ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

SOLNOMA Oktabr


09.10.2020

2014 yil 2 oktabr

Samarqand shahridagi «Forumlar majmuasi»da BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi ochildi.

Ushbu xalqaro forumda BMT Jahon sayyohlik tashkilotiga a’zo davlatlar vakillari, shuningdek, AQSH, Fransiya, Ispaniya, Germaniya, Xorvatiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Misr, Indoneziya, Singapur, Tailand kabi o‘nlab mamlakatlardan mutaxassislar, xalqaro turizm tashkilotlari rahbarlari, ekspertlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov sessiyaning ochilish marosimida nutq so‘zladi.

1995 yil 3 oktabr

Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

1996 yil 4 oktabr

Mamlakatimiz rahbari Islom Karimov Qozog‘iston poytaxti Almati shahriga tashrif buyurib, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri V.Chernomirdin ishtirok etgan uchrashuvda qatnashdi. Uchrashuv qatnashchilari Afg‘oniston hamda Tojikiston —Afg‘oniston chegarasidagi vaziyatning keskinlashuvi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

2000 yil 4 oktabr

Prezident Islom Karimov Oqsaroy qarorgohida Sidney olimpiadasida qatnashgan delegatsiyamiz a’zolarini qabul qildi. Sidney olimpiadasi O‘zbekiston boksi tarixida ayniqsa unutilmas voqea bo‘lib qoldi. Hamyurtimiz Muhammadqodir Abdullayev o‘zbek bokschilari orasida birinchi bo‘lib «Olimpiya chempioni» degan yuksak nomga musharraf bo‘ldi.

1999 yil 5 oktyabr

Koreya Respublikasi Prezidenti Kim De Jungning «Chong Va De» (Moviy uy) qarorgohida Prezident Islom Karimovni rasmiy kutib olish marosimi bo'lib o'tdi. So'ngra ikki davlat rahbarlarining tor doiradagi muloqoti bo'ldi. O'nda davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar hamda xalqaro miqyosdagi masalalar xususida o'zaro fikr almashishdi.

2002 yil 6-7 oktyabr

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Moldova poytaxti Kishinyovda bo'lib o'tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga a'zo mamlakatlar davlat rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi. MDHga a'zo mamlakatlar davlat rahbarlarining tor doiradagi muloqoti chog'ida Hamdo'stlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, MDH faoliyati, mamlakatlararo iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hamkorlikni yanada kengaytirish bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi.

1995 yil 10 oktyabr

Prezident Islom Karimov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining bosh kotibi Vilgelm Xoynkni qabul qildi. Mamlakatimiz va EXHT o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi.

1998 yil 11 oktyabr

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Boris Yeltsin davlat tashrifi bilan O'zbekistonga keldi. Prezidentlarning yakkama-yakka suhbati chog'ida mamlakatlarimiz o'rtasidagi har tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish, mintaqaviy va umumbashariy xavfsizlik hamda boshqa muhim masalalar xususida o'zaro fikr almashildi.