НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

Zokirjon Almatov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar sobiq vaziri 1991-2005 yillar, general-polkovnik


Ochig‘i,  men shunday ulug‘ inson,  Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahbarligida yonma-yon turib, xamfikr bo‘lib ishlaganimdan avvalo Allohga shukurlar qilaman.

Umuman, Islom Abdug‘aniyevich haqida juda ham ko‘p yozilgan va umid qilamanki, hali juda ham ko‘p yoziladi. Uning har bir kuni erta bilan mendan telefon orqali axborot olish bilan boshlanar edi. Har kungi axboroti mendan operativ vaziyatda mamlakatdagi tinchlik osoyishtalikka shu bilan birgalikda sodir etilgan jinoyatlarga ham katta ahamiyat berar edilar.

U kishining har bir so‘zi kechagidek esimda: “Zokirjon bilib qo‘y, mamlakatda tinchlik-osoyishtalikni o‘rnatmasdan turib, ko‘zlagan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi. Mening va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning asosiy vazifasi ana shu mamlakatda tinchlik osoyishtalikni o‘rnatish”.

Esimda, 1991 yillar Mustaqilligimizning ilk yillari tinchlik, osoyishtalik, yosh hali murg‘aq davlatimiz juda katta xavf-xatarlar ostida edi.

Muqaddas islom dinimizni niqob qilib, mamlakatimizga har xil missionerlarning kirib kelishi, ularning asosiy maqsadlari vaziyatni izdan chiqarish, yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirish, ularni har xil diniy oqimlarga a’zo qilish, Islom bayrog‘ini niqob qilib xalqni qo‘zg‘olonga da’vat qilish edi. 1991 yilda Namangan, Farg‘ona, keyinchalik Andijondagi voqealarni eslaylik.

Mamlakatda har xil partiyalar va harakatlarning paydo bo‘lishi (“Erk” partiyasi, “Birlik xalq harakati” va boshqalar). Ba’zi bir buyuk davlatlarning ta’sirida bo‘lgan ana shunday partiya va harakatlarning, davlatimizni ichidan yemirish, ruxsat etilmagan miting va namoyishlar o‘tkazishga urinishlar. 1992 yil yanvarida Toshkentdagi Talabalar shaharchasidagi voqealar shular jumlasidandir.

Uyushgan jinoyatchilikning tinchlik-osoyishtalikka, operativ vaziyatga ta’siri katta edi. Har kungi operativ ma’lumotlar 50-60 bosqinchilik, talonchilik, qotillik, har kuni 50 tagacha avtomashinani o‘g‘irlash. Reket va boshqa og‘ir jinoyatlar, ayniqsa, 1991 yilning oxirlarida mamlakatda qayd etilar edi. 1991 yilning oxirlarida mamlakatda bug‘doy-un mahsulotlarining taqchilligini yuzaga kelishi davlat zaxirasida bor yo‘g‘i bir haftaga yetadigan bug‘doy, un mahsulotlari qolgan edi. Yuzaga kelgan ana shunday vaziyatlar manaman degan har bir rahbarni dovdiratib qo‘yishi, tinchlik-osoyishtalikni izdan chiqarishi mumkin edi. Ana shunday murakkab vaziyatlarda Islom Abdug‘aniyevich o‘zining komandasi bilan metindek iroda, mardlik, jasurlik ko‘rsatib mamlakatni og‘ir vaziyatlardan olib chiqdilar.

Bulardan tashqari, O‘zbekistonda yovuz niyatlari amalga oshmagan manqurt kimsalar e’tiborini qo‘shni Tojikiston Respublikasiga qaratdilar. 1992 yilda Tojikistonda qaltis vaziyat yuzaga keldi. U yerda fuqarolar urishi boshlandi. Minglab oilalar uy-joylarini tashlab qo‘shni davlatlarga ko‘chib keta boshladilar. O‘n minglab Tojikiston fuqarolari O‘zbekistonda qo‘nim topdilar. O‘sha og‘ir damlarda, shaxsan Islom Abdug‘aniyevich ko‘rsatmasiga asosan ularga insonparvarlik yordami ko‘rsatildi.

Tojikistondagi ushbu urushda begunoh insonlar halok bo‘ldi. Mamlakat iqtisodiyotiga juda katta zarar yetkazildi. Qo‘shni respublikadagi ahvol Islom Abdug‘aniyevichni befarq qoldirmadi. Uning shaxsan topshirig‘iga asosan Tojikistonga beg‘araz yordam ko‘rsatila boshlandi.

Hammamizga ma’lumki, Islom Abdug‘aniyevich Karimov bir necha bor Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon hamjamiyati mamlakatlariga murojaat etib, ularni Tojikistondagi vaziyatni barqaror etishga chaqirdilar va buning uddasidan chiqdilar. Oxir-oqibatda, Tojikistonning birligi saqlab qolindi. Islom Abdug‘aniyevich ana shunday rahbar, buyuk inson edi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, Prezident obro‘si - bu mamlakatimiz, xalqimiz obro‘si. Shuning uchun biz Islom Abdug‘aniyevichning shogirdi, Prezidentimiz Shavkat Miromonovichga yelkadosh bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib mo‘ljallangan marralar sari ildam borishimiz lozim. Xalqimizning “Birlashgan o‘zar - birlashmagan to‘zar” degan maqoliga amal qilishimiz kerak. Olloh bizga madadkor bo‘lsin.