НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

“HIKMATGA AYLANGAN FIKRLAR”


04.09.2024

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tomonidan “Hikmatga aylangan fikrlar” kitobi nashrga tayyorlandi va bosmadan chiqdi.
Necha asrlarki, xalqimiz jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk bobokalonlarimiz – Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Sohibqiron Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarimiz hikmatlarini o‘qib, ma’naviy ozuqa olib, yuksak xislat va fazilat egasi bo‘lishga intilib kelmoqda. Asrlar osha bizga o‘tib kelayotgan bu hikmatlar insonni – ezgulikka, xayrli va savob ishlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni e’zozlashga, el-yurt totuvligi va saodati yo‘lida fidoyi bo‘lishga da’vat etishi bilan qadrlidir.
Shu nuqtayi nazardan olib qaralganda, “Hikmatga aylangan fikrlar” kitobida – shu kunlarda xotirasini yodga olayotganimiz – Mustaqilligimiz asoschisi, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ma’ruza va nutqlari, joylardagi uchrashuv hamda yig‘ilishlarda bildirgan fikr-mulohazalari, o‘tgan yillar davomida yigirma uch jildga yig‘ilgan va alohida nashr etilgan asarlaridan o‘rin olgan iqtiboslar jamlangan. Ular taniqli publitsist, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti o‘qituvchisi Nuriddin Ochilov tomonidan yaxlit bir risola shaklida to‘plandi.
Kitobdan o‘rin olgan hikmatli iboralar va iqtiboslar “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, “Konstitutsiyaviy davlat asoslari”, “Iqtisod – hayotimiz ko‘zgusi”, “Rahbarning muqaddas burchi”, “Inson, oila, ayol” kabi va boshqa mavzular asosida, 18 ta mavzu va bobga ajratilib taqdim etilgan.
Mazkur kitob – eng yangi tariximiz tadqiqotchilari, Birinchi Prezident hayoti va faoliyati bilan qiziquvchilar, umuman, keng jamoatchilik uchun betakror tuhfa bo‘la oladi.