НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

Elga sadoqat bilan mehnat qilishni o‘rgandik


01.02.2018

Qashqadaryo viloyati qadimda Janubiy Sug‘d, Janubiy Turon deya nomlangan bo‘lib, dehqonchilik va chorvachilik uchun qulay iqlim va suv sharoitiga ega bo‘lgan.

Zarafshon va Amudaryo daryolari oralig‘ida joylashgan serhosil zaminga ega bo‘lib, boy tarixga va rivojlangan madaniyat, o‘ziga xos go‘zal tabiatga ega voha hisoblanadi. Men shunday go‘zal zaminda tug‘ilib voyaga yetgan baxtiyor insonlardan biriman.

Shu yurtda tug‘ilib, o‘sib, mehnat qilgan, qishloq xo‘jaligiga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shgan insonlardanman. Viloyatimizdagi Kitob tumanida “Selxoz texnika” idorasida bosh muhandis va rahbar, Kitob tuman ijrokom raisi vazifasida ishlab yurgan paytlarim viloyatimizda og‘ir kunlar boshlangan paytlar edi. Rahbarlar qo‘nimsizligi, qama-qama avjga chiqqandi. Viloyatdagi rahbarlar meni Qashqadaryo viloyati agrosanoat uyushmasi raisi o‘rinbosarligiga lozim ko‘rishganidan bir oz yuragim orqaga tortdi. Lekin, o‘zimdagi to‘g‘ri ko‘ngillik va g‘ayrat menda ishlashga istak uyg‘otdi, ishlash kerak degan hissiyotni yuragimga soldi.

1986 yil Qashqadaryoda chinakam qurg‘oqchilik yili bo‘ldi. 185 ming gektar lalmi bug‘doy nes-nobud bo‘ldi, kombaynlar umuman ishlamadi desa ham bo‘ladi. Viloyatimiz rahbarlarini ikki oyoqlari bir etikka tiqilgan paytlar. Qishlovga xashak yetmadi, ushoq mollarni Buxoroga o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Rossiyaga zarur texnika va ishchilarni jo‘natib 2200 vagon xashak ne mashaqqatlar bilan olib kelindi.

Baxtimiz butun ekan. Viloyatimizga markazdan Islom Karimovdek uzoqni ko‘ra oladigan, ziyrak va ishbilarmon rahbarni birinchi kotiblikka yuborishdi. Qishloq xo‘jaligi depsigan, chorva mollari, iqtisodiyot qurg‘oqchilik tufayli oqsagan viloyatni oyoqqa turg‘izish hammaning ham qo‘lidan kelavermas edi. Ayrimlar norozi ham bo‘lishdi, lekin u kishidagi g‘ayratni ko‘rganlar mum tishlab qolishdi.

Islom Abdug‘aniyevich ish faoliyatlarini dastalb qishloq xo‘jaligini oyoqqa turg‘azishdan boshladilar. U kishi bilan yonma-yon ishlash nafaqat menda, barcha soha rahbarlarida ertangi kunga ishonch hissini uyg‘otar edi. 1987 yil uchun ekilgan lalmi bug‘doy ham qurg‘oqchilik tufayli dalada qolib ketgan edi. Barcha hosil omon qolishini tilab tavallo qilar edi. Birinchi kotibning qadami qutlug‘ keldi. Xudoning qudratini qarang, uch kun Qashqadaryoda yomg‘ir yog‘ib, lalmi bug‘doy nish urdi.

Qiru adirar yam-yashil libos kiydi. Ana, rahbarning qutlug‘ qadami. Xalq chinakamiga u kishining yonlariga jipslashdi. 1987 yil hosili mo‘l bo‘ldi.

105 ming tonna bug‘doy rejasi bajarilib, davlatga 175 ming tonna bug‘doy topshirildi. Ana quvonch, ana mo‘lchilik. Umuman iqtisodiyot, sanoat ham, chorva ham, yem-xashak ham o‘z iziga tushdi. Islom Karimov ishni qishloq xo‘jalik xodimlarini rag‘batlantirish va texniklarini saranjomlashdan boshladilar.

