НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

Inson har narsadan ulug‘, tinchlik har narsadan qimmatli…


08.05.2019

20-yil muqaddam, 1999-yil 2-mart kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov “9-mayni Xotira va Qadrlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekkan edi.

 

Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan, Vatanimiz mustaqilligi uchun jonini, bor kuch-quvvatini ayamagan biror bir faxriy, biror bir kishi unutilmasligi kerak. Ularning har biriga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatilishi shart ekanligi farmonda belgilab berildi.

 

Insonni ulug‘lash, insonning qadrini joyiga qo‘yish, o‘tganlarning xotirasini yodda saqlash umumxalq bayramining asosiy tamoyiliga aylandi. Bu voqea, hech shubhasiz, yurtimizda tarixiy xotirani to‘laqonli tiklash yo‘lida hayotning o‘zi taqozo etgan yana bir jiddiy qadam bo‘ldi. Shu munosabat bilan poytaxtimizda, viloyat va tumanlarda sovet mafkurasini o‘zida ifoda etgan eski yodgorliklar o‘rniga xalqimizning ruhi va qarashlariga hamohang bo‘lgan Xotira maydonlari tashkil etilib, Motamsaro ona haykali o‘rnatildi.

 

«Noma’lum askar», «bedarak yo‘qolgan» degan iboralarga barham berish kerakligini Islom Karimov o‘sha kezlari ko‘p gapirardi. Qurbon bo‘lganlar, qaytmaganlarning nomini imkon boricha, qurbimiz yetganicha tiklashga harakat qilamiz, insoniy burchimizni albatta bajaramiz, der edi yurtboshimiz. Ana shu maydonlarda barpo etilgan yodgorlik majmualarida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning nomlari maxsus ishlangan lavhalarga zarhal harflar bilan yozib qo‘yilgani, ular haqidagi ma’lumotlar jamlangan 35 jilddan iborat «Xotira» kitobi chop etilgani, aytish mumkinki, mamlakatimiz tarixida ibratli ma’naviy voqea bo‘ldi.

 

Ko‘p gapirish mumkin bu ayyom haqida. Lekin, aynan Mustaqillik yillari bu bayramning asosiy sababchilari urush va mehnat faxriylarining qaddi va qadri tiklandi, 9 mayning nufuzi ortib, Umumxalq bayrami maqomiga ega bo‘ldi.

Farxod Kurbonboyev olgan suratlar