НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

Millat xazinasini boyitgan mutafakkir


02.04.2018

28 mart kuni O‘zbek Milliy drama teatrida “Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola” tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 1-o‘rin va bosh mukofot bilan “Boshlang‘ich ta’lim” jurnali Bosh muharriri Halim Saidov “Millat xazinasini boyitgan mutafakkir” maqolasi uchun taqdirlandi.

–––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––– 

Men o‘ylaymanki, avvalambor hayot mazmunini o‘ylab yashagan odamlar baxtli. Bu hayotdan yengil-elpi yashab o‘tish ham mumkin. Ammo hayotning mohiyati, umr ma’nosi, oxirat haqida qayg‘uradigan, kelajak mazmuni, farzandlar istiqboli haqida o‘ylaydigan, nima qilsam shu bolalarim baxtli-saodatli, sog‘-salomat, to‘q-farovon bo‘ladi, degan tashvish bilan yashaydigan odamlarning soni esa, ishonchim komilki, ko‘proq. Bunday odamlarni o‘zgartirish qiyin. Men ham shunday odamman.  Xudo taolo meni shunday qilib yaratgan. Xohlardimki, meni hayot ham, xalqimiz ham shunday qabul qilsin.

Islom Karimov

  1. Baxt uchun kurash dasturi

Ajdodlarimiz 130 yil orzulagan istiqlolni e’lon qilib tariximiz zarvaraqlarida o‘z nomini muhrlagan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov yurtimizni dunyoga tanitish yo‘lida umrini baxshida etdi. Bunday baho odatda xalqini mustamlaka zulmidan ozodlikka olib chiqqan har qanday yurtning vatanparvar rahbariga nisbatan qo‘llanilishi tabiiy hol. Lekin ularning juda oz qismigina Islom Karimovdek tadbir qo‘llagan — mamlakatning uzoq muddatga mo‘ljallangan rivojlanish dasturini ishlab chiqqan.

U yurtga rahbarlik faoliyatini dunyoning mangu savoli hisoblangan “Nima qilmoq kerak?” so‘rog‘iga javob qidirishdan boshladi, fikrimizcha. Bunda insoniyatning ilg‘or tajribalarini o‘rganishdan avval bobolarimiz tadbiru ta’limotlariga e’tiborini qaratdi.

Keling, o‘tgan asrning 90-yili — istiqlol ostonasidagi ahvolni yodga olamiz. Aybni kimning bo‘yniga qo‘yishni bilmay jon talvasasida to‘lg‘onayotgan sobiq sovet tuzumining so‘nggi damlari... Siyosiy  fitnalar qo‘pgan  notinch kunlar, iqtisodiy nochorliklar, taloto‘plar, turli dunyoqarashlar to‘qnashuvi, mitingbozliklar avj olgan davr... Aksariyat ma’naviyat, ilmu ma’rifatni emas, o‘z jonini asrashni o‘ylagan fursat...

O‘sha yilning 24 mart kuni sobiq ittifoqda birinchi bo‘lib O‘zbekistonda prezidentlik boshqaruvi joriy etildi. Maqsad yurtda tinchlik va bar­qarorlikni asrab qolish, eski tuzum markazidan bo‘layotgan turli zararli ta’sirlardan xalqimizni himoya qilish, o‘z mustaqil siyosatimizni ishlab chiqish va amalga oshirish edi. Shu kuni Respublika Oliy Kengashining birinchi sessiyasida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti nutq so‘zlagandi. O‘shanda ko‘pchilik qorin g‘amida avvalo iqtisodiy masalalarga e’tibor bergani ham bor gap. Lekin mazkur nutqning ma’naviyat masalasiga bag‘ishlangan qismini aksarimiz, jumladan, o‘zim ham e’tiborsiz qoldirganimni gazeta taxlamlarini titkilab, topib, qayta o‘qib angladim, desam quyida keltirilayotgan iqtibos fikrimning mubolag‘a emasligini isbotlaydi.

«Bugungi kunda oldimizda turgan eng muhim vazifalarni ko‘z o‘ngimizdan o‘tkazar ekanmiz, aholining kundalik ehtiyojlariga bevosita daxldor dolzarb masalalarni hal qilish bilan bir qatorda biz eski tuzum davrida inson hayotining negizi va murakkab tomonlari, milliy qadriyatlar, umuminsoniy ma’naviy boyliklar bilan hisoblashmaslik jamiyatimizga qanchadan qancha zarar keltirganini unutmasligimiz kerak.

Bu borada asosiy ishlarimiz nimalardan iborat bo‘lishi lozim?

Birinchi navbatda milliy madaniyatimiz, xalq ma’naviy boyligining ildizlariga e’tibor berish zarur. Bu xazina asrlar davomida misqollab to‘plangan. Tarixning ne-ne sinovlaridan o‘tgan. Insonlarga og‘ir damlarda madad bo‘lgan.

Bizning vazifamiz — shu xazinani ko‘z qorachig‘imizdek asrash va yanada boyitish».

Davlat rahbari, ham olim sifatida u “inson hayotining negizi”ni aniqlashga tutinib, qadriyatlarimiz, asl tariximizni varaqlar ekan juda ko‘p haqiqatlarga duch kelgani va ularning qay jihatlarini boyitish haqida ham o‘ylashi tabiiy hol edi. Ozodlikka erishishning so‘nggi harakati (“Turkiston muxtoriyati”) XX asr­ning 17-18-yillarida kechgani va 72 kunlik umri nima uchun zavol topgani sabablarini aniqlamagan deysizmi? Karimov “O‘shanda milliy armiyamiz yo‘q edi” kabi ba’zi tarixchilarning bahonalarini takrorlamadi, balki «dunyoviy ilm va fandan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lishini» (Mahmudxo‘ja Behbudiy) e’tiborga oldi.

