ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Iqtisodiyot. 1997 yil


2 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasi "DEU" kompaniyasi guruhining raisi Kim U Jung boshchiligidagi shu guruh delegatsiyasi a’zolarini qabul qildi. Suhbat chog‘ida "O‘zDEUavto" zavodida ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, uni butlovchi materiallar bilan ta’minlash, to‘qimachilik majmuini barpo etish, telekommunikatsiyalarni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

  
11 fevral. Toshkentda Markaziy Osiyo respublikalari temir yo‘l idoralari hamda Kaspiy dengizi kemachiligi rahbarlarining TRASEKA loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish yuzasidan birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Qora dengizga olib keladigan temir yo‘l marshrutini barpo etish vositasida MDH janubiy davlatlarining jahon iqtisodiyotiga kirib borishiga ko‘maklashuvi lozim.  

9 mart. "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviokompaniyasi Amerikaning Sietl shahridagi "Boing" samolyotsozlik korporatsiyasidan sotib olgan ikkinchi "Boing-767" samolyoti Toshkent aeroportiga kelib qo‘ndi. Yangi reaktiv layner qadimiy o‘zbek shahri - "Xiva" nomi bilan ataldi.  

19 mart. Toshkentdagi "Turkiston" saroyida eng yaxshi tadbirkor, eng yaxshi hunarmand va eng yaxshi fermer uchun navbatdagi "Tashabbus-96" tanlovi bo‘lib o‘tdi. Samarqanddagi "Umid" xususiy firmasining direktori Olim Rajabov eng yaxshi tadbirkor, deb tan olindi. Unga "Neksiya" avtomobili kaliti topshirildi. Hunarmandlar orasida Qibraydagi "Ijod" firmasi xodimi Ergash Safarov birinchi o‘rinni oldi. Unga "Tiko" avtomobili taqdim etildi. Andijon viloyati Marhamat tumanidagi "Shuhrat" fermer xo‘jaligining rahbari Toshmirza Nuriyev eng yaxni fermer unvoniga sazovor bo‘ldi. U "Damas" mashinasi sohibi bo‘ldi.  

Mart. Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida tashkil etilgan "O‘zDEU to‘qimachilik" qo‘shma korxonasi dastlabki mahsulotni berdi.  

2 aprel. O‘zbekiston hukumati BMTning taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda birinchi hukumatlararo global tarmoq loyihasini rasman tuzib chiqa boshladi. U axborotlar almashinuvi jarayonini yengillashtirish va jahon "Internet" tarmog‘ining ulkan axborot zaxiralaridan foydalanish imkoni tug‘diradi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan marosimda mazkur strategik jihatdan muhim sohada xalqaro hamkorlik shart-sharoitlarini belgilab beruvchi hujjat loyihasi imzolandi.  

21 aprel. Madridda Andijondagi ip-gazlama ishlab chiqarish bo‘yicha Bobur nomli aksionerlik jamiyatiga sifatli mahsuloti uchun "Yevropa arkasi" Xalqaro sovrinini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.  

Aprel. Sharjada yuk tashish masalalari bo‘yicha Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviokompaniyasi bu qadar mo‘tabar anjumanda faqat birinchi marta ishtirok etib qolmasdan, shu bilan birga uning mukofatiga, ya’ni 1996 yilda charter reyslarida yuk tashish bo‘yicha eng yaxshi avikompaniya unvoniga sazovor bo‘ldi.  

13-16 may. Toshkentda qishloq uchun zamonaviy mini-texnologiyalar va jihozlarning respublikada birinchi ko‘rgazma-savdosi bo‘lib o‘tdi.  

15 may. Toshkentda xalqaro aksionerlik tijorat "O‘zDEUbank" taqdimoti bo‘lib o‘tdi.  

21-23 may. Toshkentda "Neft va gaz-97" birinchi O‘zbekiston Xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda jahonning 30 mamlakatidan yuzga yaqin ixtisoslashgan kompaniya va firmalar vakillari qatnashdi.  

27-29 may. Samarqandda "Buyuk ipak yo‘li" xalqaro amaliy hamkorlik anjumani bo‘lib o‘tdi.  

Avgust. Yangiyo‘l paxta tozalash zavodi ishga tushirildi. Unda Amerika jihozlari o‘rnatilib, O‘zbekistonda birinchi marta paxta tolasini tozalash va presslash bo‘yicha Amerika texnologiyasi qo‘llana boshladi.  

