1986 yil kuzida, voha mehnatkashlari g‘am-g‘ussaga botgan ana shunday og‘ir sharoitda Islom Karimov Qashqadaryoga birinchi rahbar etib tayinlandi. Bu Yaratganning viloyat xalqiga ko‘rsatgan iltifoti edi.
Yildan yilning farqi bor. Bir yil suv kam bo‘lib, qurg‘oqchilik avjiga chiqsa, keyingi yili zararkunandalar ko‘payib, qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlariga katta zarar yetadi. 1983-1986 yillar qatorasiga ana shu sabablar boismi yoki o‘sha davrdagi rahbarlar o‘zlarini oqlab aytganidek, “tabiat yillarga kulib boqmadimi”, xullas, Qashqadaryoda ko‘p sohalarda orqaga ketish kuzatildi. Asosiy soha paxtachilik nihoyatda oqsab, hosildorlik gektariga 14 sentnerga tushib ketdi. Chorva mollari soni teng yarmiga qisqarib, respublikada dovrug‘i ketgan bir qator qorako‘lchilik xo‘jaliklari tugatildi, bu xo‘jaliklar qo‘ylarining katta qismi Buxoro va boshqa viloyatlarga arzon garovga sotib yuborildi.
Bundan tashqari, o‘sha paytda markazdan yuborilgan “desantchilar” qonun, adolatni istagancha toptab, xalqimiz sha’ni va g‘ururini oyoqosti qildilar. Respublika bo‘yicha 25 ming kishi ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, birgina Qashqadaryodan 1985 yilning uch oyida viloyat rahbari, bo‘lim mudirlari, shahar va tuman partiya qo‘mitalari kotiblari, viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi hamda o‘rinbosarlari, mas’ul kotiblari, shahar, tuman ijroiya qo‘mitalari raislari, viloyatdagi turli tashkilotlarning rahbarlari, xo‘jaliklarning yuz nafar raisi va direktori ishdan olinib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.
1986 yil kuzida, voha mehnatkashlari g‘am-g‘ussaga botgan ana shunday og‘ir sharoitda Islom Karimov Qashqadaryoga birinchi rahbar etib tayinlandi. Bu Yaratganning viloyat xalqiga ko‘rsatgan iltifoti edi.
Yangi rahbar bugunning ishini ertaga qo‘ymaslik, ahvolni o‘zgartirish uchun kunlarni tunlarga ulab ishlash, eng muhimi, odamlarni oldinda turgan ulug‘vor vazifalarni uddalashga ruhlantirish, ularning qalbiga yo‘l topish lozimligini yaxshi bilardi.
– Bo‘lib o‘tayotgan voqealar, boshlaringizga tushgan mushkul muammolarning barchasidan yaxshi xabardorman, – dedi Islom Abdug‘aniyevich dastlabki uchrashuvdayoq yig‘ilish ahliga. – Bunday holatga endi chidash qiyin, jim qarab o‘tirib bo‘lmaydi. Bobomiz Amir Temur aytganidek, eng yomon haqorat adolatsizlikdir. Oriyatli, nomusli xalqimiz barcha muammo, azoblarga chidaydi, “Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘”, deb Alloh taollodan madad tilaydi, ammo adolatsizlikka chiday olmaydi. Nohaq jabr ko‘rayotgan ming-minglab odamlarni himoya qilish, g‘ururi toptalgan, yurak-bag‘ri ezilgan insonlar qalbida ertangi kunga umid uyg‘otmasdan, ularning haqiqatga ishonchini tiklamasdan turib hech narsaga erishib bo‘lmaydi! Menga ozroq vaqt beringlar... Hamjihatlikda sizlar bilan yelkama-elka turib ish yuritamiz. Adolatni tiklash, haqiqatni yuzaga chiqarish uchun bor kuch-g‘ayratimni, kerak bo‘lsa, jonimni ham ayamayman!
Ha, Allohning inoyati tufayli Islom Karimov aytgan so‘zida turdi. Adolatsizliklarning tub ildiziga yetib borish, asl mohiyatni to‘la ochish uchun ishni odamlar bilan muloqot qilish, ular qalbiga qo‘l solishdan boshladi. Kerak bo‘lsa, jabr ko‘rganlar, jazoga tortilganlarning xonadonlariga kirib, oila a’zolari, ayollari, farzandlari bilan dildan suhbatlashdi.
