ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

ENG KO‘HNA, XALQONA BAYRAM


20.03.2024

“Xalqim, yetti iqlim poyini o‘par
Ulug‘bek, Navoiy, Sinolaringni,
Zuryoding nihoyat hijjalab o‘qir
Dunyoga bergusiz dunyolaringni”.
Bu satrlar dildan tilga ko‘chganiga ham, millatning buyuk qadriyatlari qatori, uning ming yillar osha avaylab-asrab kelayotgan bayrami – Navro‘z yana o‘sha xalqning o‘ziga qaytarib berilganiga ham oz emas, ko‘p emas, 34 yil bo‘ldi.
Yana Navro‘z keldi. Shunchaki keldi emas, yeru ko‘kni uyg‘otib, ko‘ngillarda eng inja hislarni jo‘sh urdirib, ko‘klamning xush bo‘yini, sof iforlarini taratib keldi u. Quvonmay, zavqlanmay bo‘ladimi. Oshiqcha ta’kid bo‘lmasinu, bu quvonchni, bu sururni, elning chinakam o‘z bayramini uning o‘ziga qaytargan shaxs, arbob – buyuk o‘zbek o‘g‘loni Islom Karimov ekanini boz yana eslab o‘tmoqni joiz bildik.
Hali mustabid tuzum hukmron bo‘lgan, hali sobiq markazdagi generallar shop-shalopi bilan vahima qo‘zg‘ab turgan, o‘sha markaz tasarrufidagi respublikalarni izmidan chiqarishni xayoliga ham keltirmagan bir davrda – Navro‘z qayta tiklandi. Prezident Islom Karimovning 1990 yil 3 maydagi farmoniga muvofiq, Navro‘z – umumxalq bayrami, deya e’lon qilinib, 21 mart dam olish kuni etib belgilandi. 1991 yil 12 fevral kuni esa Respublikada Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish haqidagi Farmon e’lon qilindi. Bu – jasorat emasmidi?..


Istiqlolga erishgach ham, uning ilk yillari oson kechgan emas. O‘ta murakkab, siyosiy va iqtisodiy ahvol nochorgina bo‘lib turgan pallalarda ham Navro‘zdek qadriyat, deya kuyib-pishish, faqat u emas, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdi va boshqa o‘nlab buyuk bobolar xotirasini abadiylashtirish, merosini o‘rganish yo‘lidagi ishlarni sanab adog‘iga yetolmaysan. Bulardan ko‘zlangan maqsad nima edi, degan savol uyg‘onadi-da...
Ha, yashang. Aynan millatni uyg‘otish kerak edi, elni birlashtirish kerak edi, xalqni – buyuk g‘oyalar, yagona mafkura yo‘lida safarbar qilmoq lozim edi. Navro‘z shu ulug‘ vazifani ham uddaladi. Chunki Islom Karimov ta’biri bilan aytganda, “ming yillar avval – “Avesto” davrida paydo bo‘lgan Navro‘zi olam xalqimiz uchun eng ko‘hna, asl milliy, sharqona yangi yil debochasi sifatida doimo sog‘inib, ardoqlab qarshi oladigan, har qaysi uyga shodlik va xursandchilik olib kelishi, o‘sha zamonlardan buyon xalqimizga mansub bo‘lgan an’ana va qadriyatlarni bezavol saqlab kelishi bilan barchamizga qadrli va azizdir”.
Islom Karimov Navro‘zning ma’naviy ahamiyatini, uning falsafasini chuqur anglagani bois ham bu masalaga jiddiy qaragan. Va bu ulug‘ bayram vositasida elni birlashtirishning uddasidan chiqqan ham. O‘tgan yillar davomida Navro‘z mazmunan yanada boyidi, xalqimizning qadim madaniyati, ezgu fazilatlari timsoliga aylandi.
O‘sha yillar fotoxronikasiga nazar tashlab, tom ma’nodagi Navro‘ziy kayfiyatni ilg‘ash, o‘z yetakchisi bilan bayramni nishonlayotgan baxtiyor odamlar nigohiga boqib, ayyomning nechog‘li sururli o‘tganini sezish qiyin emas.


O‘sha surur, o‘sha kayfiyat bugungi o‘tayotgan bayramlarda ham zohir bo‘layotgani tabiiy. Chunki o‘zligini anglay boshlagan ulus – uni ko‘z qorachig‘idek avaylaydi. Ming yillik Navro‘z esa o‘zining asriy vazifalarini ado etishda davom etmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aytganidek: “Yangi O‘zbekiston g‘oyasi – bu 36 millionli katta xalqimizning azm-u qarori, uning hayot mazmunidir. Bu olijanob maqsad Navro‘zi olam falsafasi va qadriyatlari bilan g‘oyat uyg‘un va hamohangdir”.
Biz esa, o‘z navbatida, barcha yurtdoshlarimizni ulug‘ bayram bilan qutlab, “Yurtimizga xush kelding, Navro‘zi olam!” deymiz.

F.Qurbonboyev fotolari