ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Islom Karimov – Milliy g‘oya va mafkura konsepsiyasi asoschisi


08.01.2018

Milliy istiqlol mafkurasi davlatimiz fuqarolarini ulug‘ maqsad yo‘lida qalban birlashtirishga ko‘maklashishi kerak.

Islom Karimov

 

Bizga milliy mafkura – xalq mafkurasi kerak

Biz ushbu maqolani O‘zbekiston Respublikasiga, uning mustaqil davlat bo‘lishiga hamda bu davlatning barqaror rivojlanishiga, jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallashiga beqiyos hissa qo‘shgan davlat arbobi, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning Milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasining konseptual tamoyillarini ishlab chiqishda tutgan o‘rnini xotirlash maqsadida yozdik.

Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotining uzluksizligini ta’minlash uchun xalqni bir maqsad yo‘lida birlashtirish muhim ahamiyatga egadir. O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan sobiq sovetlar tuzumining mafkuraviy aqidalaridan voz kechish lozim edi. Sovet mafkurasi kommunis-tik partiyaning g‘oyalariga tayanuvchi va sovet totalitar rejimining g‘oyaviy tayanchi funksiyasini bajarar edi. Bu mafkura qadimiy va boy tarixiy ma’naviy qadriyatlarga ega xalqning manfaatlariga mos kelmaydigan mafkura edi. Chunki u, milliylikdan begonalashgan, milliy mansublikka qarshi – innatsional, har qanday diniy e’tiqodga qashi – ateistik mafkura edi. Shu sababli undan voz kechildi. Mustaqillik mafkurasining konseptual asoslari esa hali yaratilmagan edi. Buning ustiga xalqimizning milliy mentaliteti mustamlakachilik davrlarida jiddiy ta’qiblarga uchrab, deformatsiyalangandi. Ya’ni xalqimizning ayrim vakillari hatto o‘zining o‘zbekligini ham unitayozgandi.

Bunday sharoitda, ya’ni amaldagi mafkuradan voz kechilgan, yangi mafkuraning konseptual tamoyillari hali ishlab chiqilmagan bir sharoitda izchil oilaviy tarbiya ko‘rmagan, o‘zligini anglab olishga ulgurmagan ayrim yoshlarimiz ongida mafkuraviy bo‘shliq (vakuum) hukm surardi. Bunday yoshlarni begona mafkuralar ta’siridan himoyalash ham dolzarb vazifa bo‘lib qoldi. Chunki, mustaqillik arafasida (oshikoralik davrida) va mustaqillikning ilk davrlarida turli ekstremistik oqimlar, diniy aqidaparastlar, diniy-konfessional yo‘nalishdagi missionerlik tashkilotlari mafkuraviy qadriyatlari shakllanmagan soddadil yoshlarimizni, ularning fikru-zikrini o‘zlarining millatni deformatsiyalovchi g‘oyalariga xizmat qildirish maqsadida buzg‘unchi kuchlar safiga qo‘shib olishga shay turishardi.

Bu mamlakatimiz mafkuraviy mustaqilligini saqlashga, mamlakatda barqaror tinchlikni ta’minlashga qarshi qaratilgan katta xavf edi. Ayniqsa, ko‘p millatlar va elat vakillari yashaydigan, turli din va diniy konfessiyalarga e’tiqod qiladigan aholi yashaydigan bizning yurtimizda millatlararo, dinlararo mojarolar boshlanib ketish xavfi keskinlashishi mumkin edi. Buning ustiga xalqimiz 70 yillik kurashchan ateizm hukmronligi davrida musulmonchilik an’analaridan ham birmuncha begonalashib qolgan edi. Mustaqillik munosabati bilan mamlakatimizda diniy e’tiqod erkinligiga keng yo‘l ochildi. Bu masalada O‘zbekistonning birinchi Prezidenti I.A.Karimov 1992 yil 2 iyulda so‘zlagan nutqida shunday degan edi: “Dinga, diniy tashkilotlarga keng yo‘l ochib berildi. Buyuk hajga ilgari nari borsa besh-olti kishi borardi. Endi har yili minglab odamlar muqaddas joylarga emin-erkin ziyoratga borishyapti. Din odamzodni hech qachon yomon yo‘lga boshlamaydi. Din bu dunyoning o‘tkinchi ekanini, oxiratni eslatib turadi, odam bolasini hushyor bo‘lishga, harom yo‘llardan uzoq yurishga, yaxshi bo‘lishga, yaxshi iz qoldirishga undab turadi. Biz dinga bundan keyin ham barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Diniy rasm-rusumlarga, bayram-larga, diniy tarbiya va ta’limga doimo jiddiy e’tibor beriladi”. (O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti ilgari surgan bu g‘oyalar bugungi kunda uning sadoqatli shogirdi, Sh.M.Mirziyoyev tomonidan muvaffaqiyatli ravishda amaliyotga tadbiq etilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-son «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmonining beshinchi bandi bevosita shu masalaga qaratilgan).

Dinga bunday demokratik yondashuvni o‘sha davrda hamma ham to‘g‘ri qabul qilavermasdi. Yurtimizda e’tiqod erkinligi qaror topishi bilan xalqimiz emin-erkin ibodatlarini davom ettira boshlashdi, ammo, an’anaviy diniy ibodatlar bilan fundamentalistik g‘oyalarni ajrata olmaydigan ba’zi yoshlar va hatto ayrim soddadil kattalar ham dinni bir yoqlama tushuna boshladi. Bunday kishilar ongiga diniy qadriyatlar sifatida turli xil diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan mutaassiblashgan oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalar ham suqilib kira boshladi. Ayniqsa, arab mamlakatlarida faoliyat olib borayotgan fundamentalistik kuchlar vahobiylik g‘oyalarini, Turkiyadan diniy ma’rifatparvarlik shiori ostida nurchilarning siyosiy hokimiyatni egallashga chaqiruvchi g‘oyalari, dinni siyosiylashtirib talqin etuvchi xizbut-tahrirchilar harakati hamda ular bilan til biriktirgan mahalliy oppozitsion guruhlarning faoliyati ham kuchaya boshladi. Bunday vaziyatda milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasining konseptual asoslarini ishlab chiqish hayotiy zaruriyatga aylangandi.

