НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

Tarixiy burilish pallasida xalq dardi, millat qayg‘usi bilan yashagan edi


14.11.2017

Dunyodagi xalqlar va millatlarning ozodlik yo‘lidagi kurashlar tarixi shundan dalolat beradiki, jamiyat hayotidagi tub burilishlar davrida ijtimoiy-siyosiy vaziyatning o‘zi buyuk yo‘lboshchilarni maydonga chiqaradi.


Hindiston tarixida Maxatma Gandi, Amerika Qo‘shma Shtatlari tarixida Jorj Vashington, Fransiya tarixida Sharl de-Gol, Turkiya tarixida Mustafo Kamol Otaturk ana shunday tarixiy missiyani o‘z zimmasiga olib, ona xalqining milliy ozodlik kurashiga boshchilik qilganini yaxshi bilamiz.

Bu haqda gap ketganda, Sohibqiron Amir Temur bobomiz XIV asrda Turkiston zaminini mo‘g‘ullar zulmidan ozod etib, o‘ziga yuklatilgan buyuk missiyani ado etganini hamisha g‘urur-iftixor bilan esga olamiz. XX asrning 90-yillariga kelib esa Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ana shunday o‘ta og‘ir va mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga oldi.

1989 yil 24 iyunda, respublika rahbari sifatida ish boshlaganining ikkinchi kuni Farg‘ona vodiysi viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengashda so‘zlagan nutqi Islom Karimovdagi haqiqiy yo‘lboshchilarga xos fazilatlarni yorqin namoyon qildi.

Qonida bor deb shunga aytadilar-da! Islom Karimov Davlat reja qo‘mitasining raisi bo‘lib ishlagan vaqtida bir muhim xulosani, ya’ni O‘zbekiston iqtisodiyoti shu tariqa biryoqlama rivojlanishda davom etadigan bo‘lsa, bu xatarli jarayon oxir-oqibatda halokatli natijalarga olib kelishi muqarrar, degan, chuqur ilmiy asoslangan fikrlarni respublika rahbariyatiga yozma ravishda ma’lum qilgani ham tasodifiy hol emasdi. Davlat va xalq manfaatini o‘ylab, kelajak haqida qayg‘urib bildirilgan bunday takliflarga e’tibor qaratish o‘rniga, Markaz va uning respublikadagi gumashtalari uni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan eng og‘ir ahvolda qolgan mintaqaga rahbar qilib, aslida esa jazolash uchun yuborishni ma’qul ko‘rishdi.

Taqdirning qaltis o‘yin va sinovlaridan o‘tgan, qisqa davr ichida Qashqadaryodek katta bir viloyatdagi ahvolni tubdan o‘zgartirishga erishgan Islom Karimov O‘zbekiston rahbari bo‘lib saylanganining ertasiga, ya’ni 1989 yilning 24 iyun kuni respublika hukumatining majlisida «Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi» deb, qat’iy bayonot berishi uning qanday azmu shijoat bilan yangi vazifaga kirishganidan dalolat beradi.

Respublika rahbari sifatida ishtirok etgan birinchi majlisidayoq Islom Karimov o‘n yillar davomida to‘planib qolgan va ko‘pchilik bundan buyon ham shunday davom etaveradi, degan kayfiyat bilan loqaydlarcha yondashayotgan masalalarga oydinlik kiritdi. Boshqacha aytganda, o‘zining rahbarlik pozitsiyasini ochiq bayon etdi.

Sobiq mustabid tuzum davridagi paxta yakkahokimligi, mustamlaka tuzumiga xos, biryoqlama rivojlangan iqtisodiyotning halokatli oqibatlari, avvalo, odamlarning turmush tarzida, eng yomoni, ularning jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad darajasining o‘ta pastligida, tomorqa yerlarining keskin kamayib borishida, millatning salomatligi, uning genofondiga salbiy ta’sirlarning kuchayishida, bolalar va onalar o‘limining avj olishida, o‘lkamizning ekologik nochor holatida va boshqa ko‘plab masalalarda yaqqol ko‘zga tashlanayotgan edi.

Buning ustiga, atayin o‘ylab topilgan buzg‘unchilik va o‘zaro nifoq solishlardan xalqning sabr kosasi to‘lib ketdi. Ulkan mas’uliyat va javobgarlikni yurak-yuragidan his qilgan Islom Karimov buyuk bir vazifani — O‘zbekistonni, uning jafokash xalqini qariyb 130 yildan buyon davom etib kelayotgan mustamlakachilik zulmidan ozod etish vazifasini o‘z zimmasiga oldi. Har lahza, har daqiqada ona xalqining taqdiri va kelajagini o‘ylab yashadi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.

Islom Karimov nafaqat ishga, ayni paytda ming-minglab odamlar takdiriga bepisandlarcha munosabatda bo‘lishga mutlaqo toqat qilolmadi.

Islom Karimov buyuk bir vazifani — O‘zbekistonni, uning jafokash xalqini qariyb 130 yildan buyon davom etib kelayotgan mustamlakachilik zulmidan ozod etish vazifasini o‘z zimmasiga oldi. Har lahza, har daqiqada ona xalqining taqdiri va kelajagini o‘ylab yashadi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.

Tarix guvoh — xalq dardi bilan yonib, nafas olgan, o‘zini buyuk ishlarga bag‘ishlagan mard va jasur insonlar hech qanday xavfu xatardan qo‘rqmaydi. Bamisoli butun xalqning ezgu niyatlari ko‘rinmas qudratli kuchga aylanib, ularni qo‘llab-quvvatlab turadi.

