НАУЧНО-ПРОСВЕТИТЕЛЬСКИЙ КОМПЛЕКС ИСЛАМА КАРИМОВА

Xalqimizning fidoyi farzandiga bo‘lgan yuksak ehtiromi namunasi


07.02.2018

Islom Abdug‘aniyevich Qashqadaryoni, uning mard va olijanob elini buyuk bir mehr bilan sevar, bu zaminni Vatan ichra Vatanim, deb ardoqlar edilar.

Shavkat Mirziyoyev


- Bilamizki, davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning ulug‘vor haykali 2017 yil 31 avgust kuni Toshkent, 2 sentabr kuni Samarqand shahrida tantanali ravishda ochilgan edi. Joriy yilning 30 yanvar kuni esa xuddi shunday marosim Qarshi shahrida bo‘lib o‘tdi. Tadbirga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi va nutq so‘zladi.

Qarshi shahrida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov haykali o‘rnatilgani bejiz emas. Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzasida ta’kidlaganidek, “O‘ylaymanki, barchamiz, ayniqsa, siz, azizlar bir haqiqatni yaxshi bilasiz: Islom Abdug‘aniyevich Qashqadaryoni, uning mard va olijanob elini buyuk bir mehr bilan sevar, bu zaminni Vatan ichra Vatanim, deb ardoqlar edilar”.

Shunga ko‘ra, Islom Karimovning viloyatimizdagi haykali u kishi shu yerda rahbar bo‘lib ishlagan vaqtidagi ishxonasi – viloyat hokimligi binosi yonida o‘rnatildi. Bir vaqtlar Islom Karimov shu bino derazalaridan tashqariga qarab, voha, uning odamlari taqdiri haqida qayg‘urib o‘yga tolgan bo‘lsa ne ajab. Qarangki, bugun Birinchi Prezidentimiz tinch-farovon, rivojlangan, har tomonlama chiroy ochgan, o‘zi obod etgan manzillarga mamnun va xotirjam holda boqib turibdi.

Aytish joizki, Qashqadaryo ahli viloyat mustaqillik yillarida iqtisodiy barqaror, sanoati rivojlangan hududga aylanib, aholi turmush darajasi muttasil o‘sib borayotgani, bunyodkorlik, xalqimiz farovonligini yuksaltirish bilan bog‘liq barcha ezgu ishlar Birinchi Prezidentimiz nomi bilan bog‘liq ekanini chuqur his qiladi.

“Muborakneftgaz”, “Sho‘rtanneftgaz”, Muborak gazni qayta ishlash zavodlaridagi yangi quvvatlar, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Talimarjon IES, Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘li qurilishlari, tezyurar “Nasaf” poyezdi, “Afrosiyob” elektr poyezdi harakatining yo‘lga qo‘yilishi... Birgina viloyatda shuncha voqelik va barchasi bir shaxs – Islom Karimov nomi bilan bog‘liq.

Qolaversa, voha odamlarini “paxta ishi” degan bo‘hton va tuhmatdan ham aynan Islom Karimovning jonkuyarligi qutqarib qolgan edi. Shuning uchun qashqadaryoliklarning bu zotga hurmati baland, ixlosi bo‘lak. Viloyat markazida qad rostlagan ulug‘vor haykal esa xalqimizning fidoyi farzandiga bo‘lgan yuksak ehtiromini ko‘rsatib turibdi.

 

Islomiddin ABROROV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a’zosi