НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

ISLOM KАRIMOV – MUSTАQIL OʼZBEKISTON АSOSCHISI


26.08.2021

2021 yil 26 avgust kuni Toshkent fotosuratlar uyida ISLOM KАRIMOV – MUSTАQIL OʼZBEKISTON АSOSCHISI – foto koʼrgazmasi ochildi.

Foto koʼrgazma Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish toʼgʼrisida”gi 2017 yil 25 yanvardagi PQ-2744-sonli qarori koʼra, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Xotira haftaligi doirasida boʼlib oʼtdi.

Tadbirni Oʼzbekiston Badiiy Аkademiyasi raisining oʼrinbosari F.E.Toshmuhamedov kirish soʼzi bilan ochar ekan, Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning olijanob inson, uzoqni koʼra biladigan dono va kuchli davlat arbobi sifatida ulkan tarixiy davrni oʼzida mujassam etgani, yurtimizning koʼp asrlik tarixida oʼchmas iz qoldirganini taʼkidladi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi rahbari T.Shirinov oʼz tabrik soʼzida, mustaqil Oʼzbekiston davlatining asoschisi Islom Karimovning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi ushbu fotokoʼrgazmada koʼzga tashlanib turgan asosiy nuqtalardan biri bu – davlat rahbarining metin iroda sohibi boʼlgani, bu holat u kishining butun bir davrni qamrab olgan suratlarida aks etgani, qolaversa, buyuk davlat arbobi siymosida Oʼzbekistonning ijtimoiy-siyosiy tarixi ham namoyon boʼlishini taʼkidladi.

Shuningdek, Oʼzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi foto-rassomlar shoʼʼbasi raisi R.Sharipov mazkur suratlarning badiiy qiymati, undagi obrazlar haqida soʼzladi. Unga koʼra, har bir surat oʼz tarixiga ega va ular Birinchi Prezident faoliyatining muhim voqeliklari haqida hikoya qiladi.

Foto koʼrgazmada taniqli sanʼatshunos olimlar, rassomlar, jamoatchilik vakillari, harbiylar va jurnalistlar ishtirok etdilar.