28 mart kuni O‘zbek Milliy drama teatrida “Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola” tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 3-o‘rin bilan Qoraqalpoq Davlat universiteti magistranti Ayimbetova Zamira «Islom Karimov siymosi Ibroxim Yusupov she’riyatida» nomli ingliz tilida chop etilgan maqolasi uchun taqdirlandi.
––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––
I.Yusupov she’ryatining yurakka yaqinligi, ko‘ngilga joligining siri shundaki, shoir hamma vaqt xalqning tilagidagi, yuragidagi eng ezgu tuyg‘ularni, orzu-niyatlarini o‘tkir pafos va teran lirizm bilan o‘z she’riy qatorlarida tasvirlagan. Shoir o‘z she’rlarida adabiy qahramonlarini ko‘pgina holatlarda turmushdan, o‘z davridan oladi va ularning takrorlanmas obrazini yaratishga intiladi. Buni biz I.Yusupov ijodida O‘zbekiston Recpublikasining Birinchi prezidenti I.A.Karimov obrazining yaratilganligidan ham ko‘rishimiz mumkin.
Biz ushbu maqolamizda shoir ijodida Islom Karimov obrazining yaralish o‘ziga xosliklarini yoritishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Tadqiqot obyekti sifatida shoirning “Prezident” she’rini tanlab oldik. Zaruriy o‘rinlarda boshqa she’rlari ilmiy qiyosiy tipologik yo‘nalishda tahlil qilindi.
Shoirning “Prezident” she’ri dastlab “Milliy tiklanish” gazetasida e’lon qilindi va ko‘pgina o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olindi. Keyinroq shoirning “O‘mir sag‘an ashiqpan”(1999) toplamida nashr etildi. She’rda shoir Islom Karimov obrazining yaratilishida ko‘pgina troplar, shakllar, detallar, ramzlar, frazeologizmlar, maqol, hikmatli so‘zlar, shuningdek afsonaviy va mifologik obrazlardan mohirona foydalangan. Masalan:
Imperiya –etti boshli ajdarho,
O‘t purkab tursa ham hayqimay borib,
Tengsiz mardlik ko‘rsatdingiz Siz shunda,
Qafasdagi Humo qushni qutqarib.
Shoir bu misralarda “etti boshli ajdarho”, “humo qushi” kabi afsonaviy obrazlardan metaforlarni yaratishni mohirona uddalagan. Ya’ni, bunda imperiya- oldingi sovetlar hukumati. Shoir esa buni o‘t purkab turgan ajdarhoga o‘xshatadi. Qafasdagi humo qushi esa - erkinlik timsoli sifatida qo‘llanilgan. Demak, muallif bunda Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning, yurtiga erkinlikni, mustaqillikni olib berishdagi zabardastligi, tengsiz mardligini o‘z shaxsiy uslubiga xos metaforalar yordamida tasvirlaydi.
She’rning keyingi bandlariga diqqat qaratsak:
Umid kutib buyuk kelajagidan
Xalq quvondi. Yangrab shodlik nag‘masi.
Sharq osmoni bo‘ylab ko‘k jiyagidan
Bosh ko‘tardi mustaqillik quyoshi.
Yuqoridagi bandda “Bosh ko‘tardi musataqillik quyoshi” qatori o‘z ma’nosidan ko‘chma ma’noga ko‘chib qo‘llanilgan. O‘zbekiston sovetlar ittifoqidagi barcha xalqlarning orasida birinchilaridan bo‘lib mustaqillik e’lon qilib, o‘z oldiga mustaqil mamlakat tiklashdagi tarixiy holatini “mustaqillik quyoshi” metaforasi orqali ifodalagan. She’rda shoir lirik qahramonining butun xalqning taqdirini o‘z yelkasiga olib, to‘g‘ri yo‘ldan boshlab, el karvonini o‘zga yo‘lga og‘dirmay olib kelayotganligini, el-xalq undan rozi ekanligini aytadi, bu kishiga yanada katta kuch-quvvat tilab qoladi.