Biz jurnalistlar bo‘ladigan uchrashuvlar, suhbatlarning ko‘pchiligida qatnashib, viloyat rahbarining kishilar qalbiga yaqin so‘zlar topishiga, ishontirishiga qoyil qolardik. Bular shunchaki va’da emasdi, Islom Abdug‘aniyevich har bir so‘zini o‘ylab, yetti o‘lchab bir kesgandan, ularning bajarilishiga ishonch hosil qilgach, tilga olardi.
O‘sha paytda birgina Shahrisabz tumanidan 1700 nafar kishi “paxta ishi” bo‘yicha tergovga tortilgandi. Ular orasida ayol raislar, brigadir xotin-qizlar kam emasdi. Tumandagi mashhur “Guliston” xo‘jaligining dongdor raisi Hurmatoy Shoimova bilan bo‘lgan suhbat hamon dilimni tirnaydi:
– Xo‘jalikka xizmat qila boshlaganimga qariyb 40 yil bo‘ldi, – dedi opa ko‘ziga yosh olib. – Meni Alloh farzanddan qisdi. Butun alamimni mehnatdan oldim. Taqdirga tan berib, “detdom”dan bola asrab olishga majbur bo‘ldim. Unga mehr qo‘ydim, o‘z tuqqanimdek bo‘lib qolgan. Qayerdagi uydirmalar bilan mening ustimdan ham ish qo‘zg‘atishgan. Men kesilib ketsam, beozorgina o‘smir bolam endi kimning qo‘lida qoladi? Ko‘radigan azoblarim emas, ana shu begunoh bolaning taqdiri menga kechalari uyqu bermaydi. Bola bechoraning boshida shunchalar bitmas-tuganmas “gunohlar” borligiga chidolmayman.
Opaning g‘am-g‘ussaga to‘lib aytgan bu so‘zlari har birimizni to‘lqinlantirdi, kipriklarimiz yoshlandi.
– Yig‘lamang, opajon, o‘g‘lingiz yetim bo‘lib qolmaydi, hamisha birga bo‘lasizlar, men sizga va’da beraman, – dedi Islom aka.
Shu kuni Islom Abdug‘aniyevich yaqinda qamoqqa olingan xo‘jalik raisi, 26 yashar Shuhrat Boboyorov, yosh bolali xo‘jalik rahbari Karomat Qudratova, birlari hisobchi, birlari brigadir bo‘lgan Abdurahmon Eshmatov, Beknazar Suvonov, Umrzoq Uzoqov xonadonlarida ham bo‘lib, ota-onalari, farzandlari, qarindoshlarini ular boshiga tushgan kulfatlar vaqtinchalik ekanligi, yaqin kunlar ichida o‘zlari kutayotgan yaxshi xushxabarlar olishlariga ishontirdi.
Bunday uchrashuvlar birgina Shahrisabzda emas, barcha shahar va tumanlarda o‘tkazilar, viloyat rahbari bu savob ish uchun vaqtni sira ayamasdi.
Vaziyat juda og‘ir, “markaz”ning o‘sha vaqtdagi siyosatiga qarshi chiqish, kommunistik tuzum tomonidan “aybdor”, “jinoyatchi” deb topilgan odamlarni oqlashga urinish anchayin mushkul edi. Ammo bo‘ladigan do‘q-po‘pisalar, qo‘rqitishlar rahbarimizni sira cho‘chitmas, haqiqat g‘alaba qilishiga bo‘lgan qat’iy ishonchi kuchli edi.