Qishloq xo‘jaligini oyoqqa turg‘izishga qodir xo‘jalik raislari va sovxoz direktorlari ”Paxta ishi” yuzasidan ayrimlari qamoqda qolganlari esa uyda yurak hovuchlab o‘tirar edi. Mahalliy yosh kadrlarga ishonib kolxoz va savxozlarga rahbar etib tayinlab, tajribali raislarni ularga maslahatchi etib tayinladilar. Qishoq xo‘jaligida ishlashga loyiq 220 nafar raislar yoshlarga qanot bo‘ldi, viloyat qishloq xo‘jaligi oyoqqa turdi. Hosil mo‘l bo‘lib, dehqoning ko‘kragiga shamol tegdi.

Shunga bir misol. Qashqadaryo zaminida xalq orasida obro‘-e’tiborga ega insonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Usmon Yusupov tumanidagi 21-Toshkent sovxoziga xalq oqsoqoli Cho‘li boboning o‘g‘li Ibrohim Cho‘lliyevni direktor lavozimiga tayinlashdi. Savxoz depsinishdan qutulib ilg‘orlar safiga qo‘shildi.

Esimda, Islom aka bir kuni meni yonlariga chaqirib:

— Tursunpo‘lat, sizni anchadan beri bilaman. Qishloq xo‘jaligidagi haqiqiy ahvolni o‘nglash uchun nima qilishimiz kerak, faqat rost gapiring. Ayrim rahbarlar mavjud ahvolni yashirganliklari uchun yig‘im-terim paytida hosildorlik yuqori bo‘lmayapti, - deb kuyunchaklik bilan gapirib qoldilar.

- Islom Abdug‘aniyevich, avvalo mehnatkashlar uchun qulay zamonaviy sharoitlarni yaratishimiz hamda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlab, iloji bo‘lsa, yangisini sotib olib, ularni o‘z egalariga topshirsak, ko‘zlagan maqsadimizga erishamiz. Aks holda o‘sha eskicha ishlash va fikrlash davom etaveradi, - deb javob berdim.

U kishi qishloq xo‘jaligini oyoqqa turg‘azish uchun rahbarlarga maslahat solib, uning salmog‘i qanday bo‘lishini chamalab, doimo men bilan o‘rtoqlashardilar. Shu asnoda viloyat agrosanoat uyuushmasi ”Agroprom”dan meni viloyat partiya kometiti qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i vazifasiga ishga tayinlashdi. Maslahat va yondashuvlarimiz samara berayotganidan xursand bo‘lar edim, lekin hadik ham bor edi.

Bu qo‘l bilan mehnat qilmay og‘iz ko‘pirtirayotganlarni yon-atrofimga ko‘payishiga olib kelishini bilar edim. Lekin, sofdillik, sobitqadamlik va vijdon oldidagi poklik meni yanada kuch-g‘ayrat bilan ishlashga undar edi. Buni allaqachon payqagan Islom Abdug‘aniyevich nafaqat qishloq xo‘jaligi, boshqa ijtimoiy masalalarda ham baqamti ishlashga chorlar edilar. Mahalliy kadrlar bo‘lsa-da, ayrim rahbarlarning e’tiborsizligi tufayli 1500 ta paxta terish mashinalariga Toshkent viloyatidan mexanizatorlar jalb etildi. Yig‘im-terim yakunida barcha mashinalarni hasharga kelgan mexanizatrolar ishga yaroqsiz ahvolga keltirishganini ko‘rib yuragim achishib ketdi.

Mahalliy kadrlar o‘zimizniki. Ularni qayta o‘qitib, ishga jalb etishni birinchi rahbarga maslahat qildim. U kishi qo‘llab-quvvatladilar. Ko‘pchilik mexanizatorlarni “Toshselmash” zavodiga xizmat safariga jo‘natib, texnika bilan qanday “tillashish”, ularni texnik soz ahvolga keltirish yuzasidan o‘qitib yetuk mutaxassis darajasiga yetkazib, ish bilan ta’minladik. Sal o‘tmay bu o‘z samarasini berdi. Paxta terish mashinalarimizning barchasi, 3750 ta mashinalar 1988 yil hosilini yuqori navlarga terib, davlatga topshirishdi. Shuningdek, u kishi bilan tashkil etgan maslahat kengashimiz, boshqa viloyatlarda samara bermagan “Paxtakorlar soveti” yaxshi natija berdi. Yer tayyorlash chigit ekish, boshqa bir qator agrotexnik tadbirlar natijasida yuqori hosil olinib, viloyat ilg‘orlikni qo‘ldan boy bermay kelardi.

