Joriy yil 28-noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti anjumanlar saroyida Kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida “Baxtiyorlar diyori” nomli ko‘rik tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik-tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida 2019 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi”ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi,
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etildi.
Tanlovning saralash bosqichi 2019 yil mart-may oylarida Qorakalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida o‘tkazilib, Mustaqillik davri sharoitida yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish, besh muhim tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillari orasida keng targ‘ib qilish, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maqsadli tashkil etish, ular o‘rtasida do‘stlik va ijodiy yaqinlikni o‘rnatish, yoshlar ma’naviyatini yanada yuksaltirishga qaratildi.
Yakuniy gala konsert va g‘oliblarni taqdirlash marosimida “Baxtiyorlar diyori” nomli tanlovning hududiy bosqichida joylarda ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 13 nafar viloyat, shahar va tumanlardagi akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlarining eng faol jamoalari o‘zlarining bir-biridan qiziqarli chiqishlari bilan ishtirok etdilar.
Yosh o‘g‘il-qizlar mamlakatimizda olib borilayotgan bugungi islohotlar, yuksalish davri samaralarini Vatanimiz rivojidagi yangiliklar, o‘zlari yashayotgan hududlar, tahsil olayotgan ta’lim muassasalaridagi o‘zgarishlar misolida ko‘rsatib berdilar.
Tadbir nihoyasida ishtirokchi jamoalarga diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.