ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Tashqi siyosat. 2008 yil


17 yanvar. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili Per Morelni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, uni Yevropa Ittifoqi bilan Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O’zbekiston o’rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo’shgan arbob sifatida hurmat qilishini ta’kidladi.

24 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni admiral Uilyam Fellonni qabul qildi.

Uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, qo‘shni Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish, shuningdek, xalqaro terrorizmga, narkotrafikka, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishi va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish borasida tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.

5-6 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘ldi

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar mamlakatimiz tashqi siyosatida alohida o‘rin tutadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida 2004 yili Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005 yilda hamkorlikni oliy bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan.

19 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga Oqsaroyda Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Zauitbek Turisbekov ishonch yorlig‘ini topshirdi.

Davlatimiz rahbari elchini sharafli va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan qutladi, yurtimizda boshlayotgan missiyasida muvaffaqiyat tiladi. O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini, mamlakatlarimizning hamkorligi yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslanganini ta’kidladi.

22 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Moskva shahrida o‘tgan norasmiy sammitida ishtirok etdi.

MDH – a’zo mamlakatlar bir-birini yaxshi biladigan, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlik borasida katta tajriba to‘plagan tuzilma. Hamdo‘stlik mamlakatlari bir-birining imkoniyatlarini, sharoitini yaxshi biladi, sinalgan hamkorlar bilan ishlash esa nisbatan oson kechadi. Xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi maqsad va vazifalar uyg‘unligi ularni o‘zaro yanada yaqinlashtiradi.

25 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari 25 fevral kuni Koreya Respublikasining yangi saylangan Prezidenti Li Myon Bakning o‘z lavozimini bajarishga rasman kirishishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.

24-26 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi.

Seuldagi “Chong Va De” qarorgohida 26 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bakning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

10 mart. Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan O‘zbekiston Respublikasiga keldi.

Do‘rmon qarorgohida Turkmaniston rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Turkmaniston davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

11 mart kuni Oqsaroyda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga Toshkent tibbiyot akademiyasining Faxriy doktori unvoni berilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘ldi.

Mamlakatimiz rahbari Islom Karimov Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi samarali bo‘lganini, ushbu sammit mamlakatlarimiz taraqqiyotiga, xalqlarimiz farovonligini oshirishga, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

17 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga keldi.

“Mushrif Palas” saroyida O‘zbekiston rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon shohsupaga ko‘tarildilar. Davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

18 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifining ikkinchi kuni Abu-Dabi markazidagi shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon maqbarasiga tashrif buyurdi.

20 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Saudiya Arabistoni Podshohligi shahzodasi Al-Valid bin Talol bin Abdulaziz Ol Saudni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan o‘zaro munosabatlarga alohida e’tibor bilan qarashini ta’kidladi.

3 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Buxarestda NATO/Yevroatlantika hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etdi.

Bu yerda Yevroatlantika hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar davlat va hukumat rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlik, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga doir masalalar muhokama qilindi.

22 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Qozog‘iston Respublikasiga keldi.

Davlatimiz rahbarining tashrifi Ostonadagi Oqo‘rda saroyida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bilan boshlandi. Yurtboshimiz sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev shohsupaga ko‘tarildilar. Ikki davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

22-23 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Islom Karimov Qozog‘iston Respublikasiga tashrifining ikkinchi kuni – 23 aprelda Prezident Nursulton Nazarboyev hamrohligida Ostonadagi MEGA savdo markaziga tashrif buyurdi. Yaqinda qurilgan ushbu markazda savdo shoxobchalari, bouling, stol tennisi kabi sport o‘yinlari bo‘limlari, kinoteatr bor.

12 may. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xan Sin Suni qabul qildi.

– Koreya Respublikasining yangi tayinlangan Bosh vaziri o‘zining ilk xorijiy safarini O‘zbekistonga rasmiy tashrifdan boshlagani ikki tomonlama munosabatlarda muhim voqeadir, – dedi mamlakatimiz rahbari. – Sizning tashrifingizni Janubiy Koreya O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor bilan qarashining yana bir dalili, deb bilamiz.

13 may. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Indoneziya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Hasan Virayudani qabul qildi.