Avgust. Moskva ostonasidagi Jukovsk shahrida uchinchi xalqaro aviokosmik salon (Maks-97) bo‘lib o‘tdi. Unda jahonning 328 yetakchi aerokosmik firmalari qatnashdi. O‘zbek aviasozlar saloni katta qiziqish uyg‘otdi, bu yerda yuk tashuvchi "IL-76" va o‘rtacha masofaga qatnaydigan "IL-114" yo‘lovchi samolyotlari namoyish qilindi.  

Avgust. Jizzaxda tomat pastasi ishlab chiqaradigan "Jizzax-Chexiya" qo‘shma korxonasi ishlay boshladi.  

17 sentyabr. "Toshkent traktor zavodi"ning 19-traktor yig‘uv sexi bosh konveyyeridan Amerika "Komminz" firmasining 92 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigateli - 1001 traktor chiqdi.  

19 sentyabr. Urganchda shahar aeroportining qayta qurilishi nihoyasiga yetganiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Endi bu aeroport xalqaro havo yo‘llarida qatnaydigan samolyotlarni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aeroportning qayta qurilishida Yaponiyaning "Mitsubisi-Mitsui-Shimidzu" konsorsiumi, "Japan ayrport kansalting", Germaniyaning "Simens", Turkiyaning "Ay-sel", Fransiyaning "Konsul" firmalari qatnashdi.  

Sentyabr. Toshkentdagi "Foton" aksionerlik birlashmasi "SONY" rangli televizorlarini chiqarishga kirishdi.  

Sentyarb. "O‘zbekiston havo yo‘llari" Davlat aksionerlik kompaniyasida TASIS dasturiga kiradigan TRASEKA loyihasi doirasida Markaziy Osiyo respublikalari bilan Xitoy o‘rtasida transport yo‘llarini tadqiq etish va takomillashtirishga bag‘ishlangan birinchi muvofiqlashtiruvchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston mutaxassislari bilan birga BMT, Osiyo banki va yirik xorijiy kompaniyalarining vakillari ishtirok etdi.  

23 oktyabr. Toshkentda "Korfarmsanoat" o‘zbek-hind qo‘shma korxonasining, shuningdek, "Kor Xelsker" limited" hind sanoat kompaniyasi ishlab chiqarayotgan tibbiy texnikaning tadqimot marosimi bo‘lib o‘tdi.  

Noyabr. Toshkent telefon tarmog‘ida Germaniyaning "SIMENS AG" firmasi bilan tuzilgan shartnoma asosida umumiy soni 40 ming nomer bo‘lgan raqamli 137, 162, 191, 195-ATSlar ishga tushirildi.  

Noyabr. O‘zbekiston hududlaridan o‘tuvchi Trans-Osiyo-Yevropa optika tolali kabel magistralining qurilishi nihoyasiga yetdi. U Frankfurt-na-Maynni Shanxay bilan bog‘ladi. Mazkur magistralda 926 kilometr optik tolali kabel yotqizildi.  

Noyabr. Madriddagi Xalqaro kengashda turli mamalakatlarnig 500 dan ortiq firma va kompaniyalari o‘z mahsulotlarini namoyish etdilar. "Quvasoy sement" aksionerlik jamiyatining mahsulotlari - sement, shifer, alebaster "Sifat uchun Xalqaro Oltin yulduz" nishoniga sazovor bo‘ldi. "O‘zpaxtasanoatsotish" assotsiatsiyasining Qoraqalpog‘iston birlashmasiga qarashli Xalqobod va Beruniy paxta tozalash korxonalarining paxta tolasi ham yuqori baholandi. O‘zbekiston tolasiga, shuningdek, "Sifat uchun Xalqaro Oltin yulduz" nishoni topshirildi.  

Dekabr. AQSH Federativ aviatsiya ma’muriyati komissiyasi "O‘zbekiston havo yo‘llari" kompaniyasiga Atlantika okeani orqali parvoz qilish huquqini beruvchi sertifikatni taqdim etdi. Birinchi parvoz 5 dekabrda bo‘lib o‘tdi. Bunga qadar avialaynerlarning texnikaviy imkoniyatlari va o‘zbekistonlik uchuvchilarning kasbiy darajasi tekshiruvdan o‘tkazildi.