Miqti egningizda olib kelasiz
Xalq yukin. Rozidir har ovul, har kent.
Katta obro‘ qozonasiz hali Siz,
Xudo quvvat bersin, janob Prezident!
She’rning ushbu bandidagi “Miqti egningizda olib kelasiz, Xalq yukin. Rozidir har ovul, har kent.” degan qatorlari bizga qadimgi yunon adabiyotidagi Esxilning “Zanjirlangan Prometey” asaridagi Prometey obrazini esalatadi. Bunda Prometey sovuqda sovuq qotib tanglikdagi inson bolalarini isitish uchun ot o‘g‘irlab olib kelib beradi. Shuningdek, Prometey odamlarga turli hunarlardan saboq berish orqali ularga baxtli turmush inom etadi. Odamlar yer yuzida tinch-totuv, farovan turmush kechira boshlaydi. Prometeyning bu fazilatlaridan g‘azablangan Zevs uni uzoq davrlar davomida toqqa zanjir bilan bog‘lab qo‘yadi. Lekin u sira afsuslanmaydi. O‘zini insoniyatning baxti uchun fido qiladi.O‘z o‘rnida uning fidokorligi ham javobsiz qolmaydi. Bu zanjirbandlikdan uni odam bolasi-Gerakl qutqaradi.
Yuqoridagi she’rning dastlabki bandlarida so‘z yuritilgan o‘t purkayotgan ajdarhoga qarshi borib, qafasdagi humo qushni qutqarish motivi Prometeyning Zevsning qahridan hayiqmay, odamzotga yordam berib, butun insoniyatni qutqarish motiviga hamohang keladi. She’rning o‘ziga xosligi ham shunda, shoir bunda Islom Karimovning badiiy obrazini yaratishda afsonaviy va mifologik obrazlardan mohirona foydalanish bilan birga, uning davlat boshqaruvidagi asosiy prinsiplarini ham o‘rinli keltirgan.
Kelgusi avlodlar olgaylar yodga
Tangrim doim nurli nazarin solgay.
Siz-u bizdan shu ertangi avlodga
Ozod hamda obod bir Vatan qolgay.
Haqiqatdan ham, I.Karimov “Ozod va obod Vatan, erkin va farovan turmush qurish” degan prinsipni asosiy o‘ringa qo‘ydi. Shahar-u qishloqlarni obod qilib, farovon turmushimizning asosini yaratdi. Shuningdek biz bu bandda “Yodga olg‘ay”, “Tangrim nurli nazarin solgay”, “Ozod va obod vatan qolgay” degan misralarda folklor asarlaridagi “duo” janrining ta’sirini payqash qiyin emas.
She’rning badiiylik darajasi juda yuqori. Shoir bu she’rni faqat o‘z qalbini to‘lqinlantirgan o‘ylargagina emas, balki butun xalq yuragida mavj urib turgan tuyg‘ularga qurgan. Shundan bo‘lsa kerak, I.A.Karimov bu she’rdan ta’sirlanib shoirga quyidagi javob xatini yo‘llaydi:
“… “ Milliy tiklanish” gazetasida chop etilgan she’ringizning har bir qatorida mavj urib turgan chin ko‘ngillilik va katta hurmat tuyg‘usidan juda ta’sirlandim…chin ko‘ngildan yozgan she’riy qatorlaringiz uchun minnatdorlik bildirib, sizga sog‘lik-omonlik, umringizga va ijodingizga baraka tilayman.
Hurmat bilan,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov.”
Hurmatli Birinchi Prezidentimizning bu xati shoirni yana ham jonlantirib, unga ijodiy ilhom bag‘ishladi. Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning yurtimizda olib borilyotgan siyosatining buyukligi ham shundaki, u hamma vaqt birinchi o‘ringa “tinchlik” va “totuvlik” degan tushunchalarni qo‘ydi, butun xalqning ongiga shunday holis g‘oyani singdirdi.
