НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

Xotiraga ehtirom


23.05.2023

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning qarori bilan tashkil etilgan Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasida faoliyat yuritayotgan ko‘rgazmalar zaliga tashrif buyurayotgan yuzlab hamyurtlarimiz va mehmonlarning keti uzilmaydi.

20 may kuni majmuaga qadam ranjida qilgan Toshkent Davlat Iqtisodiyot universitetining bitiruvchilari dastavval O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Ularga majmuaning tashkil etilishi, haykalning yaratilishi xususida to‘liq maʼlumotlar berildi.

Ko‘rgazmalar zalida mehmonlar Islom Karimovning obrazini yaratgan mo‘yqalam ustalarining, haykaltaroshlarning ijod mahsullarini hamda tarixiy fotosuratlarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar. Yaqin kunlarda muzey ochilish arafasida ekanligi maʼlumot o‘rnida aytib o‘tildi.

Bu yerda mehmonlar Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova bilan uchrashib samimiy suhbatda bo‘ldilar.

Muloqot davomida Islom Karimov hayoti va serqirra faoliyati, xalqaro maydonda O‘zbekistonning nufuzini oshirish yulidagi saʼy-harakatlari va insoniy fazilatlari haqida so‘z yuritildi. Xotirasi xalqimiz ardog‘ida bo‘lgan Birinchi Prezident barchamiz uchun buyuk ibrat namunasi bo‘lib qolishi yig‘ilganlar tomonidan eʼtirof etildi.

Mustaqillikning dastlabki yillari Islom Karimov o‘zi tahsil olgan oliygohga tashrif buyurib uchrashuv o‘tkazgani va talabalarga qarata: “Siz men uchun qadrdonsiz. Chunki siz, men tahsil olgan oliygohda o‘qiyapsiz. Bizlarni bog‘lab turgan mana shu dargohning qadriga yeting va kelajakka ishonch bilan qarang” – degan so‘zlarini bitiruvchilar o‘zgacha faxr bilan yodga oldilar.

Muloqot so‘ngida mehmonlar Tatyana Аkbarovnaga qimmatli vaqtlarini ayamasdan uchrashuvga kelganlari, sermazmun suhbatlari uchun chuqur minnatdorlik bidirdilar.

F.Kurbanbaev suratlari