Ana shunday g‘am-g‘ussali, notinch, har sohada yechimini kutayotgan ishlar to‘lib-toshib yotgan bir paytda Islom Abdug‘aniyevich ommaviy axborot vositalariga g‘amxo‘rlikni ham o‘zlarining birinchi darajali vazifalari qatorida ko‘rdilar. Sharoit nihoyatda tashvishli ekaniga qaramay, ishga kirishganining o‘n beshinchi kuniyoq viloyat OAV xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar. U kishi jurnalistlarni ayni vaqtdagi ahvol bilan batafsil tanishtirgach, Qashqadaryo sharafini tiklashda ijodkorlarning muhim o‘rni borligini alohida ta’kidladilar. Gazetalar, televideniye, radio rahbarlarining xohish-istaklari, rejalari, muammolari eshitilgach, tajribali jurnalistlarga birma-bir so‘z berilib, muammolar va ularning yechimi o‘rganildi. Bunday yuzma-yuz muloqotlar har oyda muntazam o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Jurnalistlar juda mamnun edilar. Ish kunini matbuotning bugungi sonlarini kuzatishdan boshlagan rahbarimiz gazetalardagi yaxshi yozilgan xabarlar, hikoya, ocherklarni alohida qayd etib, bosh muharrirlarga ularning mualliflariga rahmat aytishni, imkon darajasida ularni rag‘batlantirishni tayinlar edilar. Jiddiy tanqidiy materiallar viloyat partiya qo‘mitasining byurolarida muhokama qilinar, aybdorlarga jazo choralari ko‘rilardi.
Men 45 yil davomida viloyat hamda respublika teleradiokompaniyasida faoliyat ko‘rsatdim. 37 yil viloyat teleradiokompaniyasiga rahbarlik qildim. Maqtanishga yo‘ymang-u, jamoamiz a’zolari g‘ayratli, shijoatli, shu boisdan ham respublikada peshqadam hisoblanardi. Viloyatlar orasida birinchi bo‘lib “Radio uyi” Qashqadaryoda qad ko‘tardi. Zamonaviy telemarkaz qurilishi ham birinchi navbatda viloyatimizda boshlangan. Telemarkaz qurilishida birinchi g‘ishtni Islom Abdug‘aniyevich qo‘yganlar. Har kungi eshittirishlarning birortasi u kishining e’tiboridan chetda qolmasdi. Vaqti-vaqtida kelib, ijodkorlarimiz bilan suhbatlashib, ulardan o‘zlarining qimmatli maslahatlarini ayamasdilar. Men 3-4 yil davomida shu inson bilan ishlaganim, barcha kerakli yordamni olganligim bilan faxrlanaman.
Islom aka Qashqadaryo, uning mehnatkash odamlari haqida ko‘p va xo‘p gaplar aytgan. Mana ulardan ayrim iqtiboslar:
“Hayotimning hech unutilmas davrlari bilan uzviy bog‘langan mana shu mo‘tabar Qashqadaryo zaminini, mana shu voha mening Ona yurtim, deb umrimning oxirigacha g‘ururlanaman, faxrlanaman. Bu yurt mehrini qalbim to‘rida doimo saqlab qolaman.
Men bir haqiqatni ko‘p bor aytganman, yana takrorlamoqchiman: Bu yorug‘ dunyoda shu kungacha men nimalarga erishgan bo‘lsam, avvalo, Xudoning inoyati, hayotimning murakkab kunlarida Qashqadaryo ahlining menga bildirgan cheksiz hurmat va ishonchi, qo‘llab-quvvatlashlarning natijasi, deb bilaman.
Meni o‘z farzandiday ko‘rib, non-tuz bergan, mehr-oqibat ko‘rsatgan, yaxshi-yomon kunlarimda yonimda turgan, rahbar sifatida kamolga yetishimda sabab bo‘lgan mehnatkash, bag‘rikeng, oqko‘ngil Qashqadaryo xalqiga yana bir bor bosh egib, ta’zim qilaman.”
Birinchi Prezidentimizning bu samimiy dil izhori barcha qashqadaryoliklarning ko‘nglini hamisha g‘urur-iftixorga to‘ldiradi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori barchamizning dilimizdagi orzumiz edi. Qarorga muvofiq, Qarshi shahrida ham Birinchi Prezidentimizga haykal o‘rnatiladi va hech shubhasiz, bu maydon viloyatning chinakam ma’naviyat hamda ma’rifat markazi bo‘lib qoladi.
Maqolamni yurtdoshimiz, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning quyidagi misralari bilan tugatishni lozim topdim.
Bizdek nochorlar-ku yerga qaraymiz,
Kimdir osmon bo‘ldi savlati bilan.
Qashqadaryo xalqi faxr etar doim,
Islomi yaratgan shavkati bilan.
Qurbon EGAMBERDIYEV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi