ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

9-oktyabr kuni Yodgorlik majmuasiga taniqli san’atkor Jenisbek Piyazov tashrif buyurdi


10.10.2018

O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Akademik xonandalik bo‘limida tahsil olgan Jenisbekning bas-bariton ovozi, opera san’atida erishgan ijrochilik mahorati, bugun nafaqat yurtimiz sahnalarida, balki dunyoning mashhur konsert zallarida olqishlanib, muxlislarning yuksak e’tirofini qozonib kelmoqda.

 

Fransiya, Ispaniya, Malayziya, Portugaliya, Rossiya va boshqa qator davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro tanlovlarning sovrindori Jenisbek uchun, mashhurlik pillapoyalariga dastlabki qadam – «Nihol» mukofotidan boshlandi.

U 2012-yilda Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist, ikki yildan keyin esa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonlariga sazovor bo‘ldi. «Shuhrat» medali sohibi Jenisbek Piyazov bugun opera partiyalari va rus romanslari ijrochisi sifatida tanilgan va tan olingan san’atkorlar qatoridan o‘rin egallagan.

 

Oldinda esa, Italiyaning Osimo shahriga xizmat safari. O‘z mahoratini oshirish va tajriba orttirish maqsadida ikki yillik o‘qishga otlangan san’atkorimiz oila a’zolari-ukasi, turmush o‘rtog‘i va uch nafar farzandi bilan Yodgorlik majmuasiga kelib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Birinchi Prezidentimizning rafiqasi bilan hamsuhbat bo‘lgan mehmon, Tatyana Karimovaga qoraqalpoq dutorini sovg‘a qildi.

«Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasida Islom Abdug‘aniyevich bilan bog‘liq xotiralar tilga olindi.

Jenisbek Tatyana Akbarovnaga samimiy kechgan uchrashuv va sovg‘alar uchun chuqur minnatdorlik bildirib, o‘z taassurotlari haqida faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.