O‘zbekistonning birinchi Prezidenti mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq bu masalaga alohida e’tiborni qaratdi. Islom Karimovning jamoatchilik oldidagi chiqishlarida milliy manfaatlar, milliy istiqlol, vatanparvarlik, milliy qadriyatlar va milliy mentalitet masalalariga asosiy e’tibor qaratilgan edi. Buni ayrim siyosatdonlar Islom Karimovning millatchilikka yo‘l ochishi deb talqin eta boshlashdi. Ammo o‘zbek xalqining asrlar davomidagi ezgu niyati mustaqil davlatchiligimizni rivojlantirish, milliy manfaatlarni himoya qilish yo‘li bilan amalga oshishi oddiy haqiqat edi.

Xalqni milliy manfaatlar himoyasi yo‘lida birlashtirish uchun xalqning mafkuraviy konsepsiyasini ishlab chiqishi lozim edi. Bu hayotiy zaruriyatni chuqur anglagan I.A.Karimov o‘zining asarlar to‘plamining 1-jildini “O‘zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura” deb atadi. Bu kitobda O‘zbekistonning barcha sohalardagi milliy manfaatlari o‘z ifodasini topgan edi.

I.Karimov milliy mafkuraning konseptual asoslarini ishlab chiqish lozimligiga alohida e’tibor berib, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiya-si qabul qilingan kunning bir yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali majlisda shunday dedi: “Asosiy qonunimizda ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivoj-lanadi, deyilgan. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi maqomiga ko‘tarilishi mumkin emas. Bu konstitutsiyaviy qoida bizning oldimizga milliy istiqlol mafkurasini yaratish vazifasini qo‘yadi.

Milliy istiqlol mafkurasi xalqimizning azaliy an’analariga, udumlariga, tiliga, diniga, ruhiyatiga asoslanib, kelajakka ishonch, mehr-oqibat, insof, sabr-toqat, adolat, ma’rifat tuyg‘ularini ongimizga singdirishga xizmat qilishi lozimligini hech qachon unutmaylik“. Haqiqatdan ham bu masala nihoyatda dolzarb masala edi. I.Karimovning keyingi maqolalarida, ayniqsa, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Erkin A’zamov bilan suhbatda milliy mafkura masalasi bosh mavzu sifatida muhokama qilindi. Bu suhbatda mafkuraning mohiyati, uning asosiy vazifalari, totalitar mafkuraning oqibatlari. Jahondagi mafkuraviy jarayonlar, mafkuraviy poligonning har qanday harbiy poligonlardan xatarli ekanligi. Milliy mafkuraning xususiyatlari va uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, mafkuraviy bo‘shliqning vujudga kelish sabablari, mafkuraviy immunitet va uning jamiyat barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni, milliy mafkurani yoshlar ongiga singdirish yo‘llari, mafkurasizlik, mafkuraviy nigilizm va boshqa masalalar bu suhbatda muhokama qilingan.

Unutilmas uchrashuv arafasi

1999 yilning 16 fevralida bir guruh yoshlar oppozitsion kuchlarning soxta chaqriqlariga uchib, Toshkent shahrining bir qancha nuqtalarida bir vaqtda dinamitlar portlatish yo‘li bilan O‘zbekiston Prezidenti hayotiga suiqasd qilishga urinib ko‘rishdi. Oqibatda voqea sodir bo‘lgan joylarda bo‘lgan ko‘plab begunoh fuqarolar qurbon bo‘ldi, binolar vayron bo‘ldi, ayrim yo‘lovchilar nogiron bo‘lib qolishdi. Lekin, yovuz maqsadni rejalashtirgan oppozitsionerlar maqsadiga erisha olmadi va butun xalqimizga o‘zlarining jirkanch basharasini oshikora ko‘rsatib qo‘yishdi. Ularning asosiy maqsadi konstitutsion tuzimni ag‘darib, hokimiyatni egallash edi. Mazkur ig‘vogarlikni amalga oshirganlar orasida hali o‘zligini anglab yetmagan yoshlarimiz ham bor edi. Ular hali kimga va nima uchun xizmat qilayotganligini ham anglab yetishmagan edi. Bu xodisa zudlik bilan yoshlar orasida mafkuraviy targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish kerakligini, bu ish kechiktirib bo‘lmas vazifa ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatayotgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi mazkur xodisadan keyin 1999 yil fevral oyining oxirida bir guruh olimlar qarshisiga 1 hafta ichida milliy istiqlol g‘oyasi haqida o‘z fikrlarini referativ tarzida yozib kelish vazifasini qo‘yadi. Olimlar bu vazifa bo‘yicha, har kim o‘z nuqtai nazaridan kelib chiqib, referativ ishlar tayyorlashdi. Ana shu jarayonda mazkur maqola muallifi ham maxsus maqola yozdi, bu maqola keyinchalik “Milliy tiklanish” gazetasining ikki sonida bosilib chiqdi.

Prezident devoniga...

1999 yil mart oyining boshlarida mening bevosita rahbarlarim, zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga, birinchi prezident I.A.Karimov huzuriga uchrashuvga borishim lozimligi haqida topshiriq berishdi.

Men uchun bu uchrashuv kutilmagan xodisa edi. Belgilangan vaqtda devonga yetib bordim va nomimga yozilgan ruxsatnomani olib, ikkinchi qavatda joylashgan tegishli bo‘limga kirdim. Bo‘lim boshlig‘i davlat rahbari bilan qanday tartibda suhbatlashish lozimligi haqida menga batafsil tushuntirish bergach, har ehtimolga qarshi daftarcha va ruchka berib, rahbarning har bir gapini yozib olishim lozimligini jiddiy uqtirdi. (Shunisi afsuslanarliki, men O‘zbekiston Respublikasining harbiy Bosh qo‘mondoni huzuriga kirganimda, harbiy kiteldan ruchka va daftarchani olish noqulay bo‘lganligi sababli bu yozuv ashyolaridan foydalana olmadim. Bosh qo‘mondonning gaplarini esa xotirada saqlashga qaror qildim).

