НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

O‘ZBЕKISTON VA YUNЕSKO HAMKORLIGINING YANGI, ZAMONAVIY BOSQICHI


29.10.2025

Joriy yil 28 oktyabrdan 13 noyabrgacha Samarqand shahrida o‘tadigan BMT Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YUNЕSKOning 43-sessiyasi nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyo uchun muhim xalqaro voqelik sanaladi. Bu tarixiy voqea hisoblanib, so‘nggi 40 yil ichida mazkur forum ilk bor tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohidan tashqarida o‘tkazilmoqda. Tadbirda 194 ta davlatdan 5 mingdan ortiq delegatlar ishtirok etishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Mintaqamizda birinchi marta o‘tadigan ushbu muhim global miqyosdagi tadbir xalqaro hamjamiyatga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan sivilizatsion salohiyatini yana bir bor namoyish etishga xizmat qiladi”.
Bugungi xalqaro maydonda tinchlik, o‘zaro hamkorlik va barqaror rivojlanish g‘oyalari ustuvor ahamiyat kasb etayotgan sharoitda, davlatlar – madaniyat, fan va ta’lim sohalaridagi muloqotni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada YUNЕSKO bilan hamkorlik barcha mamlakatlar uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Ushbu hamkorlik ta’lim va ilm-fan sohalarida innovatsion tajribalarni joriy etish, madaniy merosni muhofaza qilish va uning orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlash imkonini ham yaratadi.
Ma’lumki, ushbu xalqaro tashkilot 1945 yil 16 noyabrda tashkil etilgan bo‘lib, tashkilot davlatlar va xalqlar o‘rtasida ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda moddiy va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish masalalari bilan shug‘ullanadi. YUNЕSKOning bosh qarorgohi Parij shahrida joylashgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri xalqaro tashkilotlar bilan keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirish va uni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat hisoblaniladi. Bu borada YUNЕSKO bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. 1993 yil 26 oktyabrda O‘zbekiston YUNЕSKOning to‘laqonli a’zosi bo‘ldi. 1994 yilda tashkilot bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish maqsadida Milliy komissiya tuzidi.

Shu vaqtdan boshlab mamlakatimiz va mazkur tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib bormoqda. 1996 yilda O‘zbekistonda YUNЕSKOning vakolatxonasi ochildi. Hozirgi vaqtda mazkur vakolatxona rahbarligi ostida bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Hamkorlik tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ma’naviy tiklanish, milliy o‘zlikni anglashni mustahkamlash, xalqimizning tarixiy xotirasini tiklash, uning ulkan ilmiy va madaniy salohiyatini avaylashga katta e’tibor qaratganini eslashga to‘g‘ri keladi. Birinchi Prezident ma’naviy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni, muqaddas dinimiz, an’analarimiz va urf-odatlarimizni saqlash va rivojlantirishni – davlat siyosati darajasiga olib chiqdi. Uning islom madaniyati va jahon faniga bebaho hissa qo‘shgan buyuk allomalar xotirasini tiklashdagi tashabbuslari natijasida ulug‘ ajdodlarimiz jahon miqyosida yana bir bor e’tirof etildi.
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi, Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan qadimiy Samarqandda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, 2007 yilda YUNЕSKO shafeligida Samarqand shahrining 2750 yilligi keng nishonganligi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Ulug‘bek rasadxonasi va boshqa tarixiy qadamjolar obod qilinganligi yuqoridagi fikrimizning yorqin isbotidir.
O‘zbek milliy musiqa san’atini ommaviylashtirish va saqlab qolish maqsadida Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Sharq taronalari” xalqaro festivali YUNЕSKO xalqaro tashkiloti qaramog‘i ostida ilk bor 1997 yilda o‘tkazilgan. Islom Karimovning ezgu ishlari YUNЕSKO tashkiloti tomonidan yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi. Xalqaro tashkilotning qator nufuzli mukofotlari bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston va YUNЕSKO o‘rtasidagi hamkorlik mamlakatning ta’lim, fan, madaniyat hamda madaniy merosni asrash sohalarida rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu hamkorlik respublikaga ta’lim va ilmiy tizimlarni takomillashtirish, boy madaniy merosini muhofaza qilish hamda butun dunyodan sayyohlarni jalb etish imkonini bermoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning YUNЕSKO bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu xalqaro tuzilma mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirish, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama sheriklikni kengaytirish va chuqurlashtirish uchun muhim xalqaro maydon vazifasini bajaradi.
So‘nggi sakkiz yil ichida mamlakatning 16 ta nomoddiy madaniy meros elementi YUNЕSKO ro‘yxatlariga kiritildi. Jumladan, “Shashmaqom”, Boysun madaniy an’analari, Katta ashula, Askiya san’ati, Palov bilan bog‘liq madaniyat va an’analar, Navro‘z bayramini nishonlash an’analari, Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi, atlas va adras tayyorlashning an’anaviy texnologiyalarini saqlash, “Lazgi”, Miniatyura san’ati, Baxshichilik, Ipakchilik va an’anaviy ipak tayyorlash san’ati kabi va boshqalarni sanash mumkin.
Xalqimizning noyob madaniy va tarixiy merosini asrash, uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish masalasi – O‘zbekiston va YUNЕSKO hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu sohadagi faol hamkorlik O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rnini yanada yorqin namoyon etishga xizmat qilmoqda. Hamkorlik doirasida mamlakatimizda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish, qayta tiklash va ilmiy asosda o‘rganish bo‘yicha qator yirik loyihalar amalga oshirildi.
Jahonning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rganish va jalb etish maqsadida yurtimizda YUNЕSKO kafedralari tarmog‘i kengaymoqda. O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida "Dunyo dinlarini qiyoslama tadqiq etish", "Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi", "Madaniyat turizmi" kabi kafedralar ochilmoqda.
YUNЕSKO ko‘magida mamlakatimizda "Sharq taronalari", baxshichilik san’ati, hunarmandchilik festivallari, Maqom san’ati anjumani kabi qator yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Umuman, o‘tgan 30 yildan ziyod vaqt davomida O‘zbekiston va YUNЕSKO o‘rtasidagi munosabatlar barqaror rivojlanish va amaliy mazmun bilan boyidi. Bu jarayonda O‘zbekistonning tarixiy yodgorliklarini muhofaza qilish, nomoddiy madaniy merosni saqlash, zamonaviy ta’lim va ilm-fan tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish masalalari alohida o‘rin tutdi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, 30 yillik hamkorlik davomida O‘zbekiston va YUNЕSKO munosabatlari yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Bu davr mobaynida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, xususan ta’lim, fan, madaniyat sohalarida izchil rivojlanishga erishildi, tarixiy va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, milliy ta’lim tizimini rivojlantirish, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli natijalarga erishildi.

Feruza MUHIDDINOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori,
yuridik fanlari doktori