Ko‘p xalqlar arosat azobin chekar,
Prezidentdan tortib dehqonga qadar,
Uyqu o‘girlovchi ne? – desang agar,
“Tinchlik” va “totuvlik” degan ikki so‘z.
Shoirning 2004 yilgi “Har kimnin o‘z zamani bar” she’rlar to‘plamiga kirgan “Ikki so‘z” she’ri o‘zining badiiy g‘oyaviy yo‘nalishi bilan ham shoir she’riyatida I.Karimov obrazini teranroq yoritishga xizmat qiladi. Shoir bu misralarda so‘ngi vaqtlarda dunyo xalqlari orasidagi yuz berayotgan urushlar, murakkab va keskin vaziyatlarni “arosat azobi” metaforasi bilan ifodalaydi. Shuningdek she’rning birinchi qatoridagi “arosat”, “qadar” so‘zlari arab, fors tillarining so‘zlari bo‘lib, she’rning badiiy ta’sirchanligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Birinchi Prezidentimizning “O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak” deb aytishi ham bekorga emas edi. Shoir I.Yusupov bo‘lsa bu adolatli siyosatni o‘z she’riy qatorlarida quydagicha ifodalaydi:
O‘tlar yonsa yonsin o‘choqda gurlab,
Otlar poyga qilsin sovringa terlab,
Kim qolin ilitsa urush otin kuflab,
Qargishga uchrab, giryona bolar.
Ushlashsa palvonlar yoqa ushlashsin,
Tashlashsa qo‘chqorlar kalla tashlashsin,
Urushsa xo‘rozlargina urushsin,
Odam urushgan erlar vayrona bo‘lar!
She’r odamlar orasida tinchlik va totuvlikni qadrlashga chaqiradi. She’rda parallelizm usulidan mohirona foydalanilgan. Ya’ni, o‘choqdagi o‘t bilan urush o‘tini, xo‘rozlar urushi bilan odamlar orasidagi urushni bir-biriga parallel qo‘yib tasvirlaydi. Bundan tashqari she’rda “urush olovini yoqish”, “qarg‘ishga uchrash”, “vayron bo‘lish” singari iboralar ham qo‘llangan. Bular ham o‘z o‘rnida she’rning badiiyligini oshiradi, uning o‘quvchi uchun emotsional ta’sirchanligini kuchaytiradi.
Mustaqillikning eng katta yutug‘i – O‘zbekiston bilan dunyo xalqlari do‘stligining mustahkamlanishi bo‘ldi. Bu esa mustaqil davlatimizning bosh siyosati edi. Shu sababli ham atoqli shoir I.Yusupov xalqimizning tug‘ishgan xalqlar bilan totuvlik, inoqliq va do‘stlik masalasini kuylashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Masalan, “Tug‘ishganlik” she’rida quydagi qatorlarga e’tibor bersak:
Suvimni daryodosh etgan,
Elimni do‘st-qardosh etgan,
Turkmanga nag‘malash etgan
«G‘ardashi» ko‘b tug‘ishganlik.
Qozoqlarga toy so‘ydirgan,
Qirg‘izlarga qo‘y so‘ydirgan,
O‘tov tikib, bosh qo‘ydirgan-
Himmatli so‘z tug‘ishganlik.
Shoir bu she’rida turkiy tilli xalqlar bilan tubimiz bir tug‘ishgan ekanimizni, ularning quvonchi biz uchun katta bayram, ularning qayg‘usi- biz uchun og‘ir dard ekanligini kuylaydi. She’rda «g‘ardash» so‘zining qo‘llanilishi ham o‘ziga ma’lum bir poyetik vazifani yuklaydi. Agar «g‘ardash» so‘zining o‘rniga o‘zimizning tubkilikli «og‘ayni» so‘zini qo‘llanganida she’rda bunday badiiy ta’sirchanlikka erishilmay qolardi. Bundan tashqari milliy urf-odatlarimiz bo‘lgan “mehmon kutish” udumini “o‘tov tikib, bosh qo‘yish” metonimiyasi orqali ixchamlashtirgan.