Devondagi tartib-qoidalarga binoan bo‘lim rahbari bilan oltinchi qavatda joylashgan O‘zbekiston Prezidenti kabinetiga chiqdik, 2-qavatdan 6-qavatga chiqish lifti oldida va liftdan chiqib 6-qavatga o‘tish joyida soqchilar tekshiruvidan o‘tib Prezident qabulxonasiga o‘tdik. Qabulxonada qabulxona mas’ul xodimi va 2 kishi navbat kutib turishgan ekan. Ular yangi lavozimga tayinlanish uchun chaqirilgandi. Meni esa Milliy istiqlol g‘oyasining konseptual tushuncha va tamoyillarini ishlab chiqish maqsadida tuzilgan O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyatining raisi o‘rinbosari sifatida chaqirishgan ekan (Mazkur uchrashuvdan ilgari faylasuflar milliy jamiyatini adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tkazib, tegishli guvohnomani olgan edik. Mazkur jamiyatning asosiy missiyasi ham “Milliy istiqlol g‘oyasining konseptual tamoyillarini ishlab chiqish” edi. Professor Inomjon Rahimov jamiyat raisi, men esa uning o‘rinbosari edim).

Uchrashuv: yagona g‘oya atrofida birlashaylik

Qabulxonada kutib turgan 2 kishi tez-tez kirib chiqishdi. Menga navbat kelganida qabulxona mas’ul xodimi yana bir bor, prezident huzurida o‘zimni qanday tutishim lozimligini uqtirdi va ichkariga kirib o‘zingizni tanishtiring dedi. Men o‘rgatilganday, ichkariga kirib, o‘zimni rasman tanishtirdim.

Prezident: Keling, Baxtiyor. Bu joyga o‘tiring, xotirjam gaplashaylik, - deb ko‘rishish uchun menga qo‘llarini uzatdi.

Men biroz hayajonlanib, shoshinqirab davlat rahbarining qo‘llarini siqdim. Salomlashgach, ko‘rsatilgan joyga o‘tirib, prezidentning chehrasiga nazar tashladim. Prezident vazmin va xotirjam holatda bir oz jilmayib mening holatimni kuzatib turardi. Uning qiyofasidan qandaydir ko‘rinmas sirli kuch, g‘ayrat ufurib turardi. Bunday kuch, boshqacha nom bilan ataganda xarizma ayrim yirik davlat arboblarida, olimlar va sarkardalarda bo‘ladi.

Mening hayolimni “Qani, Bosh Qo‘mondon – O‘zbekiston Prezidenti menga qanday savollar berar ekan?”, “Bergan savollariga men beradigan javoblar ularni qoniqtirarmikin?” – degan fikrlar band qilgan edi.

I.A.Karimov, ishlayotgan joyim va bajarayotgan vazifalarimdan kelib chiqib, mendan so‘radi:

- Baxtiyor, qani, aytingchi, insonni ruhan boshqarish mumkin-mi?

- Albatta mumkin. Lekin, insonlar ham har xil bo‘ladi. Ularning ayrimlarini boshqarish oson, ayrimlarini esa boshqarish juda qiyin. Bu ularning irodasiga, o‘zligini qay darajada anglaganligiga bog‘liq. – dedim.

- To‘g‘ri aytasiz, lekin insonni boshqaruvchi shunday bir mexanizm borki, uning vositasida har qanday insonni maqsad sari yetaklash mumkin.

- Siz manfaatni, manfaatdorlikni nazarda tutayapsiz, shundaymi?

- To‘g‘ri, ammo manfaat, qiziqish men aytgan mexanizmning bir turi xolos. E’tiqod-chi, e’tiqodli insonni o‘z e’tiqodining obro‘yi uchun har yo‘lga yo‘naltirish mumkin. Milliy shaa’n, oriyat-chi, vatanparvarlik-chi? Bularning barchasi ongli boshqarishda muhim rol o‘ynaydi. Inson ongiga, uning ong ostiga ta’sir etuvchi vositalar ham mavjud. Avstriyalik olim Zigmund Freyd ongsizlik nazariyasini yaratishda ana shu vositalarni nazarda tutgan. Endi nazariyadan amaliyotga o‘taylik.

Mana, O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga ham 7 yildan oshdi. Endi mustaqilmiz. Biz yashayotgan joyga allohning nazari tushgan. Bog‘laridan, polizlaridan shirin-shakar mevalar, sabzavotlar unib chiqadi, zaminimiz osti esa qimmatbaho qazilma boyliklarga boydir. Xalqimiz-chi, sabrli, qanoatli, e’tiqodli, insof va diyonatli, buning ustiga tadbirkor va mehnatkash. Xo‘sh nega shunday janatmakon yurtda yashab, uning manfaatlari uchun bir yoqadan bosh chiqarib, yurtimizning gullab-yashnashi uchun kuyib-yonmaymiz. Yoki, chetdan biror kishi kelib bizga o‘rgatishini, bizning ustimizdan hukmronlik qilishini kutayapmizmi? Menimcha, biz o‘z yurtimizga tom ma’noda o‘zimiz egalik qilish vaqti keldi. Agar yurtimizga bugun o‘zimiz egalik qilmasak, ertaga unga egalik qilishni xoxlaydiganlar istagancha topiladi. Agar yurtimizga o‘zgalar egalik qilsa, biz ularning qo‘lida qul bo‘lib ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Demak, bizning oldimizda ikkita alternativ yo‘l turibdi: ularning biri, yagona milliy g‘oya atrofida birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlik bilan o‘z yurtimizga egalik qilish va uni gullatib-yashnatish, yoki ikkinchi yo‘l, yagona g‘oyadan voz kechib, kimningdir kelib bizni boshqarishiga, bizning ustimizdan hukmronlik qilishiga yo‘l berish va umrbod ularning izmida yurib, “bersang yeymiz, ursang o‘lamiz” qabilida yashab, qullik iskanjasiga tushish. Shunday emasmi?

- To‘g‘ri. Lekin, afsuski shunday vatandoshlarimiz ham borki, ular o‘z yurtining manfaatlarini, sariq chaqaga bo‘lsa ham, sotishga tayyor. Undaylar o‘zining manfaatlari uchun ota-onasini, oilasini, mahallasini, qolaversa Vatanini ham sotib yuboraveradi.