Islom Karimov o‘ziga ham, millatdoshlariga ham bir ibratli fikrga asoslanish kerakligini uqtirdi: «Ma’rifatga intilish xalqimizning azaliy fazilatlaridan biridir».

Azaliy fazilatlarga esa misollar ko‘p edi. Ularning eng yorqini Abu Nasr Forobiy g‘oyalari aks etgan «Fozil odamlar shahri» asaridir. Forobiy o‘z yurtining  har bir fuqarosini, xoh u oddiy kosib, xoh hukm­dor bo‘lsin, ma’rifatli yurtning fozil insonlari sifatida  ko‘radi. Fozil insonlar qay maqsadni ko‘zlab yashaydilar? Baxt-saodatga erishishni!!!

Ana shu nuqtai nazardan qaraganda Islom Karimovning «Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli,  dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart!» degan maqsadini to‘g‘ri qabul qilish joiz. Ba’zi mutaxassislar mazkur fikrdagi “baxtli bo‘lish shart”ini nisbiylik va hokazo nazariyalardan kelib chiqib istehzo bilan qabul qilishgandi. Chunki ular o‘qib-o‘rgangan materialistik, sotsialistik g‘oyalar falsafasi sabab Forobiy g‘oyalarini utopiya sifatida bilishardi.

Forobiy baxt-saodatga erishish fazilatiga ta’lim-tarbiya  vositasida  yetishish mumkin deb biladi. U o‘z davrining olimi va donishmandi, biroq shohi emas edi, ya’ni g‘oyalarini amalga oshirish uchun iqtisodiy quvvatga, aniqrog‘i hokimiyatga egalik qilmasdi.  Biroq o‘tgan asrlar davomida biron hukmdor bu g‘oyani o‘z  davriga moslab, rivojlantirib hayotga tatbiq etishga jazm eta olmadi. Negaki, bu hukmdorlarning aksarida olimlik nuqsi yo‘q edi. Shu bois Amir Temur qurgan, Ulug‘bek rivojlantirishga harakat qilgan buyuk saltanat tanazzulga uchradi. Mustamlaka davrida o‘z hisobidan mashaqqatlar evaziga maktab ochib, darslik yozib, millat bolalarini o‘qitib, ozodlikka erishishni orzulagan va qatl etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy, uning safdoshlari esa olim edilar, xolos...

Ollohning karami, xalq irodasi bilan O‘zbekistonga nafaqat  katta siyosatchi, davlat arbobi, balki yuksak salohiyatli olim rahbar bo‘ldi. Dunyo ta’limi tarixida o‘ziga xos o‘rin egallagan Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga yurtning ana shunday faylasufi mualliflik qildi va elning ana shunday Yurtboshisi o‘z safdoshlari bilan birga uni bos­qichma-bosqich amalga oshirishga harakat qildi. Islom Karimovning nafaqat aytgan gaplari, balki qabul qilgan qarorlarida, avvalo, bobolar orzu-ta’limotlaridan asos olganini yuqorida ta’kidlangan “Fozil odamlar shahri” asari misolida ko‘rishimiz mumkin:

“Ilk, boshlang‘ich bilimlaridan foydalanib, yangi bilimlarga ega bo‘lish insonga berilgan birinchi imkoniyatdir. Inson shu imkoniyatdan foydalanib, kamolotga yetishadi.

Bu baxt-saodat bo‘lib, unga yetishgan odamning ruhi bu dunyoning moddiylikka xos g‘am-tashvishlaridan qutulib, ruhiy olam mavjudotlariga yaqinlashadi. Ammo aql sohasida baxt­ga yetishuv faol aql darajasiga ruh qisman aqliy, qisman jismoniy erkin xatti-harakatlar bilan, ammo har qanday erkin, ixtiyoriy xatti-harakatlar bilan emas, balki me’yoriy va aniq, ravshan maqsadli harakatlar, amallar bilan yetishadi(chunki ba’zi erkin, ixtiyoriy harakatlar baxt-saodatga yetishishga to‘sqinlik qiladi). Baxt-saodatga yetkazadigan ixtiyoriy ish-harakatlar go‘zal ish-harakatlardir. Bularni keltirib chiqaruvchi xulq va odatlar fazilatlardir”.

Forobiy fikricha, bu jarayon fikr­lash quvvati vositasida tashkil etiladi, takomillashadi. Fikrlash quvvati esa “...amaliy va nazariy bo‘ladi. Amaliy fikrlash quvvati nazariy fikrlash quvvatiga xizmat qiladi. Nazariy fikrlash quvvati insonni baxt-saodatga yetkazadi” (Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. T.: Yangi asr avlodi, 2016. 232-bet).

Iqtibosning mag‘zini chaqib, tahlil qilib, Islom Karimov aytgan fikrga qiyoslang: “bizga bitiruvchilar emas, maktab ta’limi va tarbiyasini ko‘rgan shaxslar kerak”. Mustaqil va erkin fikrlaydigan insongina shaxs darajasiga chiqishi mumkin. Negaki, “mustaqil fikrlash ham katta boylikdir”.

Yashashdan murod Forobiyda baxt-saodat edi. Islom Karimov talqinida-chi? Baxt mavzusi uning doimiy e’tiborida bo‘ldi. Har qanday vaziyatda xoh quvonchli, xoh xalqimiz boshiga tushgan sinovli kunlar bo‘lsin, haqiqiy baxtga erishish g‘oyasiga nisbatan hayot mayog‘i sifatida munosabatda bo‘lib, xalqimiz e’tiborini tortib turardi.

“Men o‘ylaymanki, avvalambor hayot mazmunini o‘ylab yashagan odamlar baxtli. Bu hayotdan yengil-elpi yashab o‘tish ham mumkin. Ammo hayotning mohiyati, umr ma’nosi, oxirat haqida qay g‘uradigan, kelajak mazmuni, farzandlar istiqboli haqida o‘ylaydigan, nima qilsam shu bolalarim baxtli-saodatli, sog‘-salomat, to‘q-farovon bo‘ladi, degan tashvish bilan yashaydigan odamlarning soni esa, ishonchim komilki, ko‘proq. Bunday odamlarni o‘zgartirish qiyin. Men ham shunday odamman.  Xudo taolo meni shunday qilib yaratgan. Xohlardimki, meni hayot ham, xalqimiz ham shunday qabul qilsin” (“Iroda va iymon — e’tiqodimiz sinovi”).

Haqiqiy baxtga esa Forobiy fikricha fozil, Karimov amalicha barkamol avlod erisha oladi. Fozil va barkamol so‘zlari sinonim bo‘lmasa-da, mazmuni o‘xshash. Qolaversa, bu ikki olim turli jamiyat va davrda yashagani ham so‘z qo‘llashdagi farqlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Biz esa e’tiborimizni navbatdagi savolga qaratamiz: Islom Karimov ta’biridagi bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxt­li avlod qanday tarbiyalanadi?

Buning uchun yuqorida ta’kidlaganimiz, davlat va jamiyatning barcha qatlamlari ishtiroki nazarda tutilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi (KTMD) ishlab chiqildi. Unga bobolar g‘oyasi asos bo‘ldi, dunyoning eng yaxshi tajribalari ham inobatga olindi. Mazkur hujjat mohiyati haqida rivojlangan davlatlarning ta’lim sohasi vakillari ishtirokidagi xalqaro anjuman minbaridan turib uning muallifi Islom Karimov shunday degandi:

“Ushbu dastur jiddiy izlanish va tadqiqotlarning, jahondagi taraqqiy topgan ilg‘or mamlakatlar tajribasini umumlashtirishning natijasi sifatida o‘tmishda majburan singdirilgan kommunistik mafkuraning qolip va andozalaridan butunlay voz kechish, odamlarning, birinchi nav­batda, unib-o‘sib kelayotgan avlodning ongida demokratik qadriyatlarni mus­tahkamlashga qaratilgan bo‘lib, qisqacha aytganda, bu dastur hayotda o‘z fikriga, o‘zining qarashlari va qat’iy grajdanlik pozitsiyasiga ega bo‘lgan, har tomonlama yetuk va mustaqil fikrlaydigan shaxsni shakllantirishni maqsad qilib qo‘yadi” («Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash — mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti»).

Islom Karimov aytgan milliy das­tur, boshqacha aytganda, baxt uchun kurash dasturi maqsadiga erishish uchun qanday dovonlardan o‘tildi? Oldimizda yana qanday dovonlar mavjud?

          2. Ta’lim dovoni

Millatni tiklashda asrga tatigulik natija bergan ana shu hayotbaxsh dastur 1997 yili Oliy Majlis deputatlari tomonidan qonun darajasida qabul qilindi.

Dasturda Kadrlar tayyorlash milliy modeli mavjud. Uning o‘ziga xosligi shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan, ishlab chiqarishning asosiy tarkibiy qism sifatida kiritilganidir.

Shaxs bilim olish, ijodiy qobiliyatini namoyon etish, intellektual jihatdan rivojlanish, egallagan kasbi bo‘yicha mehnat qilish kabi eng asosiy konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanadi. Bunda u ta’lim olish jarayonida davlat ta’lim standartlarida ifoda etilgan talablarni bajarishi shart. Shu bilan birga shaxs tegishli malaka darajasini olgach, ta’lim, moddiy ishlab chiqarish, fan, madaniyat va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat ko‘rsatadi hamda o‘z bilimi, tajribasini yoshlarga o‘rgatadi.

Davlat va jamiyat kadrlar tayyorlash tizimi amal qilishi va rivojlanishining kafillari, yuqori malakali raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim muassasalarining faoliyatini uyg‘unlashtiruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

Uzluksiz ta’lim kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismi bo‘lib, ijodkor, ijtimoiy faol, ma’naviy boy shaxs shakl­lanishi va yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar jadal tayyorlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.

Fan milliy modelning salmoqli, tabiat va jamiyat taraqqiyoti qonuniyatlari to‘ g‘risidagi yangi fundamental va amaliy bilimlarni shakl­lantiradi, kadrlar tayyorlash tizimida ommalashtirish, o‘rganish va foydalanish uchun kerakli ilmiy natijalarni jamlaydi, oliy malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlaydi, mamlakatimiz ilm-fanining jahon ilm-faniga integratsiyalashuvi, zamonaviy ilm-fan va texnologiyalarning eng muhim muammolarini hal etish uchun  ilmiy yutuqlar  va kadrlarning xalqaro miqyosda almashinuvini amalga oshiradi.

Ishlab chiqarish tayyorlanadigan kadrlar buyurtmachisi va iste’molchisidir. U qanday kasblar zarurligini belgilaydi va ularning amaliy mashg‘ulotlarida ishtirok etadi, kadr­lar va umuman olganda, kasbiy tayyorgarlikning sifatini, darajasini va raqobatbardoshligini baholaydi. Shu bilan birga, o‘z ixtiyoridagi moddiy-texnika, intellektual, kadr resurslari hamda kadrlarni o‘qitish, malakasini oshirish va qayta tayyorlash uchun zarur boshqa resurslarni berish bilan uzluksiz ta’lim tizimiga ko‘maklashadi.

