‘lib turgan davrda Navro‘z bayrami qayta tiklandi.

Prezidentimizning 1990 yil 3 maydagi Farmoniga muvofiq Navro‘z umumxalq bayrami, 21 mart dam olish kuni deb e’lon qilindi.

1991 yil 12 fevral kuni esa, Respublikada Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish haqida O‘zSSR Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Farmoni e’lon qilindi.

 

Yillar o‘tib, Navro‘z bayramining maqomi va nufuzi xalqaro darajada yuksalib, bu ayyom umumjahon bayramlari qatoridan o‘rin egallashini tasavvur qilish mumkinmidi? Islom Karimov Navro‘zning ma’naviy ahamiyatini, tarbiyaviy rolini uning falsafasini chuqur anglagani bois ham bu masalaga jiddiy qaragan.

2009 yilning 30 sentabr kuni Navro‘z YuNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan edi.

2010 yilning 19 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasi 21 martni “Xalqaro Navro‘z kuni” sifatida nishonlash to‘g‘risidagi qarorni bir ovozdan qabul qildi. Qabul qilingan rezolyutsiyada mazkur bayram madaniyatlaroro muloqot va o‘zaro tushunishni rag‘batlantirishi ta’kidlanadi.

 

Shu tariqa Navro‘z biror bir millat yoki madaniyatning bayrami sifatida emas, balki butun insoniyat merosining bir qismi sifatida nishonlanmoqda. 

«Yangilanish va ezgulik timsoli bo‘lgan Navro‘z falsafasi xalqimizga mansub odamiylik, mehr-oqibat, muruvvat va hikmat kabi yuksak xususiyatlardan oziqlanib kelgani, ajdodlarimiz asrlar davomida qanday buyuk umuminsoniy g‘oyalardan bahramand bo‘lib, ma’naviy kamol topganining yana bir tasdig‘idir, desak hech qanday xato bo‘lmaydi», degan edi Islom Karimov.

Mamlakatimiz Birinchi Prezidentining ?014 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi Qarorida ta’kidlab o‘tilganidek, «Xalqimiz uchun sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy, asl milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘z ayyomini markazda va joylarda har tomonlama puxta tayyorgarlik bilan kutib olish va nishonlash mamlakatimizda ezgu an’anaga aylanib qoldi».

 

Navro‘z – xalqimizning yaratuvchanlik mehnati bilan bog‘liq, orzu-umidlarini kuylagan, uning turmush tarzi, ma’naviyati, milliy ruhini xalq ijodi usuli va uslublari yordamida tarannum etgan, xalqimizing boy milliy san’atini, urf-odatlarini o‘zida saqlagan bayramdir. Navro‘z – qut-baraka, rizq-ro‘z, rasm-rusumlar, urf-odat va an’analar bayramidir. Navro‘zdan bebahra qoladigan ko‘ngil ko‘ngil emas. Navro‘z bayrami mamlakatimiz xalqini umuminsoniylik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, iymon-e’tiqod, tinchliksevarlik, mehr-shafqatlilik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadigan ma’naviy boyligimiz va buyuk xazinamizdir.

Sog‘inganimiz, xush ko‘rdik Navro‘z!