- Ha, endi guruch kurmaksiz bo‘lmas, "har to‘kisning bir aybi bo‘ladi", deydi xalqimiz. Besh qo‘l baravar emas, ko‘p millionli aholi ichida yaxshisi ham yomoni ham uchraydi, lekin asl milliy mentalitetimiz zamirida, tajovvuzkorlik, xiyonatkorlik yo‘q. Jinoyatkorlik, sotqinlik ma’naviyati deformatsiyalangan kishilar orasida uchraydi. Ularda milliy sha’n va oriyat bo‘lmaydi. Ular millatdoshim deb atashga arzimaydigan odamlar.– dedi I.Karimov.

Faylasuflar milliy jamiyati missiyasi

- Biz yaqinda O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyatini adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tkazdik va bu jamiyatning missiyasi sifatida Milliy istiqlol g‘oyasi va milliy mafkuraning konseptual tamoyillarini ishlab chiqish vazifasini belgiladik. – dedim.

- Yaxshi, sizlar tuzgan bu jamiyat nodavlat va notijorat tashkiloti hisoblanadi. – dedi Islom Karimov, - U xalqning, jamiyatning manfaatlarini ifodalaydi. Bizda birorta mafkura davlat mafkurasi maqomiga ko‘tarilishi mumkin emas. Chunki Konstitutsiyamizning 12 moddasida bizda “ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi,” – deb yozib qo‘yilgan. Demak, bizda mafkuralar va fikrlar xilma-xilligiga rioya qilib ish olib boramiz. Bundan Milliy mafkurani, xalq mafkurasini yaratish vazifasi kelib chiqadi. Sizlar tashkil qilgan nodavlat-notijorat tashkiloti – O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati milliy mafkuraning fundamental asoslarini ishlab chiqishi lozimligi o‘z-o‘zidan kelib chiqadi.

Sizning jamiyatingiz a’zolari kimlar? – deb so‘radi Prezident.

- O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati a’zolarimi? – dedim.

- Ha, men bu haqda shularni aytmoqchi edimki, - dedi Prezident, - faylasuflar milliy jamiyatiga O‘zbekistonni Ona-Vatan sifatida jondan ortiq sevuvchi - vatanparvar, sog‘lom fikr yurituvchi har bir ziyoli, olim, o‘qituvchi va boshqalar a’zo bo‘lishi mumkin. Kasbidan, millatidan, ijtimoiy ahvolidan, ixtisosligidan qat’iy nazar, u faylasufmi, tarixchimi, yuristmi, iqtisodchimi, jurnalistmi, psixologmi, fizikmi, matematikmi, eng muhimi vatanparvar insonlar bo‘lsin bu jamiyat a’zolari.

Ayrimlar o‘ylashi mumkin, faylasuflar jamiyati faylasuflardan tashkil topishi lozim-ku, deb. Aslida, to‘g‘ri fikr yurituvchi, fikrlash madaniyatiga ega bo‘lgan har bir inson faylasufdir. To‘g‘rimi?

- To‘g‘ri!

- Jamiyatning asosiy missiyasi milliy istiqlol g‘oyasi va milliy mafkuraning konseptual tamoyillarini ishlab chiqishdan iborat bo‘lishi lozim. Shuningdek, milliy g‘oya milliy falsafadan ozuqa oladi, demak, jamiyatning oldida o‘zbek milliy falsafasining fundamental prinsiplarini ham ishlab chiqishdek mas’uliyatli vazifa ham turibdi.

- Hozirgi zamonda falsafa umuminsoniy mazmun kashf etgan-ku..? - dedim bu fikrga e’tiroz bildirish maqsadida.

- Yo‘q, men falsafaning milliyligini tan olmaslik fikrini bu fanga xato yondashuv deb o‘ylayman. Millat bor ekan, uning o‘z fikrlash tarzi, o‘z falsafasi bo‘ladi. Falsafa bu fikrlash tarzi, fikrlash madaniyatidir. Har bir millatning o‘ziga xos va o‘ziga mos fikrlash madaniyati bo‘ladi. Falsafa – milliydir. Nega biz nemis falsafasi, fransuz falsafasi, yapon falsafasi, xitoy yoki hind falsafasi, yunon falsafasi yoki amerika falsafasi deymiz? Bu - o‘sha joyda yashovchi millatlar falsafasi emas-mi? Nima, o‘zbeklar millat emasmi, ular fikrlamaydimi? O‘zbek falsafasi yo‘qmi? Kommunistik partiya mafkurasi barcha milliy falsafalarni inkor etib, kommunistik mafkuraning nazariy qismi sifatida marksistik falsafani eng ulug‘vor va yetuk falsafa deb e’lon qildi. Marksizm har qanday milliylikning g‘oyaviy dushmani edi. – dedi, Prezident o‘ziga xos ehtiros bilan.

O‘zbek milliy falsafasi mohiyati

- Endi o‘zbek falsafasining mohiyati to‘g‘risida fikr yuritaylik. – deb davom etdi I.A.Karimov vazminlik bilan, – O‘zbeklar qadimdan yakkalikdan umumiylikni, individuallikdan jamoaviylikni afzal bilishgan, shu sababli xalqimiz “yakka otning donggi chiqmas, donggi chiqsa ham changgi chiqmas” deydi. O‘zbek jamoaviylikni afzal bilganligi uchun qo‘ni-qo‘shnisini, mahalla ahlini qadrlaydi, jamoasi bilan birgalikda hasharlar uyushtirib, muhtoj qo‘shnilarini qo‘llab-quvvatlaydi, to‘ylarni va marakalarni jamoatchilik kuchi bilan amalga oshirishadi. Jamoa, jamoatchilik to‘ylarda quvonchingizga, musibatda qayg‘ungizga sherik bo‘ladi.

O‘zbek milliy va umuminsoniy ezgu qadriyatlarni e’zozlaydi. Oila qadriyatini olaylik. Aytingchi, o‘zbek milliy oilasidan ham mustahkam oila bormi dunyoda. O‘zbek oilani, ota-onasini, bola-chakasini, aka-ukasini, opa-singlisini, qarindosh-urug‘ini qadrlaydi. Zarur bo‘lganda ularga tayanadi, ulardan ko‘mak oladi, yoki ularga dalda berib qo‘llab-quvvatlaydi. Oila sha’nini, mahalla sha’nini, millat sha’nini ko‘z qorachig‘iday asraydi. Bu qadriyatlarga dog‘ tushirgan ko‘rnamaklardan esa nafratlanadi. Farzand tarbiyasini ham o‘zbek jamoaviy muqaddas burch deb biladi. Shu tufayli u “bir farzandga yetti mahalla ota-onadir” degan maqolga amal qiladi. Oilaning mustahkamligi o‘zbekning nikohni qadrlashi va farzandlari kelajagiga umidi kuchliligidan. O‘zbek umuman porloq kelajakka umid qilib yashaydi. Er va xotin o‘rtasidagi munosabat otaga va onaga hurmat qadriyatini ardoqlashidan kelib chiqadi. Bularning barchasi oilaning mustahkamligi uchun garovdir.

O‘zbek mahalla bo‘lib yashashni afzal deb biladi. Mahallachilik, mahalla odobi, mahalla sinovi, mahalladagi obro‘ faqat o‘zbekka xos. Dunyoning hech bir nuqtasida o‘zbekning mahallasiday oliyjanob tarbiya o‘chog‘i yo‘q. Mahalla jamoasi kimning xonadonida nima bo‘layotganligidan xabardor. Mahalla ahli to‘ylarni ham, marakalarni ham birgalikda, hamjihatlikda amalga oshirishadi. Bu jamoaviylikning tarbiyalanishiga, mustahkamlanishiga imkon beradi.

Milliy mafkuramiz milliy manfaatlarimizning umummillat miqyosidagi himoyachisi bo‘lishi lozim. Buni amalga oshirish uchun esa mahalla udumlari ildiziga tayanib ish yuritishga to‘g‘ri keladi. Ha, aytganday, o‘zbek milliy falsafasining kattalarga hurmat, kichiklarni izzat qilish tamoyili ham bor. Bu tamoyil zamirida keksalarda katta hayotiy tajriba borligini ta’kidlash, kichiklarni esa qo‘llab-quvvatlasak, kelajakda ular orasidan ulug‘ insonlar yetishib chiqishi mumkin, degan hikmat, ya’ni falsafa, mujassamdir.

O‘zbek falsafasida tiriklikning zamini bo‘lgan onani e’zozlash, onaning munis va mehribonligini ta’kidlash ezgu qadriyatlar hisoblanadi. Haqiqiy o‘zbek onaga hurmatsizlik bilan qaramaydi, chunki ota – onaning hurmatini, oiladagi muqaddas o‘rnini yaxshi bilganligi uchun ham onaning hurmatini joyiga qo‘yadi. Buni farzandlar ko‘rib turadi va mehribon onasiga nisbatan mehri yanada oshadi. Har bir ona farzandlari uchun o‘z jonini ham fido qilishga tayyordir. Bu tamoyil ham o‘zbek falsafiy tafakkurida markaziy o‘rin egallaydi. Onaga, umuman ayolga munosabat qadimgi yodgorliklarimiz “Avesto” asarida ham alohida qayd etilgan. Qur’oni Karimda esa, jannat onalarning oyog‘i ostidadir, deyilgan.

Ba’zi xalqlarda ayollar kamsitiladi, erkaklarga nisbatan ularga kam haq to‘lanadi, hatto ularning guvohligi ham inobatga olinmaydi. O‘zbek uchun ayol – ona, maslahatgo‘y, himoyachi, dono tadbirkor. Bizda ayollar erkaklardan yuqori qo‘yilsa – qo‘yiladi, aslo kamsitilmaydi. Qadimgi hikmatlarda To‘maris momodek, Roziya sultondek sarkardalar, Bibixonim va Barchinoydek sadoqatli ayollar haqida mehr bilan hikoya qilinadi. Xalqimizning azaliy udumlarida ayollarni himoyalash, ularning jismonan ojizaligi uchun og‘ir yumushlarida ularga yordamlashishga intilish qadrlangan. Oilasida erkak kishi bo‘lmagan xonadonga bostirib kirish odobsizlik hisoblangan. Shu sababli ayollar suv olish uchun bo‘sh idishlarini, o‘tin yorish uchun to‘nka va boltalarini hovlisidan tashqariga chiqarib qo‘yishar ekan. Ko‘chadan o‘tayotgan erkaklar, bu uyda ojizalar yashar ekan, deb ularga muruvvat ko‘rsatish maqsadida, idishlarini anhordan suvga to‘ldirib kelishgan, o‘tinlarini esa yorib berishgan. Bolta va idishlarini o‘g‘rilab ketishni katta gunoh, insongarchilikka zid ish deb bilishgan.

Xullas o‘zbek falsafasining xilma-xil qirralari borki, ularni faqat qalbida o‘zbeklik tuyg‘usi bo‘lgan olimgina tahlil qilishi mumkin. Mana, milliy mafkura zamirida tayanch bo‘lib ana shu o‘zbek falsafasi yotishi kerak deb o‘ylayman.

O‘zbek milliy falsafasining yana bir muhim tamoyili, kelajakning bugundan boshlanishini qat’iy his qilishdir. Xalqimiz o‘tgan ajdodlarimizni qadrlash bilan bir qatorda kelajakka intilib, kelajakdan umid qilib yashaydi. Chunki, o‘zbek bolajon, u o‘z farzandlari va nevaralarining kelajagini o‘ylab, ularga yaxshi zamin yaratish uchun bugun ter to‘kadi. Ya’ni bu joyda “kelajak bugunga ta’sir qiladi” degan qoida amal qiladi. Bu qoida yanglishmasam yangicha metodologiya qoidasi, shundaymi? – dedi Prezident menga yuzlanib.

- Ha, - dedim men, - bu yangicha metodologiya – sinergetikaning qoidasi.

Mana, Faylasuflar milliy jamiyati nimalar haqida bosh qotirishi lozim. Bu faylasuflar qarshisida turgan asosiy vazifalardan biridir. – dedi Islom Karimov, bu gaplarga alohida urg‘u berib, - E’tibor qiling sinergetika fani 20-asrning ikkinchi yarimida vujudga kelgan, lekin uning qoidalaridan ota-bobolarimiz qadimdan buyon amaliyotda foydalanishgan.

