НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

MUSTAQIL O‘ZBЕKISTON BAYROG‘I – G‘URUR VA IFTIXOR RAMZI


17.11.2025

“Davlat atributlari gerb, bayroq va madhiya bu shon-sharafni,

tarixiy xotirani va O‘zbekiston xalqining ezgu

orzu-niyatlarini ifodalaydi, ushbu ramzlarni hurmat qilish

har bir haqiqiy vatanparvarning muqaddas burchidir”.

Islom Karimov

Davlat ramzlari tarixiga nazar

O‘zbekiston hududida paydo bo‘lgan ilk davlat va huquq ramzlaridan biri tamg‘alar bo‘lgan. Tamg‘alar dastlab qadimgi urug‘larni bir-biridan farqlovchi belgilar vazifasini bajargan bo‘lsa, keyinchalik davlatga taalluqlilikni ifodalab, bayroq, muhr, pullar, yorliqlar va boshqalarda aks ettirilgan.

Davlatchiligimiz tarixining qaysi bir davrini olib qaramaylik, davlat ramzlari Vatan timsollari sifatida hamisha aziz va muqaddas sanalgan. Hamma zamonda ham bular shunchaki davlat siyosatini amalga oshirish vositasigina bo‘lib qolmagan. Aksincha, juda katta ijtimoiy ma’naviy ahamiyat kasb etgan. Xalqimizning buyuk davlat barpo etish g‘oyasi, salohiyati va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligi, eng avvalo, davlat ramzlari va timsollarida o‘z ifodasini topgan. Shuning uchun ajdodlarimiz hayotida ramzlar va timsollar juda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Odamlar shu timsollar uchun hatto o‘z jonlarini ham fido etganlar. Jangu jadallarda bayroqning qulashi va dushman qo‘liga o‘tishi – mag‘lubiyat bilan barobar bo‘lgan.

Bunga tariximizdan juda ko‘p misollar keltirish mumkin. Masalan, 1221 yilning kuzida mo‘g‘ul bosqinchilari olti oylik qamaldan so‘ng Xorazm poytaxti Gurganjga yopirilib kirganida, Shayx Najmiddin Kubro shahar mudofaasi rahnamolaridan biriga aylanadi. Tengsiz kurashlarda o‘z ko‘ksini dushman nayzasiga qalqon qilib, yurt ozodligi yo‘lida shahid bo‘ladi. Aytishlaricha, Shayx o‘limi oldidan mo‘g‘ul yalovbardoridan bayroqni tortib olib yerga qulaydi.  Yovga nisbatan nafrat shu kadar kuchli ediki, mo‘g‘ullar keyinchalik Shayxning jonsiz qo‘lidan bayroqni tortib ololmagan va uning panjalarini kesib, o‘z bayroqlarini ajratib olgan.

Shayx Najmiddii Kubroning yurt ozodligi yo‘lidagi bu jasorati – mana, qariyb sakkiz yuz yildirki, barcha avlodlarga ibrat namunasi bo‘lib kelmoqda. Sohibqiron Amir Temur davrida xam davlat bayrog‘i katta ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etgan. Shu sababli jangu jadallarda davlat bayrog‘ini Amir Temurning eng ishongan bahodir sipohiylari qo‘riqlagan. “Temur tuzuklari”da ta’kidlanishicha, dushman ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib, g‘alaba qozongan amirlar va sipohiylar davlat timsollari – tug‘ va nog‘ora bilan mukofotlangan. Bu – sohibqiron saltanatida davlat ramzlari nechog‘li baland turganligidan dalolat beradi. Amir Temur davlatida tamg‘a – bir-biriga bog‘langan uch halqadan iborat bo‘lgan. Bu tasvir tangalar, muhrlarga tushirilgan. Tamg‘ada uch halqa tasviridan tashqari “rosti-rusti” iborasi ham yozilgan. Ushbu ibora Oqsaroy darvozasining peshtoqida ham bo‘lgan.

Uning mazmuni ayrim tadqiqotchilar tomonidan “Agar adolatli bo‘lsang, har bir ishda omad yor bo‘ladi”, degan ma’noda ta’riflangan bo‘lsa, boshqalari tomonidan “Kuch – adolatda” sifatida tavsiflanadi. Har ikki talqin ham bu ibora davlatni adolatli boshqarish to‘g‘risidagi shior bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Kelajagi buyuk davlat barpo etish g‘oyasi – mustaqilligimizning ilk kunlaridayoq qabul qilingan davlatimiz ramzlarida ham o‘z ifodasini topgan. 1991 yilning 18 noyabrida qabul qilingan bayrog‘imizda xalqimizning hoxish-irodasi, aql-salohiyati, kayfiyati aks etgan.

Mustaqil yurtimizning rasmiy belgilari – O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i, gerbi, madhiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti, jamiyat rivoji va xalq farovonligi yo‘lida ma’naviyatning eng muhim timsollari sifatida munosib xizmat qilib kelmoqda. Shu bois, bayrog‘imiz yoki gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda jo‘shqinlik, qo‘shimcha kuch-g‘ayrat, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g‘urur va buyuk kelajakka ishonch tuyg‘usini his qilishimiz shubhasiz.

Shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasi ishlab chiqilishi va qabul qilinishi jarayoni 2 yarim yildan ko‘proq muddatni va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan bir necha bosqichlarni o‘z ichiga olgan.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining ramziy belgilarini ishlab chiqishga tayyorgarlik bosqichi amalga oshirildi. 1990 yil 30 martda «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi, 1991 yil 15 fevralda «O‘zbekiston Davlat bayrog‘i va Davlat gerbi emblemalarini ishlab chiqish to‘g‘risida»gi parlament qarorlari e’lon qilindi.

Davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasini qabul qilish yuzasidan konstitutsiyaviy komissiya hamda taniqli olimlar, rassomlar, san’atshunoslar, madaniyat va san’at arboblari, siyosatshunos va huquqshunos mutaxassislardan iborat ekspert guruhi va maxsus komissiya tuzildi.

Ikkinchidan, davlat ramzlari va ularning musiqaviy ekvivalentini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov bosqichi amalga oshirildi. Tayyorgarlik ishlari 1991 yil 11 fevraldan boshlab yuborilgan bo‘lsa, iyun oyidayoq davlat bayrog‘i va gerbi loyihasiga dastlabki tanlov e’lon qilindi. Respublika ramziy belgilarini ishlab chiqish bo‘yicha tuzilgan komissiyalar bayroq va gerb emblemasi hamda eng yaxshi madhiya matni uchun tanlov e’lon qildi va bu ishga mutaxassislar bilan birga keng jamoatchilik jalb qilindi.

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasi loyihalarining umumxalq muhokamasi bosqichi amalga oshirildi. Bu bosqichda fuqarolar va mutaxassislar tomonidan taklif etilgan davlat bayrog‘i va gerbi emblemalarining variantlari, madhiya matni hamda musiqasi matbuotda yoritilib, umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

To‘rtinchidan, davlat ramzlari bo‘yicha tanlov va umumxalq muhokamasi natijalarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashida umumlashtirilishi bosqichi amalga oshirildi. Tanlov bo‘yicha dastlabki olti oy natijalari 1991 yil 31 avgustda ish boshlagan parlament oltinchi sessiyasida ko‘rib chiqildi. Lekin taqdim etilgan davlat bayrog‘i emblemasi loyihalari O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi parlament qarorini qabul qilishda qatnashgan ko‘pchilik deputatlarni qoniqtirmadi va ijodiy izlanishlar davom ettirildi.

Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining qabul qilinishi va bayroq haqida umumiy tushunchalar

O‘zbekiston suverenitetini belgilaydigan ramzlar orasida Davlat bayrog‘i alohida o‘rin tutadi. Zero, bayroq xalqning o‘tmishi va buguni, mustaqilligi, tinchligi va barqarorligining timsolidir.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov umumxalq muhokamasi davomida tushgan takliflarning asosiy g‘oyalarini mujassamlashtirib, davlat bayrog‘idagi uchta asosiy rangni – moviy, oq va yashil yo‘l-yo‘llarni o‘z qo‘li bilan chizib, komissiyaga taqdim etdi. Birinchi Prezidentning ushbu tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini qabul qilishda asos vazifasini bajardi.

Parlament yettinchi sessiyasida O‘zbekiston davlat ramzlarining variantlari qanday tayyorlanayotganligi to‘g‘risida konstitutsiyaviy komissiya axborot berdi. Shundan keyin tanlovda g‘olib deb topilgan davlat bayrog‘i loyihasining uch varianti parlament muhokamasiga qo‘yildi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng ularning ikkinchisi ko‘pchilik ovoz bilan asos sifatida qabul qilindi.

1991 yil 30 sentyabr kuni davlat bayrog‘ining emblemasi parlament qarori bilan qabul qilindi. 1991 yil 18 noyabr kuni parlament tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Davlatimiz bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalar, xalqaro ko‘rgazmalar, sport musobaqalarida O‘zbekistonning timsoli sifatida hilpirab turadi.

Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosi oldida, davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik, savdo vakolatxonalari va konsullik muassasalari binolari oldida hilpirab turgan, milliy havo kemalarimizga tasviri tushirilgan bayrog‘imiz barchada faxr-iftixor hissini uyg‘otadi.

Davlatimiz bayrog‘ida aks etgan har bir rang, belgi yurtimizning boy tarixi, milliy davlatchiligimiz, bebaho qadriyatlarimiz, Vatanimizning buyuk kelajagini ifoda etadi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini o‘rnatish, uning mamlakatimiz fuqarolari, shuningdek, yurtimizda yashaydigan boshqa shaxslar tomonidan hurmat qilinishi qonunga asosan muhofaza qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i – bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir. Davlat bayrog‘ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan.

Oq rangli yangi oy va o‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning o‘rtasidan 75x30 santimetrga teng to‘g‘ri to‘rtburchakka sig‘adigan qilib joylashtirilgan.

Oq rangli yangi oy vertikal holatda do‘ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan bo‘lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig‘adi.

O‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sig‘adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o‘rta qatorda to‘rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatni ta’minlagan holda, undan jamoat joylarida, binolar va boshqa obyektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek, ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanilishi mumkin deb belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra, davlat bayrog‘idan qo‘yidagi holatlarda foydalinish ta’qiqlangan:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas, bundan O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatni ta’minlagan holda uning tasviri tushirilgan belgilardan ustki kiyim-boshni bezatish yoki O‘zbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida foydalanish mustasno.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsiz munosabatda bo‘lishga, shu jumladan:

– bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi o‘chgan holda va boshqa noma’qul tarzda foydalanishga;

– biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanishga;

– bayroqni stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shashga yoki uning tasvirini tushirishga va undan qoplama sifatida foydalanishga, shuningdek uni o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shashga yoki uning tasvirini tushirishga;

– kiyim-bosh, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, shuningdek buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanishga;

– bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzalga, dastro‘molga, ko‘rpa-to‘shakka, ichki kiyimga, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarishga yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirishga;

– bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramziy belgilari O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas.

Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonunning 8-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i binolarning asosiy kirish joyida yoki buning uchun maqbul bo‘lgan boshqa joyda yoxud tegishli tutqichi bo‘lgan dastada, yo bo‘lmasa flagshtokda bayroqning dastasi binoning old tomoni bilan ko‘pi bilan 45 gradusli burchak hosil qiladigan tarzda ko‘tariladi.

Ko‘tarib qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining matosi yer sathidan kamida 2,5 metr balandlikda bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, yurtimizda bo‘lib turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini hurmat qilishlari shartligi hamda bu bo‘yicha qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishlari qonunda ko‘rsatib o‘tilgan.

Davlat ramzlari xuddi ona Vatan kabi aziz va muqaddas. Ramzlar va timsollar xamma davrda xam milliy g‘urur, fidoyilik va vatanparvarlikni shaklantirishda eng muhim vositalardan hisoblanib kelgan. Zero, ular xalqning tarixi, ruhiyati, ananalari bilan chambarchas bog‘liq.

Bu yil davlatimiz bayrog‘ining qabul qilinganiga 34 yil to‘ldi. 1991 yilning 18 noyabri esa O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan sana sifatida tariximizga muhrlandi.

Xalqimizning g‘urur, iftixor va tinchligi ramziga aylangan mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i abadiy hipirab tursin!

 Hamro Rahmonov,

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.