Ta’kidlangan har bir tarkibiy qism zimmasiga salmoqli vazifalar yuklanadiki, ulardan birining bajarilmasligi milliy modeldan kutilgan natijaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Albatta, har qanday qonun kabi “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonun ham tegishli farmon va qarorlar orqali ijroga qabul qilindi. Biz hujjatlar nomini sanamasdan amalga oshirilgan ishlarni esga olamiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq sovet davri intihosida respublikada 8214 ta maktab bo‘lib, ularning 57 foizi loyihalashtirilgan binolarda joylashgandi. Qolgan 3525 ta maktab moslashtirilgan binolarda, ustiga-ustak ulardan  1167 tasi hashar yo‘li bilan paxsa va xom g‘ishtdan qurilgan edi. Mustaqillik yillarida KTMD asosidagi Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi amalga oshirilgunga qadar 1 million 893 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan umumta’lim maktablari qurilganligi va mavjudlarini ta’mirlash ishlari amalga oshirilganligini ta’kidlash joiz.

Umummilliy dastur doirasida (2004—2009 yillar)  8501 ta, xususan, 351 ta yangi maktab binosi qurildi, 2470 ta maktab kapital rekonstruksiya qilindi, 3608 ta maktab mukammal, 2069 tasi joriy ta’mirlandi. Undan keyingi, ya’ni 2010—2016  yillarda esa 2255 ta maktablarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Mazkur bunyodkorliklar uchun qariyb 3 trillion so‘m mablag‘ sarflandi. Qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan har bir ta’lim muassasasini zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, komputer texnikasi bilan ta’minlash uchun esa 1 trillion so‘mdan ziyod mablaQ yo‘naltirildi.

Natijada ta’lim muassasalarining jihozlanganlik darajasi — o‘quv mebellari 82 591 sinf to‘plamga, fizika laboratoriya xonasi 8519 taga, kimyo laboratoriya xonasi 8550 taga, biologiya laboratoriya xonasi 8541 taga yetdi.

2004 yilda respublika bo‘yicha 1342 ta maktabdagina zamonaviy komputer bor edi. Istiqlolimizning 25 yilligi arafasida eng so‘nggi rusumdagi o‘quv komputer sinflari 12 956 tani tashkil etdi.

KTMD asosida umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining Davlat ta’lim standartlari, ular asosida esa o‘quv dasturlari va darsliklar yaratildi. Darvoqe, 1991 yilda maktab o‘quvchilarining darsliklar bilan ta’minlanishi bor-yo‘g‘i 55,4 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2016 yilga kelib 99,9 foizga yetdi.

O‘sib kelayotgan yosh avlodning jahon sivilizatsiyasi yutuqlari va dunyo axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishlari uchun imkoniyatlar yaratish, yurtimizning jahon maydonida yuqori nufuzini ta’minlash maqsadida chet tillarni birinchi sinfdan boshlab o‘qitish joriy etilganini alohida ta’kidlash joiz. Uzluksiz ta’limning barcha turlari uchun chet tillaridan davlat ta’lim standartlari  yaratilib, tasdiqlandi va 2013—2014 o‘quv yilidan boshlab maktablarda o‘qitila boshlandi. Katta mehnat va mablag‘lar sarflanib, 1—4-sinflar uchun darslik majmualari (darslik, o‘qituvchi kitobi, mashq daftari va DVD disk) chop etildi va o‘quvchilarga bepul yetkazib berildi. 5—9-sinf­larda dars berayotgan o‘qituvchilar uchun esa chet tillar bo‘yicha metodik qo‘llanmalar yangi standart asosida qayta yaratilib, chop etildi. Boshlan­g‘ich sinflarda chet tillarni o‘qitish uchun 17222 ta chet tili xonalari tayyorlandi va ularning barchasi DVD-magnitola, komputer, proyektor va boshqa o‘quv-ko‘rgazmali qurollar, luQat va adabiyotlar bilan ta’minlandi.

Yaratilayotgan sharoitlar natijasida 1-sinf o‘quvchilari 150 ta so‘zni,  2- va 3-sinflarda o‘quvchilar o‘qish, yozish va chet tilida muloqotda bo‘lishni o‘rganishdi, ularda gaplashish ko‘nikmalari (400 ta so‘z) shakllandi. Og‘zaki nutqda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining 5—6-sinf o‘quvchilariga nisbatan lug‘at boyligi, talaffuzi va so‘z birikmalaridan foydalanish darajasi bo‘yicha ustunligi kuzatilganini mutaxassislar ta’kidlashdi.

Ta’lim dovoniga xulosa tariqasida aytishimiz mumkinki, asrga tatigulik islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Biz hech kimdan kam emasligimiz, hech kimdan kam bo‘lmasligimiz oydinlashmoqda. Birgina misol. 1991 yilgacha respublikamiz maktab o‘quvchilari birorta ham xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etmagan bo‘lsa, mustaqillik yillarida islohotlar boshlangach respublikamiz maktab o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida jami 253 ta, jumladan,  20 ta oltin, 58 ta kumush, 175 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu ham bir ko‘rsatkich, qolaversa, yoshlarimiz dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olib, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazib boshqalardan kam emasligimizni isbotlashmoqda. Bular ta’limdagi islohotlar buyuk natijasining boshlanishidir.