- Men iqtisodchiman, - deb o‘z so‘zini davom ettirdi I.Karimov, - shu sababli o‘zimning iqtisodiy bilimlarimdan kelib chiqib O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyotning beshta tamoyiliga asoslanib, o‘zbek modelini ishlab chiqdim. Bu modelning har bir tamoyili bizning yurtimizda mukammal ishlashiga kafolat beraman. Ammo men faylasuf emasman, Falsafaning ichki rivojlanish qonuniyatlari, kategorial apparati, asosiy tamoyillari men uchun birmuncha qorong‘i. Shu sababli, faylasuflar milliy jamiyati a’zolari ichida yaxshi faylasuflar ham bo‘lishi tabiiy hol, ular bir yoqadan bosh chiqarib o‘zbek milliy falsafasining konseptual asoslarini ishlab chiqsin. Kelajakda farzandlarimiz ko‘p fanlar qatorida o‘zbek falsafasi asoslarini ham o‘rganishsin.

- Mening nazarimda, sizning hozir bayon qilgan fikrlaringiz har qanday yetuk faylasufning fikrlaridan ziyod bo‘lsa ziyod, kam emas, - dedim men.

- Yo‘q, - dedi, Prezident, qat’iy ohangda, har kim o‘z ishi bilan shug‘ullanishi lozim. Davlat rahbari davlatni to‘g‘ri boshqarish bilan, tikuvchi – tikuvchilik bilan, dehqon – dehqonchilik bilan, faylasuf esa – falsafani takomillashtirish bilan shug‘ullangani ma’qul.

Milliy mafkuraning asosiy g‘oyalari

- Milliy mafkura milliy g‘oyaga asoslanadi. – dedi Prezident, Milliy g‘oya esa millatni birlashtiruvchi ulug‘ bayroq bo‘lishi lozim. Shunday ulug‘vor g‘oyani ishlab chiqaylikki, xalqimiz bu g‘oya atrofida bir butun kuch bo‘lib birlashsin.

- To‘g‘ri aytasiz, masalan siz o‘rtaga tashlagan “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat” degan g‘oya ham ana shunday ulug‘vor kuchga ega, shunday emasmi?- deb so‘radim Prezidentdan.

- Bu alohida masala. Bilasizmi, men nima uchun bu shiorni o‘rtaga tashlaganman? Men bu shiorni, O‘zbekistonning yer osti va yer usti boyliklari ko‘p, kelajakda shularni ishlatib u buyuk bo‘ladi, yoki o‘z hududini kengaytirib buyuk bo‘ladi, degan ma’noda aytmadim. Men bu fikrni yurtimizda, o‘tmishda, butun dunyoga aql-idrok o‘rgatgan, buyuk allomalar o‘tganligi uchun, ularning kashfiyotlari bugungi kunda ham dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotganligi uchun, ularning irsiyati, genlari buyuk bobolarimizning bugungi avlodlari bo‘lmish, farzandlarimiz qonida, nevaralarimiz qonida jo‘sh urayotganligi uchun, bu buyuk irsiyat buyuk insonlarni yetishtirishi, ulug‘ bobokalonlarimizning genlari bugungi farzandlarimiz timsolida yana uyg‘onishi mumkinligi uchun ham, kelajakda zamonamizning Xorazmiylari, Farg‘oniylari, Forobiylari, Beruniy va Ibn Sinolari, Imom Buxoriylari, Termiziylari, Zamaxshariylari, Nasafiylari yetishib chiqishiga imonim komil bo‘lganligidan aytdim. Ular albatta O‘zbekistonning dovrug‘ini jahonga yoyishadi. Shuning uchun ham “O‘zbekistonning kelajagi buyuk” dedim. Men bunga qat’iy ishonaman! O‘zbekistonning kelajagi haqiqatdan ham buyukdir!

O‘zbekiston mustamlakachilik yillarida uzoq yillik majburiy uyquda edi, ne-ne ulug‘ bobolarimiz, vatandoshlarimiz quvg‘in qilingan, qatag‘onga uchragan edi. Bu zulm va daxshat ta’siri ostida ularning farzandlari tiz cho‘ktirilgan, kamsitilgan, savodsizlikda, boqimandalikda ayblangan, yurtimiz dunyo taraqqiyotidan, sivilizatsiya taraqqiyotidan ataylab uzib qo‘yilgan edi.

Bugungi kunda allohga ming bor shukurki, mustaqillikka erishdik, qo‘l va oyoqlarimizdagi kishanlar parchalandi. Endi uyg‘onishimiz, dunyo ahliga o‘zbekning kimligini, uning bunyodkor aql-idroki nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatib qo‘yishimiz lozim. Buning uchun milliy g‘oyamiz ostida bir tan, bir jon bo‘lib birlashishimiz, milliy g‘urur va oriyatimizni astoydil himoya qilishimiz zarurdir.

Yurtimiz azaldan ko‘p millat va elat vakillariga boshpana bergan joydir. Ota-bobolarimiz o‘zga millat va elat vakillarining doimo boshini silab kelgan, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatgan. O‘zga millat vakillari ham o‘z navbatida yurtimiz taraqqiyotiga, fan va madaniyatimiz taraqqiyotiga baholi-qudrat hissa qo‘shib kelishdi. Jamiyat ravnaqi – millatlarning o‘zaro hamjihatligida. Shunday ekan millatlararo hamjihatlilik milliy mafkuramizning yana bir muhim g‘oyasi hisoblanishi kerak.

O‘zbekiston hududida qadim zamonlardan buyon turli din va diniy konfessiya vakillari o‘zaro ahillikda turmush kechirib kelishgan. Nestorian xrestianlaridan tortib yahudiylargacha, buddistlardan tortib hindulargacha o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etib kelashgan. Musulmonlar ularga doimo boshpana bo‘lgan. Ularning ibodatxonalarining dahlsizligini asrashgan. Bu ham milliy qadriyatimiz. Ya’ni boshqa din vakillariga nisbatan bag‘rikenglik qilish, ular bilan o‘zaro ahillikda yashash, qisqasi, diniy bag‘rikenglik milliy mafkuramizning yana bir salmoqli qadriyatidir.

- Demak, Vatan ravnaqi, Yurt tinchligi, Xalq farovonligi bilan bir qatorda millatlararo hamjihatlilik, dinlararo bag‘rikenglik g‘oyalarini ham Milliy mafkuraning asosiy g‘oyalari sifatida qayd etishimiz lozim, shundaymi? – dedim.