- Tashrifingizni o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga intilish va qiziqish mushtarak ekanining yana bir ifodasi sifatida qaraymiz, – dedi mamlakatimiz rahbari. – O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida uzoq masofa bo‘lishiga qaramay, bizni tarixiy va ma’naviy yaqinlik, yagona din birlashtirib turadi.

2 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha yordamchisi Richard Baucherni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

4 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov  Oqsaroyda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) amaldagi raisi, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Aleksander Stubbni qabul qildi.

4 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Fransiya Mediatori Jan-Pol Delevuani qabul qildi.

– Sizning tashrifingizni Fransiya jamoatchiligi delegatsiyasining tashrifi deb qabul qilamiz, – dedi mamlakatimiz rahbari. – Bu Fransiyaning nafaqat davlat tuzilmalari, balki jamoat tashkilotlari ham O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqishidan dalolatdir. Tashrifingiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayoni bilan tanishish uchun yaxshi imkoniyatdir.

6 iyun. MDH norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburg shahriga kelgan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O’zbekiston bilan Rossiya o’rtasidagi hamkorlik 2005 yilda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to’g‘risidagi shartnoma ruhida izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Islom Karimov O’zbekiston uchun Rossiya bilan hamkorlik doim ustuvor ahamiyat kasb etib kelganini, mamlakatlarimiz MDHni isloh qilish borasida ko’p jihatdan hamfikr ekanligini qayd etdi. Prezidentimiz Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati (EvrAzES) va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini (ODKB) birlashtirishni taklif qildi.

9 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Birlashgan Arab Amirliklarining Vazirlar Mahkamasi ishlari bo‘yicha vaziri, “Dubay xolding” kompaniyasi ijrochi raisi Muhammad Abdulla al-Qarqoviyni qabul qildi.

Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida oliy darajadagi muloqotlarning izchillashib borayotganini, bu ikki tomonlama hamkorlikning sur’at va samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

21 iyul. Kuvayt Davlati Amiri shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Saboh rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Toshkent aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kutib oldi.

Do‘rmon qarorgohida Kuvayt Davlati Amirini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Saboh shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Kuvayt davlat madhiyalari yangradi. Ikki mamlakat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

22 iyul. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Richard Norlandni qabul qildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

8-9 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szintaoning taklifiga binoan Pekin shahrida bo‘lib, XXIX yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi.

9 avgust kuni Mamlakatimiz rahbari Butunxitoy xalq vakillari kengashi saroyida XXR Raisi Xu Szintao bilan uchrashdi. Islom Karimov va Xu Szintao O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni yanada rivojlantirishga oid masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar, o‘zlarini qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy muammolarni muhokama qildilar.

Shu kuni Prezident Islom Karimov o‘zi joylashgan “Dyaoyuytay” qarorgohida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bak bilan uchrashdi. Uchrashuvda Islom Karimov va Li Myon Bak o‘zaro munosabatlarning hozirgi bosqichiga yuqori baho berdilar. O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, bu borada mavjud imkoniyatlardan yanada to‘liq foydalanish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Islom Karimov Pekindagi Olimpiya shaharchasida ushbu nufuzli xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etayotgan mamlakatimiz sportchilari bilan uchrashdi.

27 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda “Korean Air” aviakompaniyasi raisi Cho Yang Xoni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida “O‘zbekiston havo yo‘llari” bilan “Korean Air” o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

27-28 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib, Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida qatnashdi. Dushanbe aeroportida mamlakatimiz rahbari Islom Karimovni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon kutib oldi.

Sammit SHHT Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi majlisi bilan boshlandi. Prezidentlar SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi ahvoli va istiqbollarini muhokama qildilar.

SHHT sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi. Islom Karimov va Dmitriy Medvedev ikki tomonlama munosabatlarning bugungi ahvoli va istiqbollarini muhokama qildilar, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan ham uchrashdi. Imomali Rahmon og‘ir damlarda O‘zbekiston rahbariyati va xalqi ko‘rsatgan yordamni Tojikiston xalqi aslo unutmasligini qayd etdi va yana bir bor davlatimiz rahbari bilan Tojikistonda uchrashish niyatini bildirdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlariga doir masalalar, mintaqaviy xavfsizlik muammolari yuzasidan fikr almashildi.

