НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

Iqtisodiyot. 2014 yil


17 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Madkamasining 2013 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Prezident Islom Karimov ma’ruza qildi. Ushbu nutq 2014 yil yuqori o‘sish sur’atlari bilan rivojlanish, barcha mavjud imkoniyatlarni safarbar etish, o‘zini oqlagan islohotlar strategiyasini izchil davom ettirish yili bo‘ladi» sarlavhasi bilan matbuotda chop etildi.

17 yanvar. Prezident Islom Karimov Vazirlar Mahkamasi majlisining 2013 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risida» gi qaroriga imzo chekdi.

15 aprel. Prezident Islom Karimov «Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarorga imzo chekdi.

25 aprel. Prezident Islom Karimov Qoraqalpog‘iston Respublikasida bunyod etilayotgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.

– Bunday yirik va muhim loyihani Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirayotganimiz bejiz emas, - dedi davlatimiz rahbari. - O‘zbekiston Koreya Respublikasiga ulkan iqtisodiy, industrial va intellektual salohiyatga ega rivojlangan davlat sifatida qaraydi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida qaror topgan mustahkam va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yuksak qadrlaydi.

Surg‘il koni negizida bunyod etilayotgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligining yuksak namunasidir. Ushbu Loyihaning umumiy qiymati 3,9 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi. Uning amalga oshirilishi yiliga 4,5 milliard kub. metr tabiiy gazni qayta ishlash hisobidan 3,7 milliard kub. metr gaz, 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen, 102 ming tonna piroliz benzini va boshqa qimmatbaho mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari bu yerda mehnat qilayotgan ishchi va mutaxassislar bilan suhbatlashdi. - Mehnatsevarlik, samimiylik, bag‘rikenglik kabi fazilatlar o‘zbek va koreys xalqlariga birdek xos, - dedi Yurtboshimiz.

Majmua qurilishida 6 ming 400 ga yaqin kishi mehnat qilmoqda. Ularning 3 ming 500 dan ziyodi yurtimiz mutaxassislari bo‘lib, aksariyati yoshlardir.

6 may. Prezident Islom Karimov «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini tasdiqladi.

15 may. Prezident Islom Karimov «Qishloq xo‘jaligining mashinasozlik korxonalarini boshqarishni yanada takomillashtirish va moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarorga imzo chekdi.

26-27 iyun. Prezident Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tashrifni Farg‘ona xalqaro aeroportida qurilgan yangi bino faoliyati bilan tanishuvdan boshladi. Prezidentimiz ushbu binoni ko‘zdan kechirar ekan, uni yanada ko‘rkamlashtirish, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Prezident Islom Karimov viloyat markazida qurib bitkazilgan ming o‘rinli San’at saroyi va bu yerda tomoshabinlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan qiziqdi. Saroy atrofidagi 40 gektar maydonga 10 ming tup manzarali daraxt ekilib, so‘lim xiyobon barpo etilgan. Musiqali favvoralar iqlim mo‘tadilligini ta’minlamoqda. San’at saroyiga tutash hududda muhtasham sport koshonasi – Suv sporti majmuasi bunyod etilgan.

Prezidentimiz bu yerda mashg‘ulot o‘tayotgan bolalar bilan suhbatlashdi. Ularning o‘qishi, kelajakdagi rejalari bilan qiziqdi, ularga sport anjomlari sovg‘a qildi.

Davlatimiz rahbari Farg‘ona shahrida bunyod etilgan 20 ming o‘rinli stadionni borib ko‘rdi. Prezidentimiz stadionda sportchilar, tomoshabinlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, yosh sportchilar, xususan, futbolchilar tarbiyalashga e’tiborni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Prezident Islom Karimov Farg‘ona viloyatiga safarining ikkinchi kuni Quva tumanidagi «Rohatoy» fermer xo‘jaligi dalalariga tashrif buyurdi. Bu yerda fermerlar va qishloq, xo‘jaligi mutaxassislari bilan muloqotda fermerlik harakatining samaralari, uni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida to‘xtaldi. Bu haqda gapirar ekan, fermerlar qishloq xo‘jaligi sohasining hal qiluvchi kuchi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

– Xar bir inson o‘ziga oilam mendan rozimi, deya savol berib turishi kerak. Chunki, baxtning asosiy omili, bu – oila. Oilalar baxtli bo‘lsa, jamiyat ham baxtli bo‘ladi, - dedi Yurtboshimiz.

