НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

MUBORAK KUNLAR ShUKUHI


13.06.2024

Muborak Qurbon hayiti arafasida turibmiz. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 11 iyunda imzolangan Farmoniga muvofiq, ayyomning birinchi kuni 16 iyun – yakshanba kuniga toʻgʻri keladi.
Shukuhli bayram kunlari el-yurtimizga xos boʻlgan mehr-muruvvat, shafqat va saxovat tuygʻulari barchamizni – ehtiyojmand, kam ta'minlangan oilalar, nogironlar, yolgʻiz keksalarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma'naviy yordam koʻrsatish, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va qabristonlarni obod qilish kabi savobli ishlarga da'vat etmoqda.
Mamlakatimizdagi milliy va diniy qadriyatlarning tiklanishi, millatning oʻz asl oʻzanlariga qaytishi esa bevosita mustaqillik bilan, uning asoschisi boʻlmish – Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov shaxsi va faoliyati bilan bevosita bogʻliq. 1991 yil 11 aprel kuni imzolangan “An'anaviy milliy bayram “roʻza hayiti”ni nishonlash haqidagi Prezident Farmoni – bayramni ommaviy nishonlashga yoʻl ochgan boʻlsa, keyinroq, 1992 yil 27 martdagi Prezident farmoni bilan Ramazon, Qurbon hayitlarining birinchi kunlari dam olish kuni deb e'lon qilingani – tarixiy fakt.
Shundan buyon qancha suvlar oqib oʻtdi, yuz minglar yurtdoshlarimiz avvallari borish armon boʻlgan muborak Haj ziyoratlarini amalga oshirishdi. “Diling – Allohda, qoʻling – mehnatda boʻlsin”, degan olijanob e'tiqod bilan yashayotgan el-ulus – oʻziga qaytarib berilgan qadamjolaru masjidlarda ibodatlarini amalga oshirdi va oshirmoqda.
Fursatdan foydalanib, ulugʻ ayyom arafasida – shu muazzam onlar kelishiga oʻz hissasini qoʻshgan marhumlarimizning oxiratlari obod boʻlishini, betakror Vatanimiz, xonadonlarimizdan esa xotirjamlik, ahillik, fayzu baraka hech qachon arimasligini tilaymiz!
Qurbon hayiti barchamizga muborak boʻlsin!

F.Qurbonboev olgan suratlar