1 sentabr. Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Vladimir Putin amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Poytaxt aeroportida yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kutib oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2 sentabr kuni Do‘rmon qarorgohida Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Vladimir Putinni qabul qildi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, sarmoyaviy hamkorlikni, gumanitar sohadagi aloqalarni yanada kengaytirish, siyosiy munosabatlarni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

5 sentyabr. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida bo’lib o’tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) sammitida ishtirok etdi.

Uchrashuv yakunida Kollektiv xavfsizlik kengashi sessiyasining deklaratsiyasi va tashkilot faoliyatiga doir qator hujjatlar imzolandi.

11 sentabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Ozarboyjon Respublikasiga keldi. “Zagulba” qarorgohida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Islom Karimov va Ilhom Aliyevning yakkama-yakka suhbati bo‘lib o‘tdi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Ozarboyjon Respublikasiga rasmiy tashrifining ikkinchi kuni o’zbek va ozarboyjon xalqlarining madaniy-ma’naviy hayotida o’chmas iz qoldiradigan muhim voqea ro’y berdi. Bokuda g’azal mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali ochildi, shaharning markaziy ko’chalaridan biriga ulug’ alloma va davlat arbobi Mirzo Ulug’bek nomi berildi.

Davlatimiz rahbari o’zi uchun ajratilgan “Ulduz” qarorgohida Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Allohshukur Poshshozodani qabul qildi. Uchrashuvda mamlakatlarimiz o’rtasida ma’rifiy sohalarda hamkorlikni kuchaytirish, dinni niqob qilib olgan ayrim g’araz niyatli kuchlarga qarshi birgalikda kurashish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

5 oktyabr. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Latviya Respublikasi Prezidenti Valdis Zatlers davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Tashrif 6 oktyabr kuni Do’rmon qarorgohida Latviya Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bilan boshlandi. Shundan so’ng Prezidentlarning yakkama-yakka suhbati bo’lib o’tdi. Islom Karimov va Valdis Zatlers O’zbekiston-Latviya munosabatlarining bugungi ahvoli va istiqbollari, o’zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Latviya Respublikasi Prezidenti Valdis Zatlers Latviya bilan O’zbekiston o’rtasidagi do’stlik va hamkorlik aloqalarini har tomonlama kengaytirish va mustahkamlash yo’lidagi ulkan xizmatlari uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga Latviya Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Uch yulduz” ordenini topshirdi.

Latviya Respublikasi Prezidenti Valdis Zatlersga Vatanimizning “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni topshirildi.

9-10 oktyabr. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Bishkek shahrida bo’lib, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi Davlat rahbarlari kengashi va Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati (EvrAzES) Davlatlararo kengashining majlislarida hamda Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi.

Sammitda Hamdo’stlikni isloh qilish, uning organlari faoliyatini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Majlisda ko’rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shundan so’ng Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining uchrashuvi bo’lib o’tdi. Muzokarada suv-energetika zaxiralaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

15 oktabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga Oqsaroyda Malayziya Qirolligi, Eron Islom Respublikasi, Isroil Davlati va Belarus Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan – Abdul Aziz Bin Xarun, Muhammad Keshovarzoda, Xilel Nyuman va Igor Sokol ishonch yorliqlarini topshirdi.

22 oktabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Birlashgan Arab Amirliklarining Vazirlar Mahkamasi ishlari bo‘yicha vaziri, “Dubay xolding” kompaniyasi raisi Muhammad Abdulla al-Qarqoviyni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ko‘lamini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

3 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri meri Sezar Mayeni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Braziliya o‘rtasidagi hamkorlikka doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.

5 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Bolgariya Respublikasi Prezidenti Georgi Parvanov davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

6 noyabr kuni Do‘rmon qarorgohida Bolgariya Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston va Bolgariya Prezidentlari yakkama-yakka suhbatda O‘zbekiston-Bolgariya munosabatlarining bugungi ahvoli va istiqboli, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

16 noyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Malayziya Bosh vaziri Abdulla bin Hoji Ahmad Badaviyni 17 noyabr kuni Do‘rmon qarorgohida kutib olish marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti va Malayziya Bosh vazirining yakkama-yakka suhbatida ikki tomonlama siyosiy munosabatlarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

25 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov  Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Farit Muxametshinni vakolat muddati tugashi munosabati bilan qabul qildi.