          3. Tarbiya dovoni

Ta’lim natijasida ilm rivojlanadi. Atomning kashf etilishiga, nanotexnologiyalar yaratilishiga ilm sababchidir. Undan to‘g‘ri foydalanish esa tarbiya zimmasidadir. Tarbiya ko‘rgan avlodgina atomdan, nanotexnologiyalar imkoniyatidan, demakki, ilmdan insoniyat taraqqiyoti uchun foydalanadi. Avvalgi maqolamizda ta’kidlanganidek, yurtimizning mutafakkir olimi va davlat arbobi Islom Karimov ta’lim rivojiga naqadar e’tibor bergan bo‘lsa, tarbiya masalasi  ham shu qadar uning diqqat markazida bo‘ldi.

“Biz xalqimizning dunyoda hech kimdan kam bo‘lmasligi, farzandlarimizning bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lib yashashi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etayotgan ekanmiz, bu borada ma’naviy tarbiya masalasi, hech shubhasiz, beqiyos ahamiyat kasb etadi”(“Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch”).

Islom Karimov dunyoda kechayotgan voqea-hodisalar, uzluksiz evrilishlarni, ularning inson ma’naviyatiga turlicha ta’sirini tahlil etar ekan, yoshlar dunyoqarashini kengaytirish, ularning tarbiyasi muntazam nazoratda bo‘lishi zururligini ta’kidlardi. Tarbiya haqida mulohaza yuritganda, ayniqsa, o‘tgan asr boshlarida yashab, ijod qilgan jadidchilik harakati faollaridan birining quyidagi fikrlarini takror-takror eslatishdan charchamasdi:

“Men Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir» degan fikrini ko‘p mushohada qilaman. Buyuk ma’rifatparvarning bu so‘zlari asrimiz boshida millatimiz uchun qanchalar muhim va dolzarb bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda biz uchun ham shunchalik, balki undan ham ko‘ra muhim va dolzarbdir”(“Jamiyatimiz mafkurasi xalqni – xalq, millatni – millat qilishga xizmat etsin”).

Islohotlar davomida g‘arb ekspert­lari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashar ekanlar, yoshlarga bilim berish, demokratiya prinsiplariga o‘rgatish faqat ta’lim muassasalari orqali amalga oshishini, tarbiya muallimlarning vazifasiga kirmasligini ta’kidlashdi. Bu fikr juda ham bahstalab edi, zero ma’naviyati  tanazzulga uchragan g‘arb “tajribasi”, yoshlarining bugungi  ahvoli ularning fikri to‘g‘ri emasligini ko‘rsatib turardi.

Islom Karimov esa “Ma’naviyatni yo‘qotsak, o‘zimiz va o‘zligimizni yo‘qotamiz. Ma’naviyatni yuksaltirsak, o‘z murod-maqsadimizga yetishda kuchli madad topamiz”, dedi va shu bois “Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi — bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi”, deya masalaga nuqta qo‘ydi.

Ta’lim muassasalari, xususan, muallimlarga yoshlar tarbiyasini yuklashning bir necha sabablari bor edi. Katta avlod milliy qadriyatlarni mutlaqo unutmagan bo‘lsa-da, sovet mafkurasi bilan zaharlangan edi, o‘rta avlod esa eski totalitar maktab “bagaj”i bilan islomni (aslida radikal oqimni) bilib-bilmay chetdan yuborilgan “instruktorlar yordamida” biryoqlama  o‘rgana boshladi va bu ikki avlod o‘rtasidagi gohi pinhona, gohida oshkora kelishmovchiliklarni (1999 yilda sodir etilgan terrorchilik aktlarini eslang) kichik avlod kuzata boshladi.

Kichik, ya’ni hayotga kirib kelayotgan yangi avlod kimning ortidan yursin? Ularni kim tarbiyalaydi? Birinchi Prezidentimiz ana shunday tarixiy fursatda olim va mutaxassislar ishtirokida mashvarat o‘tkazdi.

Unda turli masalalar, jumladan, milliy istiqlol g‘oyasi borasida fikrlar bildirildi. Bunday g‘oyalarni darsda o‘rganish demokratik prinsiplarga to‘g‘ri kelmaydi yoki fanlar tarkibiga singdirib yuborish kerak kabi nuqtai nazarlar ham bildirildi. Islom Karimov esa hech ikkilanmasdan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish, milliy o‘zligimizni saqlab qolish maqsadida “Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” fanini ta’lim tizimiga kiritish borasida farmoyish berdi. Unga ko‘ra farzandlarimiz 1—4-sinflarda “Odobnoma” fanidan qadriyatlarimiz, 5-6-sinflarda “Vatan tuyg‘usi”, yuqori sinflarda esa “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari”ni o‘rganib, milliy qadriyatlar, bunyodkorlikka  boshlovchi, birlashtiruvchi g‘oya nima ekanligini anglay boshladilar. Davlat rahbari bu hayot va mamot masalasiga turli darajadagi rahbarlarni ham, ota-onalarni ham o‘z hissasini qo‘shishga da’vat etdi.

“Agar biz o‘z kuchi va salohiyatiga ishonadigan, boqimandalikni or deb biladigan, eng rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or kishilari bilan teppa-teng muomala qila oladigan, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata biladigan, bu murakkab, beshaf­qat hayotning pastu baland, tangu tor ko‘chalaridan Olloh bergan aqlu zakovati bilan to‘g‘ri yo‘lni adashmay topa olishga qodir bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalab yetishtirsak, o‘ylaymanki, o‘z maqsadimizga erishgan bo‘lamiz”, degan edi Islom Karimov.

