НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

XOTIRA MUQADDAS, INSON QADRI AZIZ


21.12.2021

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan Oʼzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish boʼyicha amaliy tadbirlar doirasida poytaxtimizdagi Oqsaroy qarorgohida Islom Karimov muzeyini tashkil etish ishlari davom ettirilmoqda.

Mazkur loyiha mahalliy va xorijlik mutaxassislar – koʼp yillik tajribaga ega muzeyshunoslar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Shu kunga qadar Oqsaroy qarorgohida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi va binoning maʼlum bir qismidagi xonalar muzey ekspozitsiyasini joylashtirishda qulaylik yaratish maqsadida demontaj qilindi. Islom Karimovning mehnat faoliyati bilan bogʼliq uch qavatli qarorgohning asosiy qismi asl holicha qoldirildi.

Taʼkidlash joyiz, muzeyni jihozlashda zamonaviy meʼmoriy va texnik uslublar keng qoʼllanilmoqda.

Bajarilayotgan ishlarning samarali boʼlishini taʼminlash maqsadida har bir qavat, har bir xona va ekspozitsiya joylashtiriladigan zallar boʼyicha oʼtkazilayotgan taqdimotlarda mutaxassislar doimiy ravishda axborot berib bormoqdalar. Qizgʼin va ishchan ruhda kechayotgan muhokamalarda loyiha mualliflaridan biri, Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatьyana Аkbarovna Karimova muntazam ishtirok etib, oʼz fikr-mulohazalari, takliflarini bildirib kelmoqda.

   

Navbatdagi kengaytirilgan tarkibda oʼtkazilgan taqdimot marosimida respublikaning bir qator vazirlik va idoralari mutasaddilari, agentlik va tashkilotlar vakillari, Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Ilmiy tekshirish institutlari olimlari, muzey ishlari boʼyicha mahalliy va chet ellik mutaxassislar, Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi xodimlari hozir boʼldilar. Maqsad – ayni bosqichda qilingan ishlarni namoyish etish va bu borada yigʼilganlarning fikrini oʼrganish.

Аslida bunday tadbirlar loyihaning shaffofligini taʼminlash bilan bir qatorda keyingi bosqichdagi ishlarni amalga oshirishda bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda davom ettirish imkoniyatini yuzaga keltiradi. Taqdimot qatnashchilari qarorgoh ichkarisida qilingan ishlarni koʼzdan kechirdilar. Mehmonlarga taniqli kino ustalari tomonidan yaratilgan annimatsion film ham namoyish etildi.

Bir necha daqiqali filmda yurtimizning qadimiy tarixi, Oʼzbekistonning shakllanishi va taraqqiy topishi bilan bogʼliq barcha jarayonlar toʼliq qamrab olingan. Taniqli rejissyor Jaxongir Qosimov boshchiligidagi ijodiy guruh tomonidan tayуorlangan film taqdimot qatnashchilarida chuqur taassurot qoldirdi.