16 iyul. Prezident Islom Karimov davlatga don tayyorlash bo‘yicha shartnoma rejasini muvaffaqiyatli ado etgan O‘zbekiston g‘allakorlariga tabrik yo‘lladi.

29 avgust. Prezident Islom Karimov Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Dastlab Shayxontohur tumanining Abdulla Qodiriy va Labzak ko‘chalari kesishgan chorrahada barpo etilgan yangi zamonaviy ko‘prikni borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekan, ular yuksak mahorat, chuqur bilim, yuqori texnologiyalar asosida amalga oshirilganini alohida qayd etdi.

Yurtboshimiz Abdulla Qodiriy va Sebzor ko‘chalari kesishadigan maydonda bo‘lib, bu yerda bunyod etiladigan yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari Olmazor va Shayxontohur tumanlarida qurilgan yangi yo‘lni ham borib ko‘rdi.

Prezidentimiz bu yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishar ekan, yo‘lsoz va quruvchilarning mehnatiga yuqori baho berdi.

– Eski shahar aholisi asrlar davomida shunday qiyin sharoitlarda yashab kelgan, bu muammoni hech kim uylamagan, - dedi Islom Karimov. - Bu masalani atroflicha o‘rganib, Eski shaharning bosh rejasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, bu yerda yangi yo‘llar, ko‘priklar, zamonaviy uylar, kommunikatsiya tarmoqlari barpo etiladi. Bu ishlarimizning dastlabki samarasini halqimiz ko‘rib turibdi. Ushbu yangi yo‘l aholi uchun katta qulaylik yaratish bilan birga, Eski shaharni hamma havas qiladigan zamonaviy shaharga aylantirish borasidagi ishlarga keng yo‘l ochadi.

Istiqlol bayrami arafasida Toshkent shahrida shaxmat bo‘yicha ixtisoslashtirilgan respublika bolalar va o‘smirlar sport maktabi barpo etildi. Prezidentimiz bu yerda amalga oshirilgan ishlar bilan ham tanishdi.

Shu kuni Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining yangi binosini borib ko‘rdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Davlat boshqaruvi akademiyasi binosi zamonaviy me’morlik va texnologik talablarga muvofiq to‘liq rekonstruksiya qilindi.

Islom Karimov akademiya binosi, u yerdagi konferensiya zallari, Axborot-resurs markazida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, amaliy va tashkiliy muhitni yanada takomillashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.

12 sentabr. Prezident Islom Karimov «Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini tasdiqladi.

6 oktabr. Prezident Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari Oltinko‘l tumanidagi «Ko‘hna vodiy bahori» fermer xo‘jaligi dalalarida bo‘lib, fermerlar, viloyat faollari bilan suhbatlashdi. Prezidentimiz paxtachilikda muayyan xudud iqlimi va tuproq sharoitiga mos serhosil, sifatli tola beradigan yangi navlarni yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Islom Karimov Oltinko‘l tumani «Dalvarzin» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etilgan zamonaviy uy-joy massivini borib ko‘rdi.

Yurtboshimiz qishloq ahli hech kimdan kam bo‘lmay yashashga haqli ekanini va bu yo‘lda amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettirish hamda muntazam takomillashtirib borish lozimligini ta’kidladi. Prezidentimiz bu yerda ko‘cha qiyofasini yanada yaxshilash, binolarga bezak berishda ranglar mutanosibligini ta’minlash, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

4 dekabr. Prezident Islom Karimov «Soliq va byudjet siyosatining 2015 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va ko‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi qonunni tasdiqladi.

9 dekabr. Prezident Islom Karimov «Investitsiya faoliyati to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida» gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini tasdiqladi.