Ajdodlarimiz o‘g‘il-qizlarining to‘rt muchasi salomat bo‘lib voyaga yetishlariga katta e’tibor qaratishgan. Alpomishu Farhodlar, hatto zo‘rman degan raqib yigitlari kuragini yerga tekkizgan Barchinoylar haqida dostonlar bitib, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdilar, To‘marislarni tarbiyalashgan. Bu masala ham Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan  mamlakatimiz miqyosidagi dolzarb masalalar qatoriga ko‘tarildi. Uning “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur”, degan fikri qalblarni zabt etdi.

Ayniqsa, yaratilgan uch bosqichdan iborat sport musobaqalarining joriy etilganligini alohida ta’kidlash joiz. “Umid nihollari” deb nomlangan birinchi bosqichda umumta’lim maktabi o‘quvchilari, ikkinchi — “Barkamol avlod” bosqichida o‘rta maxsus ta’lim o‘quvchilari, “Universiada” bosqichida esa oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etib, sportning o‘ndan ortiq turida o‘zaro musobaqalashadilar. Bu tizim sog‘lom hayot tarzini targ‘ib etib, yoshlar salomatligiga ijobiy ta’sir qildi, shuningdek, kuchli sportchilarni tarbiyalab, O‘zbekistonni dunyoga tanitishda katta ahamiyat kasb etdi. Uch bosqichli sport musobaqalarini tizimli tashkil etish tajribasi dunyodagi ko‘plab rivojlangan davlatlarning ham qiziqishiga sabab bo‘ldi.

Albatta, farzandlarimizning sport bilan shug‘ullanishlariga sharoit yaratish kerak edi. Ana shu maqsadda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tuzilib, 5 tipdagi sport majmualari bunyod etildi, jihozlandi, ularda muntazam shug‘ullanish uchun to‘garaklar tashkil etilib, turli musobaqalar uyushtirildi. Shuningdek, yuqorida ta’kidlangan «Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy das­turi» doirasida ham sport inshootlari qurilishi va ularni jihozlashga katta e’tibor qaratildi. Istiqlolning birinchi yilida respublikada xalq ta’limi tizimidagi barcha sport inshootlari va suzish havzalarining soni barmoq bilan sanoqli bo‘lsa, mustaqillikning 25 yilligi arafasida 2178 ta sport inshootlari qurilganligi ta’kidlandi.

Qishloq  va  ovullarda yashayotgan qizlarni sportga jalb etish masalasiga  hukumat miqyosida e’tibor qaratilishi ham kelajakka katta umid bilan boqayotgan yoshlarimizning o‘zlariga ishonchini oshirdi. Respublikamizning turli olis va yaqin hududlarida qizlarimizning salomatliklarini mustahkamlovchi, jismlariga yanada husn qo‘shuvchi sport seksiyalari faoliyat yurita boshladi. Jumladan, sportning xotin-qizlar shug‘ullanadigan turi — badiiy gimnastikaning «Umid nihollari» sport musobaqalari dasturiga kiritilishi, o‘quvchi qizlar o‘rtasida sportning suzish, tennis, stol tennisi va sport gimnastikasi turlarini ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar  ko‘rilishi  natijasida respublika bo‘yicha 35 ming nafarga yaqin o‘quvchi qizlar sport inshootlari qoshidagi to‘garaklarda muntazam shug‘ullanishmoqda. Ana shu harakatlarning hosilasi o‘laroq «Umid nihollari» sport musobaqalarining faqat final bosqichida jami 952 nafar o‘quvchi qizlar faol  ishtirok etdi. Sportning nafis turi sanalgan badiiy gimnastika bilan mash­g‘ul qizlarning soni yildan-yilga oshib bordi.

Bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan samarali ishlar, zamonaviy uskunalar bilan boyitilgan, jahon andozalaridan qolishmaydigan sport majmualarida shahar va qishloqlarda yashaydigan o‘g‘il-qizlarning muntazam ravishda shug‘ullanishlari, ularning sportga bo‘lgan munosabatlarini tubdan o‘zgartirdi.

Natijani qiyoslab ko‘ring: 1991 yilda xalqaro miqyosdagi musobaqalarda 10 ta oltin, 9 ta kumush va 13 ta bronza — jami 31 ta medal olingan bo‘lsa, mustaqillikning 25  yilida o‘tkazilgan 487 ta xalqaro sport musobaqalarida 5 369 nafar (1 955 nafari qizlar) o‘quvchi-sportchilarimiz jami 1 886 ta, jumladan, 716 ta oltin, 534 ta kumush, 636 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Buyuk bobolar, xususan, Abu Nasr Forobiy fozil fuqaro tarbiyasida san’atning betakror ahamiyatini ta’kidlagan. Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan farzandlarimiz iste’dodini ro‘yobga chiqarish va kamol toptirish, yoshlarning madaniy saviyasini yuksaltirish, ularning qalbiga san’at orqali milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarni singdirish, ta’bir joiz bo‘lsa, “ommaviy madaniyat” illatlaridan asrash  maqsadida bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, faoliyatini tubdan yaxshilashga qaratilgan davlat dasturi qabul qilindi. Belgilangan chora-tadbirlar natijasida 300 dan ziyod bolalar musiqa va san’at maktabi hamda 3 ta musiqa akademik litseyi yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi, zarur musiqa asboblari va anjomlari bilan jihozlandi.