- Ha, albatta. Men yuqorida farzandlarimiz qonida buyuk ajdodlarimizning genlari jo‘sh urmoqda, dedim. Bu ham bir muhim g‘oyadir. Farzandlarni to‘g‘ri tarbiya qilsakgina bu genlar ro‘yobga chiqadi. Ota-bobolarimiz bekorga komil inson haqida orzu qilishmagan. Bizning kelajagimiz farzandlarimizning qanday tarbiya topishiga bog‘liq. Ularga e’tiborsiz qarasak, kelajagimizni boy beramiz. Oppozitsion kuchlar doimo otalar va bolalar o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirishga, bolani ota-onaga qarshi gij-gijlashga harakat qilishadi va shu usul bilan aziz farzandlarimizni o‘zlari tomonga ag‘darib olishga urinishadi. Bunga nihoyatda hushyor bo‘lishimiz, farzandlarni qo‘ldan boy bermaslik uchun ta’lim va tarbiyaning uzluksizligiga, har bir farzandimizning ilmli va hunarli bo‘lishiga e’tiborni kuchaytirishimiz lozim. Tarbiyada har bir odamda bo‘ladigan boshqarish mexanizmini e’tiborga olishimiz, ularni ilhomlashtirish, ayniqsa xotirasini chiniqtirish, ruhiy tarbiya va jismoniy tarbiyani uzluksiz olib borish kerak bo‘ladi.

Nima uchun yurtimizdan Xorazmiydek, Imom Buxoriydek, Forobiydek, Beruniydek, Ibn Sinodek buyuk allomalar yetishib chiqqan? Negaki, ularning xotirasi kuchli bo‘lgan, “Qur’oni Karim”ni 7-8 yoshidanoq yod olishgan. Ular katta-katta dostonlarni boshdan oyoq yoddan ayta olishgan. Islom madaniyatida ilmparvarlik, ilmga intilish doimo rag‘batlantiril-gan. Ilm-ma’rifat ahlining mavqei jamiyatda yuqori bo‘lgan. “Beshikdan to qabrgacha ilm izlang” degan hadis musulmonlarning asosiy shiorlaridan biri edi. Hadislarda “Bir kunlik ilm bilan shug‘ullanish 70 yillik ibodatdan afzal”, “Chin mochinga borasang ham ilm izla”, “Ilmga intilish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir” degan hikmatlar bejiz tarqalmagan.

Xalqimizning kundalik turmushida ham aqlni charxlovchi, xotirani kuchaytiruvchi, ziyraklikni, mantiqni tarbiyalovchi o‘yinlar, mushoiralar ko‘p bo‘lgan. Bolalarga topishmoqlar, tez aytishlar, mushoiralar, o‘ylaganimni top singari mashq-o‘yinlar bolalarning nutqini, xotirasini, aql-idrokini kuchaytirishga xizmat qilgan. Katta yoshdagilar ham vaqti-vaqti bilan xonadonlarda yig‘ilishib, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Rustamxon” singari dostonlarni zavq bilan o‘qishgan yoki bir-biriga yoddan aytib berishgan. “Navoiyxonlik”, “Mashrabxonlik”, “Bedilxonlik” singari milliy xalq to‘garaklari bo‘lgan. Bunday intellektual madaniyat tarixi kimda bor? Loaqal 18-19 asrda o‘tgan Jahon Otin Uvaysiy momomizning “Anor” deb atalgan chiltonini eslaylik. Xalqimiz bunday aqliy tarbiya bilan kuni kechagacha, ya’ni 19 asrgacha shug‘ullanishgan. Shunday ekan Komil insonlarni tarbiyalash g‘oyasi ham milliy mafkuraning markaziy g‘oyalaridan biri bo‘lishi lozim.

Ba’zan, komil inson turli darajada ijtimoiy tabaqalangan, boy va kambag‘allar keskin farq qiladigan jamiyatlarda ham shakllanadimi? – degan savol paydo bo‘ladi. Bu savolga javob berishda, jamiyatda tengsizlikning vujudga kelishi, adolatsizlik bilan bog‘langanligini chuqur anglashimiz zarur. Biz aynan ana shunday illatning ro‘y berishining oldini olishimiz lozim. O‘zbekistonda haddan ziyod boyib ketganlar ham, haddan ziyod qashshoqlashib qolganlar ham bo‘lmasligi lozim. Shu sababli jamiyatda ijtimoiy adolat mezoni – ijtimoiy hamjihatlilik bo‘lishi lozim. Ijtimoiy hamjihatlik jamiyat a’zolarini turli tabaqalarga ajralib ketishidan asraydi. Boylar kambag‘allarga homiylik qiladi, kambag‘allar ham birlashib, boylarning yanada boyishiga o‘z hissalarini qo‘shishadi. Chunki, jamiyatda boylar qanchalik ko‘paysa, mamlakatning iqtisodiy salohiyati shunchalik ko‘tariladi. Bu o‘z navbatida xalq farovonligining oshishiga sabab bo‘ladi. Sobiq sovetlar tuzimi sharoitida hammani yo‘qsillashtirish, kambag‘allashtirish jamiyat boshqaruvida fuqarolarning davlatga qaram bo‘lishiga yo‘l ochgan. Xususiy mulkka nisbatan ijtimoiy darajadagi nafrat shakllantirilgandi. Bu bolalar tarbiyasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatardi. Biror kishi yangi mashina olsa, yoki yangi uy qursa, uni ko‘raolmaslik, unga g‘arazgo‘ylik qilish avj olgandi. Shunday oilada tarbiya topgan ba’zi bolalar ham qo‘shnisi olgan yangi mashinaga tosh otishga, yoki mix bilan tirnashga, badavlat qo‘shnisining uyni yondirib yuborishga intilishar, boylar ham kambag‘allarni kamsitishga, jazolashga harakat qilishardi. Bu xodisa ijtimoiy tabaqalar o‘rtasidagi antoganistik munosabatlarning avj olganligining oqibatida ro‘y beradi. Bizda esa turli tabaqa vakillari orasida o‘zaro hurmat, hamjihatlik o‘rnatishga intilishimiz lozim. Bu esa o‘z navbatida Milliy mafkuraning eng muhim g‘oyalaridan biri ijtimoiy hamjihatlikni shakllantirish ekanligini ko‘rsatadi. Bu g‘oya mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun asos bo‘ladi. Fuqarolik jamiyatini shakllantirishda xalqimizning azaldan rioya qilib kelayotgan mahalla qadriyatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Mahallada fuqarolik jamiyati kurtaklari mujassamdir.