Hayratli jihati shundaki, 70 yildan ziyod vaqt mobaynida faqat maqtalgan, ta’riflab ko‘kka ko‘tarilgan sobiq mustabid tuzumning butun kirdikorlarini Islom Karimov aniq dalil va raqamlar bilan ochib tashladi. Dunyoda eng adolatli, insonparvar jamiyat deb tasvirlangan mustabid tuzum aslida zulm va zo‘ravonlikka asoslangan eng g‘ayriinsoniy jamiyat ekanini ochiq bayon etdi. Islom Karimovga qadar hech kim O‘zbekistondagi chuqur ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz haqida, uning tub ildizlari to‘g‘risida shu qadar katta jasorat bilan gapirmagan edi.

Respublikada jamiyatni demokratlashtirish, O‘zbekistonning haqiqiy suverenitetini o‘rnatish, mamlakatda yashayotgan ko‘p sonli millatlarning totuvligi va tengligini ta’minlash Islom Karimov boshliq siyosiy rahbariyatning asosiy vazifalaridan biriga aylandi. Muhimi, O‘zbekiston xalqi yuzaga kelgan vaziyatni barqarorlashtirish, iqtisodiy va siyosiy mustaqillikni ta’minlash yo‘lidagi bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatladi.

Mustaqillikka erishish arafasida vujudga kelgan o‘ta og‘ir sharoit, turli to‘siqlarga qaramasdan, xalqimiz Islom Karimov boshchiligida o‘zining asriy orzusi — O‘zbekistonning davlat suvereniteti va mustaqilligi sari dadil va qat’iyat bilan harakat qilishda davom etdi. Nihoyat, 1991 yilning 31 avgustida Islom Karimov tantanali ravishda O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligini e’lon qildi.

Vatanimiz tarixiga zarhal harflar bilan yozilgan o‘sha unutilmas kunlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, yosh, mustaqil O‘zbekiston davlati rahbari tomonidan mamlakatimiz taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab muhim hujjatlar qabul qilinganini ko‘ramiz. Misol uchun, 31 avgust kuni qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qilish to‘g‘risida»gi Qaror va «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida»gi Bayonot hamda «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida»gi Qonun va boshqa qonun hujjatlari shular jumlasidandir.

1991 yil 29 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazildi. O‘zbekistondagi prezidentlik hokimiyatini mustahkamlashda 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonun va uning asosida o‘tkazilgan umumxalq saylovi katta ahamiyat kasb etdi. Mustaqillik yillarida prezidentlik instituti to‘la shakllandi.

Birinchi Prezident Islom Karimov «Mustaqillikni erkinlik to‘g‘risidagi shiorlar bilan emas, balki siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy mazmun bilan to‘ldirish kerak» deb ta’kidlab, bunday qarashni o‘z faoliyatining bosh mezoni deb bildi. Shu sababli O‘zbekistonning hayotiga daxldor bo‘lgan har bir masalaga kompleks yondashib, ularning yagona to‘g‘ri va muqarrar yechimi — bu mustaqillik va faqat mustaqillik, degan mantiqiy xulosaga keldi. Bunday dadil fikrni katta-katta minbarlaridan turib bayon etishdan cho‘chib ham, tortinib ham o‘tirmadi.

Birinchi Prezidentimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy sohalarga — O‘zbekiston hayotining deyarli barcha jabhalariga taalluqli bo‘lgan muammolarni aniq raqam va ko‘rsatkichlar asosida bilishi va ularning yechimini aniq ko‘rsatib berishi uning qalbida islohot g‘oyalari, mustaqillik g‘oyasi uzoq yillar davomida shakllanib borganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston mustaqilligi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan qandaydir taqdir ehsoni emas, balki real tarixiy zaminda, real tarixiy shart-sharoitda xalqimiz va unga yetakchi bo‘lib maydonga chiqqan jasur Islom Karimovning tinimsiz kurashlari asosida amalga oshirilgan, el-yurtimizning tub manfaatlaridan o‘sib chiqqan, ne-ne ajdodlarimizning asriy orzu-intilishlarini ifoda etadigan konkret tarixiy jarayon, amaliy voqelik ekanini hayotiy misollar, aniq dalillar isbotlab turibdi.

Birinchi Prezidentimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy sohalarga — O‘zbekiston hayotining deyarli barcha jabhalariga taalluqli bo‘lgan muammolarni aniq raqam va ko‘rsatkichlar asosida bilishi va ularning yechimini aniq ko‘rsatib berishi uning qalbida islohot g‘oyalari, mustaqillik g‘oyasi uzoq yillar davomida shakllanib borganini ko‘rsatadi.

Buyuk shaxslarning bir paytning o‘zida ham ulkan nazariyotchi, ham mohir tashkilotchi va amaliyotchi sifatida xalq va millat oldida ko‘ndalang turgan ko‘pdan-ko‘p savollarga puxta ilmiy-nazariy asosda javob topishi va ularning eng maqbul yechimini ko‘rsatib berishi dunyo tarixida kamdan-kam uchraydigan fenomenal hodisadir. Islom Karimov timsolida Tarixiy burilish pallasida xalq dardi, millat qayg‘usi buyuk shaxslarni yaratishini yanada chuqurroq anglaymiz. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida xalqimiz baxtiga shunday ulug‘ insonni rahbar qilib bergani uchun shukronalar aytamiz.

N.OBLOMURADOV,
tarix fanlari doktori,
Sh.SHAYAKUBOV,
tarix fanlari nomzodi