Islom Abdug‘aniyevich bilan yonma-yon,elkama yelka ishlab, ko‘plab xayrli va savobli ishlarni amalga oshirganligimizni hali-hanuz voha ahli minnatdorlik bilan eslaydilar.

Shahrisabz tumanidagi Amir Temur va G‘ani Boboyorov jamoa xo‘jaligi ishchi xizmatchilari uchun qurilgan kooperativ uylar ayniqsa dehqonlarga mos keldi. Uylarda hammomdan tortib, tandirlargacha qurilib, aholi uchun qulay qilib qurilgani barchaning havasini keltirdi.

U kishi xalqning, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi xodimlarining ahvolidan xabar olish, ularning og‘irini yengil qilishda tunu kun tinim bilmay ishlardilar. Oddiylik, haqiqatgo‘ylik va mardlik xususiyatlari u kishining bezagi edi. Bizlar ancha vaqt u kishi bilan baqamti mehnat qilib, ko‘p xayrli ishlarni o‘rgandik. Elga sadoqat bilan mehnat qilishni o‘rgandik.

Ish faoliyatim davrida bir qator boshqarma va vazirliklarda yurtimizning ravnaqi, qishloq xo‘jaligini yuksaltirish uchun mehnat qildim. Barchasida Islom Karimovdek ustoz va mehribon insonning o‘rgatgan ishlari va yo‘l-yo‘riqlarini o‘zimga shior qilib oldim. Har damda u kishiga munosib shogird bo‘lganimdan faxrlanib yuraman. Bugungi kunda u kishining qilgan mehnatlari, yurtimizning rivoji yo‘lidagi barcha olamshumul faoliyatlari yuksak e’tirof etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimizning xotirasini abadiylashtirish uchun 2017 iyl 27 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori, xalqimizning buyuk farzandi, mustaqilligimizning asoschisi Islom Karimovning xotirasiga yuksak ehtirom namunasi, deyish mumkun.

Qashqadaryo viloyatida Islom Karimov ko‘pchilik holatlarda maxsus xonada emas, xodimlar bilan navbatda turib umumiy zalda bo‘lim boshliqlari bilan bir stolda o‘tirib ovqatlanganini guvohi bo‘lganman. “Paxta ishi” bilan qamalganlarni ozod qilish, ularning pok nomlarini tiklash uchun qilgan ishlarining o‘zi katta bir jasoratdir.

Bir kuni paxta dalalarini aylanib, Bahoriston tumanidan birinchi kotib bilan “Volga” Gaz 3102 mashinasida shitob bilan kelyapmiz. Mening ham, u kishining ham qornimiz och. Kasbi tumanida bir joyda choy tashkillashtirilgan ekan. U kishi ovqatlanishga burilmay,mashinani Jiynov xo‘jaligiga haydashni buyurdilar. O‘sha yerda so‘lim bog‘ bor edi. Haydovchiga yukxonadagi kolbasani nonga qo‘shib olib kelishni aytdim. Daraxtlar soyasida uch kishi shu kamtargina ovqatni yeb olganimizni yaxshi eslayman. U kishining qanchalik kamtarin bo‘lganliklari meni lol qoldirgan. Chiroqchi tumanidagi mashhur Umakay qishlog‘ida bir fuqoroning uyida bo‘layotgan hashar ustidan chiqqanmiz. U kishi bilan hasharga yordamlashib, aholini xol-ahvolini atroflicha o‘rganib, bir piyola choy ustida yordam berganliklari bizga ancha dars bo‘lgan.

Tursunpo‘lat Karimov,
mehnat faxriysi