Shunday kunlar keladiki, O‘zbekistonlik bo‘lish dunyoda katta sharaf hisoblanadi. Mamlakatimizda olib borilayotgan bugungi islohotlar jamiyat taraqqiyotining barqarorligini ta’minlashga zamin bo‘ladi. Kelajakda yurtimizda biz odatlangan ijtimoiy qonuniyatlar zaruriy tarzda amal qiladigan shart-sharoitlar qaror topishi, mamlakat taraqqiyotining uzluksizligi prezidentlar almashganda ham, hukumat o‘zgarganda ham bir xil tarzda davom etishini ta’minlaydigan relsga (yo‘lga) tushadi. Dunyodagi barcha rivojlangan mamlakatlarda mana shunday taraqqiyot qonuniyati amal qiladi. O‘zbekiston taraqqiyoti ham kelajakda ana shunday darajaga o‘sib boradi. Qani endi, xudo menga uzoq umr bersa, O‘zbekiston mustaqilligi-ning hech bo‘lmasa 25 yilligini ko‘rsam, armonim qolmasdi. Mamlakat taraqqiyoti muayyan tartibga, to‘g‘ri relsga tushib olgan bo‘lardi.- dedi.

- Hali siz ko‘p yashaysiz. O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligini ham, 35 yilligini ham ko‘rasiz, albatta. – dedim dalda ohangida.

- Yo‘q, - dedilar Prezident - afsuski, qancha yashashimiz bizning qo‘limizda emas, hammasi, yuqorida hal bo‘ladi, - dedi, osmonga ishora qilib, - hammasi yaratganga bog‘liq.

Bu fikrlar shunday qat’iy ohangda aytildiki, unga e’tiroz bildirishning iloji yo‘q edi. Shunda ham Prezidentning qimmatbaho fikrlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida fikrimni shunday davom ettirdim:

- Biz umid qilamizki, Milliy mafkuraning asosiy konseptual g‘oyalarini ishlab chiqishda Sizning bu qimmatbaho maslahatlaringizga og‘ishmay amal qilamiz. Demak Milliy mafkuraning Bosh g‘oyasi “Obod va Ozod Vatan, erkin va farovon hayotni bunyod qilish” Siz hozir ta’kidlab o‘tgan Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, Xalq farovonligi, millatlar aro hamjihatlik, ijtimoiy hamkorlik, dinlararo bag‘rikenglik va komil inson g‘oyalari bilan chambarchas bog‘liq ekan. Buni Milliy mafkura konsepsiyasini tayyorlashda albatta e’tiborga olamiz. Bundan tashqari, o‘zbek milliy falsafasining asosiy qonuniyatlari va tamoyillarini ishlab chiqishni ham o‘z zimmamizga olamiz. Bu vazifa haqiqatdan ham millatimiz taqdiri uchun o‘ta dolzarb vazifa.

Shunday qilib, mening O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abduganiyevich Karimov bilan qilgan suhbatimiz yakunlandi.

Prezident milliy istiqlol mafkurasi konsepsiyani tayyorlashda o‘zi ham shaxsan ishtirok etishini ma’lum qilib, shunday dedi: “Milliy istiqlol mafkurasi konsepsiyasini tayyorlashda o‘zim ham shaxsan ishtirok etaman, lekin davlat rahbari sifatida emas, shu yaratilajak konsepsiyaning puxta yaratilishidan manfaatdor bo‘lgan, o‘z Vatanini sevuvchi bir vatanparvar O‘zbekiston fuqarosi sifatida ishtirok etaman. Chunki, bu mafkura xalqimizning buyuk kelajagini bunyod etishda asosiy yetakchi rolini o‘taydi. Bu ishda O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati a’zolariga o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Omad sizlarga yor bo‘lsin. Omon bo‘ling, Baxtiyor Omonovich!” – dedi jilmayib, men bilan xayrlasharkan.

Shundan keyin, qisqa vaqt ichida “Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillari” kitobchasining asosiy andazasi ishlab chiqildi. Bu kitobchani tayyorlash jarayonida I.A.Karimov o‘zlarining qimmatli maslahatlari bilan faol qatnashdilar. Kitobcha tayyor bo‘lgach, unga shaxsan o‘zlari so‘zboshi yozib berdilar. Kitobcha 2000 yili “O‘zbekiston” nashriyotida nashrdan chiqdi.

Bugungi kunda Islom Karimovning sadoqatli shogirdi O‘zbekistonning hozirgi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘z ustozining ilgari surgan rejalari, konsepsiyalari va g‘oyalarini chuqur anglagan izdosh sifatida, bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda bu g‘oyalarni muvaffaqiyatli tarzda amaliyotga tadbiq etmoqda. Jumladan, ma’naviy tarbiyani yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan qarorlarida, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termizda Imom Termiziy xalqaro markazi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi va Qarshida Nasafiylar markazini bunyod qilish bo‘yicha olib borayotgan say’i harakatlari ham I.Karimovning milliy mafkura konsepsiyasini amalga oshirish yo‘lidagi amaliy faoliyatining uzluksiz davomidir.

Demak, Birinchi Prezident orzu qilgan zamon keldi. Bu zamonning muammolarini I.A.Karimovning sadoqatli shogirdlari, izdoshlari muvaffaqiyatli ravishda yechib fidoyilik ko‘rsatishmoqda.

Xullas, Islom Abduganiyevich Karimov – Milliy g‘oya va mafkura konsepsiyasining asoschisi hamda amaliyotga faol tatbiq etuvchisi, O‘zbekistonda ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy jarayonlarning xassos yetakchisi, Ona Vatan taraqqiyotining yirik ilhomchisidir.

 

Baxtiyor TURAYEV,

Imom Buxoriy xalqaro markazi direktor o‘rinbosari,

falsafa fanlari doktori, professor