ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

“O‘zbekiston xalqaro e’tirof yo‘lida” nomli fotoko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi


27.08.2019

Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston xalqaro e’tirof yo‘lida” nomli fotoko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Fotoko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida» 2017 yil 25 yanvardagi PQ-2744-sonli qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 fevraldagi 133-F-sonli farmoyishiga ko‘ra, Birinchi Prezidentimiz xotirasi haftaligi doirasida o‘tkazildi.

Fotoko‘rgazma Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoatchilik fondi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Toshkent Fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etildi.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasida ko‘p yillar davomida Birinchi Prezidentning matbuot xizmatida ishlagan va unga nafaqat mamlakat bo‘ylab, balki chet el safarlarida ham hamrohlik qilgan Farxod Qurbonboyevning asarlari, shuningdek Temur Qurbonboyevning fotosuratlari namoyish etilgan.

 

Ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xalqaro aloqalarni o‘rnatish, yosh mamlakatning mustaqil tashqi siyosat olib borishi, mamlakatimizning jahon hamjamiyatida izchil rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, iqtisodiy, madaniy va sport aloqalarini yo‘lga qo‘yish jarayonini aks ettiruvchi fotosuratlar namoyish etilgan.

Fotoko‘rgazmaning ochilish marosimida bir qator diplomatik vakolatxonalar vakillari, ijodiy, ilmiy va jamoat vakillari, davlat tashkilotlari va oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova o‘zining kirish so‘zida O‘zbekistonning yangi tarixidagi muhim voqealar va davrlarni eslab, xalqaro maydonda O‘zbekistonning shakllanishi va rivojlanishida Islom Karimovning o‘rni muhim ekanligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

 

Tatyana Akbarovna ta’kidlaganidek, Islom Karimovning puxta o‘ylangan, izchil tashqi siyosati, kelajakni aniq tasavvur etish, global va strategik fikrlash, tez o‘zgaruvchan xalqaro vaziyatning nozik jihatlarini sezish qobiliyati tufayli, O‘zbekiston ko‘plab xavf-xatarlardan yiroq bo‘ldi hamda qisqa vaqt ichida xalqaro hamjamiyatning to‘la va hurmatli a’zosiga aylandi.

Ko‘rgazmada taqdim etilgan fotosuratlar O‘zbekistonning xalqaro maydonda rivojlanishi va shakllanish tarixini aks ettiradi. Bu 100 dan ortiq tarixiy fotosuratlar bo‘lib, ular O‘zbekistonning xalqaro miqyosda tan olinishi yo‘lidagi izchil ishlarni aks ettiradi.

 

Fotosuratlarda Islom Abdug‘aniyevichning xorijiy davlatlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli siyosiy va jamoat arboblari bilan uchrashuvlari, turli xalqaro tadbirlarda uning muhim nutq so‘zlagani aks etgan.

Bu xalqaro munosabatlar nuqtai nazaridan mustaqillikning o‘ziga xos solnomasidir.

Temur Kurbonboyev olgan suratlar