Mustaqillikning dastlabki yillaridayoq I.Karimovning qoraqalpoq xalqiga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi ko‘pchilikning yodida. 1993 yili BMTning 48-sessiyasida Orol muammosini butun dunyo uchun muammo ekanligin, u yerdagi xalqlarga yordam kerakligini birinchilardan bo‘lib ko‘tarib chiqqan edi. Mana shunday jonkuyarligi bilan I.Karimov qoraqalpoq xalqining ham qalbidan chuqur o‘rin olgan. Shundan bo‘lsa kerak oqko‘ngil xalqimizning sodda odamlari “Islom Karimov qoralqalpoq bo‘lsa kerak”- deb ham quvongan edi. Bunga o‘zbek va qoraqalpoq xalqining og‘a-inilik munosabatlar asos bo‘lib, biz buni shoirning ushbu qatorlarida ko‘rishimizga bo‘ladi.
O‘zbekni o‘z og‘am etgan,
Ulkan baxt in’om etgan,
Bir qozonda osh damlagan
Mehri issiq tugishganlik.
Shoir o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining og‘a-ini, tug‘ishganlik munosabatlarini birinchi misolida o‘zbek xalqini o‘zining og‘asiga o‘xshatishida “og‘a” metaforasini bersa, keyingi misoldagi “bir qozonda osh damlatish”i birdamlikning ramzi sifatida olgan. Yoki, shoirning
«Og‘am borda yelkam tomda» degandek,
Buyuk Toshkent uning g‘amxo‘r og‘asi
-degan qatorlarida xalq og‘zaki ijodi namunalaridagi «Og‘am borda yelkam tomda» maqoli orqali bu ikki xalqning tug‘ishganligini qoraqalpoq xalqining milliy xarakteriga xos bo‘lgan belgilar bilan ochib bergan.
Xulosa qilib aytganda biz I.Karimovning O‘zbekiston xalqlariga qilgan fidoiyligi, dunyo xalqlariga ko‘rsatgan tug‘ishganlik-odamiylik xizmatlarini va qoraqalpoq xalqiga bo‘lgan og‘alik g‘amxo‘rligini mangu ulug‘lash zarur ekanligini tushunamiz. Shu sababli ham buni o‘z vaqtida payqagan I.Yusupov unga atab “Prezident” she’rini yozgan.
I.Karimovning uzoqni ko‘zlaydigan, dono yurtboshi bo‘lganligining yana bir ko‘rinishini, uning xalqining faqat bugunini emas, balki kelajagini o‘ylab, o‘zidan keyin ham elimizga odil va dono, ishonchli va loyiq insonni tayyorlab, xalqning taqdirini ishonchli qo‘lga topshirib ketganligidan ham ko‘rsa bo‘ladi.
Haqiqatdan ham Hurmatli Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning davlatimizda Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning nomini abadiylashtirsh uchun qilayotgan harakatlari va u insonning ruhiga mangu esdalik o‘rnatishi u insonga bo‘lgan cheksiz hurmat va sadoqatning timsoli bo‘ldi. Shuning natijasi bo‘lsa kerak, muhtaram yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyev qisqa vaqt ichidayoq xalqning cheksiz ishonch va mehriga erishib, xalqning yuragidan teran joy egallab ulgurdi.
Shuning uchun ham I.Yusupov:
Sizni kim chiqarsa baland minbarga,
Uning o‘rni bo‘lar hamisha to‘rda.
O‘zingiz ozodlik istagan elda,
Mustaqil Vataning yod etar sizdi.
-deb keltiradi. Yakuniy xulosa o‘rnida aytganda, I.Yusupov she’riyatida I.A.Karimov obrazini yaratishdagi g‘oyaviy-mavzuviy, badiiy estetik va emotsional ta’sirchanlik o‘sib kelayotgan yosh avlodning komil inson bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi.
Ayimbetova Zamira
Qoraqalpoq Davlat universiteti magistranti