Yaratilgan zamonaviy shart-sha­roitlar natijasida bolalar musiqa va san’at maktablariga o‘quvchilar qamrovi 2008 yildagi 38 mingdan 2016 yilda 59,3 ming nafarga ko‘tarildi. Eng asosiysi, o‘quvchilarning didi, dunyoqarashi yuksaldi. Yosh san’atkorlarning xalqaro tanlov hamda festivallarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari ko‘paydi. Mustaqillik yillarida iste’dodli yoshlarimiz Fransiya, Italiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Ruminiya, Gollandiya, Polsha, Rossiya, Ozarboyjon kabi ko‘plab davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, 44 ta Gran-pri, 255 ta 1-o‘rin, 159 ta 2-o‘rin va 170 ta 3-o‘rinni qo‘lga kiritdilar.

E’tibor bering, insonning jismi va ma’naviyatini to‘g‘ri tarbiyalash nafaqat uning o‘zini, balki millatni, davlatni dunyoga tanitishga xizmat qiladi.

          4. Hunar dovoni

Kadrlar tayyorlash milliy dasturining bir qarashda fan, sport, musiqa singari xalqaro miqyosda yorqin ko‘rsatkichlarni bermaydigandek taassurot qoldiradigan yana bir betakror jihati bor. U ham bo‘lsa har bir bitiruvchi zimmasiga biror kasb egallashi majburiyat sifatida qo‘yilganidir.

Hunar insonning baxtli hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan tinchlik, sog‘liq, mehr-oqibat kabi muhim omillar qatorida turadi. “Oltin va kumushi bo‘lmagan odam kambag‘al emas, balki es-hushi va kasb-hunari bo‘lmagan kishi kambag‘aldir”, degan edi Sharq allomalaridan biri Majid Havofiy.

Forobiy talqinidagi fozillar shahri odamlarining har biri mehr qo‘ygan kasbiga ega bo‘lishi darkor. Aks holda, ya’ni sevimli kasbi bo‘lmasa, baxti ham yarimdir. Bosh­qacha aytadigan bo‘lsak, baxtga erishish formulasida hunarning o‘rnini bosadigan o‘zga narsa yo‘q. Eslab ko‘ring, qaysi mutafakkirning hayotiga nazar solsangiz, har birining hunari bo‘lgan. Bo‘lgandayam o‘z kasbining ustasi hisoblangan.

Abu Lays Samarqandiy “Tanbehul-g‘ofiliyn” kitobida kasb-hunar fazilati haqida quyidagi rivoyatni keltiradi:

“Ba’zilar aytishadi: “Dovud (alayhissalom) odamlar tanimaydigan suratda chiqib, mamlakat ahlidan o‘zlari haqida so‘rar edilar. Bir kuni u kishiga Jabroil (alayhissalom) odam qiyofasida ko‘rindi. Dovud  (alayhissalom) aytdilar: “Ey yigit, Dovud haqida nima deysan?”. “U yaxshi odam, lekin bir yomon xislati bor — musulmonlar xazinasidan istifoda etadi. Bandalarning ichida Ollohga sevimlirog‘i o‘z mehnati bilan topib yeydiganlardir”, dedi Jabroil. Shundan so‘ng Dovud (alayhissalom) mehroblariga qaytib, yig‘lab-yig‘lab, tazarrular qilib aytdilar: “Ey Rabbim, menga bir hunar o‘rgatgin, mo‘minlarning molidan o‘zimni behojat etay”. Olloh taolo u kishiga temirchilikni o‘rgatdi. Temirlar u kishining qo‘lida xuddi xamirdek yumshoq bo‘lib qolardi. Ish vaqtlaridan bo‘shaganlaridan keyin sovut yasardilar. So‘ngra uni sotib, o‘zi va ahlining ehtiyojlariga sarflar edilar. Bu xususda Olloh taolo deydi: “Va uning uchun temirni (xamirdek) yumshoq qilib qo‘ydik(Saba’ surasi, 10-oyat). Yana aytadi: “Unga (Dovudga) sizlarga ziyon yetishidan saqlaydigan sovut yasashni ta’lim berdik”(Anbiyo surasi, 80-oyat)”. Qur’oni karimdagi bu ta’limot Forobiy orzusidagi shahar odamlari tabiatiga singdirilgan.

Abdulla Avloniy ta’limotida esa “Kishi yosh vaqtida ilmu ma’rifat, hunaru san’atga bo‘yin qo‘ymasa, taraddud qilmasa, albatta, qora ishchi bo‘lub qolur”, degan hayotiy qarash bor.

Islom Karimov bugungi yoshlarimizning sovet maktabi bitiruvchisi kabi hunarsiz “qora ishchi” bo‘lib qolmasligi zarurligini, kamida 2-3 kasbni egallashini orzu qilgandi. Ayniqsa, qizlarning hamshiralik, tikuvchilik, pazandalik kabi kasblardan boxabar bo‘lishi, hech bo‘lmaganda, oila qurganda asqotishini ko‘p bora aytgandi.

Bugungi kunda ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlar o‘quvchilarning kasb-hunar kollejlaridan maktabga qaytarilayotganini boshqacha mazmunda iddao qila boshladilar. Avvalo, maktabga qaytish degani hunar o‘rgatishdan voz kechish degani emas. Qolaversa, bolalar o‘z maktablarida ta’lim olish bilan birga kasb o‘rganishda ham davom etadilar, shu bilan birga ota-onalari bag‘rida bo‘ladilar, ya’ni ularning mehri og‘ushida, va albatta, nazoratida tarbiyalanadilar.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qotib qolgan dogma bo‘lmay, balki vaqt o‘tishi, taraqqiyot talabi bilan unga o‘zgartirishlar kiritish mumkin. Zero, qonunning “Milliy dasturni ro‘yobga chiqarishga doir tashkiliy chora-tadbirlar” bo‘limida “Milliy dasturning monitori­ngi va bajarilishini ekspertiza qilish asosida uning ayrim qoidalari va tadbirlariga tuzatishlar kiritiladi”, deb yozib qo‘yilgan.

