ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Sport – bu avvalo sog‘lom avlod, sog‘lom kelajak degani


25.07.2019

Yodgorlik majmuasidagi «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasining ekspozitsiyasi vaqti-vaqti bilan o‘zgartirilib, boyitilib borilishi haqida avval xabar qilgan edik.

Bu galgi o‘zgarishlar ham e’tiborga molik. O‘zbekistonning Birinchi Prezidentiga mamlakatimizda sport sohasini taraqqiy toptirish, xalqaro miqyosda sportni rivojlantirishdagi roli, ulkan xizmatlarining e’tirofi sifatida topshirilgan mukofotlar, orden va medallar ko‘rgazma ekspozitsiyasidan o‘rin egalladi.

 

Yana bir ezgu amal Tatyana Karimovaning tashabbusi bilan amalga oshirildi. Qimmatbaho ekspozitsiya orqali ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar, O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi yuksak nufuzi hamda sport sohasidagi ulkan salohiyatining yorqin namunalari bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Islom Abdug‘aniyevich sport bilan hayoti davomida muntazam shug‘ullanib kelgan.

 

Birinchi Prezidentimizning sevimli mashg‘ulotlari qatorida katta tennis, shaxmat, futbol, suzish, basketbol kabi sport turlari alohida o‘rin egallagan. Oilaviy sport, bolalar sportini rivojlantirish, sport maktablarini tashkil etish, o‘quvi-yoshlar o‘rtasida uch bosqichli musobaqalarni o‘tkazish, jahon va olimpiya musobaqalari ishtirokchilarini rag‘batlantirish mamlakatimizda davlat siyosati darajasidagi ustuvor masala bo‘lib kelgan. Islom Karimov O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi homiylik kengashiga o‘zi raislik qilgani ham bejiz emas. Tabiiyki, mana shu ishlarning samarali natijasi sifatida, ko‘rgazmada namoyon etilayotgan mukofotlar vatandoshlarimiz qalbidagi g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yanada kuchaytiradi.

 

Farxod Kurbonboyev olgan suratlar