Shunga monand fikrni uning muallifi Islom Karimov ham aytib o‘tgandi: “Aslida ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotning chegarasi va poyoni yo‘q. Toki hayot davom etar ekan, ta’lim ham, tarbiya ham zamon o‘rtaga qo‘yayotgan yangi-yangi talablarga ko‘ra muttasil ravishda o‘zgarib-yangilanib boraveradi”.

KTMDning ilk natijalari ko‘rina boshlaganda jurnalistlar Islom Karimovdan  yangilanishlardan qoniqdingizmi, deya so‘rashganda, u shunday javob qaytargandi: “Kechagi erishgan yutuqlarga nisbatan solishtirsak agar, albatta bu katta qadam, katta marraga yetganimiz, agarki ertangi kun, ertangi maqsadlar nuqtai nazaridan qarasak, albatta buniyam kamchiliklari bor. Bu yerda hech qanday xafagarchiliklar bo‘lmasin. Bu ham bir tabiiy narsa”.

Demak, bugungi islohotlar, ya’ni ishlab chiqarishga urg‘u berilayotgan bir paytda kichik mutaxassislarga ehtiyoj ko‘payadi. Axir kiritilayotgan investitsiyalar yangi ish o‘rinlarini yaratadi. Ularga zamonaviy korxonalarda ishlay oladigan hunarli — kichik mutaxassislar kerak. Bugungi olib borilayotgan ta’lim siyosati aynan ana shu maqsadni ko‘zlagan, nazarimizda. Xulosa shulki, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish masalasi kun tartibidan tushmaydi.

Millatning qudratli to‘lqini

Qiyoslang, axir dunyoda davlatlar hisobli, ayniqsa qullik zanjiridan qutulib, mustaqil qadam qo‘yayotgan davlatlar sanoqlidir. O‘sha davlatlarning qay bir rahbari o‘z taraqqiyotini ma’naviyatni, ma’rifatni yuksaltirishda, bolalari ta’lim-tarbiyasini yaxshilashda ko‘rdi? Qay biri maktab, ma’naviyat o‘choqlarining moddiy-texnik bazasini zamonaviylashtirishga misli ko‘rilmagan mablag‘lar ajratdi? Qay biri kadrlar tayyorlash milliy dasturini ishlab chiqib, amalga oshirdi?

Islom Karimov biz ko‘p iqtibos olgan “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida qator atoqli davlat arboblari, olimu adiblarimiz hayoti va faoliyatini tahlil qilib, ularning ma’naviy jasoratlari nimadan iborat ekanligini ko‘rsatib o‘tgandi. Mustaqillikni mustahkamlash, mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishga mo‘ljallangan milliy dasturni yaratish uchun yuksak ma’naviyat, amalga oshirish uchun esa ma’naviy jasorat talab etilardi.  O‘zbekning donishmand o‘g‘loni Islom Karimov bunday sifatlar sohibi edi va uning rahnamoligida O‘zbekiston yorqin kelajak sari yuz tutdi.

Demak, yuksak ma’naviyatli insondan ma’rifat bog‘ining betakror mevalari — vatanparvar, bilimga chanqoq, marrani baland oladigan, doim olg‘a intiladigan yuqori intellektual salohiyatli avlod qoladi. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, buyuk ma’rifatparvar Islom Karimovdan ana shunday sermag‘iz mevalari mo‘l bog‘ ham qoldi. Muborak sakson yilligi nishonlanayotgan yurtimizning ana shu betakror farzandi sabab tinchlik yo‘li, bag‘ri­kenglik yo‘li, taraqqiyot yo‘li, baxt va yana ko‘plab bunyodkorliklarga olib boradigan yo‘llarni topdik. Avlodlarning vazifasi Islom Karimov boshlab bergan xayrli ishlarni takomillashtirib, davom ettirishdir.

Millatning qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniyning quyidagi fikri esa shu ma’noda har doim dolzarbligini yo‘qotmaydi: “Vaqt pillapoyasi cheksizdir, bir-birining o‘rnini egallab boradigan avlodlar zinadan zinagagina ko‘tariladilar xolos. Jamlangan tajribani har bir avlod o‘zidan keyin kelayotgan, o‘zidan keyin uni taraqqiy ettiradigan va boyitadigan navbatdagi avlodga yetkazib beradi”.

Yuqorida ta’lim, tarbiya, hunar dovonlarida ta’kidlaganimiz —  yoshlarimizning xalqaro fan olimpiadalarida erishgan muvaffaqiyati, nufuzli sport musobaqalaridagi g‘alabasi, dunyo san’at festivallarida erishgan zafarlari, shubhasiz, yuksak natija! Lekin ta’limdagi asrga tatigulik islohotlarning buyuk natijasi — intellektual salohiyatli yoshlardan iborat qudratli to‘lqin vujudga kelganligidir!!!

Bu to‘lqin shiddat bilan kelajak tomon harakatini boshladi va Kadrlar tayyorlash milliy dasturining hayotdagi ijrosini ta’minlagan, bugun esa taraqqiyot shiddatini oshirib, yurtga rahbarlik qilayotgan Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonni yangi bosqichga olib chiqishga mo‘ljallagan Harakatlar strategiyasi ijrosida o‘zining qudratli kuchini ko‘rsatishi, shubhasizdir.

Halim SAIDOV

“Boshlang‘ich ta’lim” jurnali Bosh muharriri