ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Orzu Rahmatov, Samarqand shahridagi "Dahbedi" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi


Buyuk Yo‘lboshchimiz, O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mahallamizda tavallud topgan. Sho‘x bolaligi, orzularga to‘la o‘smirligi shu yerda o‘tgan. 

Birinchi Prezidentimiz dunyoga kelgan 1938-yil – dinga qarshi kurash avj olgan davrda unga Islom deb ism qo‘yilishining o‘zi ulkan jasorat bo‘lgan. Chunki o‘sha – qatag‘on ayni avj pallasiga kirgan yillarda islomiy ism qo‘yish u yoqda tursin, islom dini haqida gapirishning o‘zi xatarli edi. Ma’lumotlarda yozilishicha, o‘sha yili Samarqand viloyati bo‘yicha 1694 nafar o‘g‘il bola tug‘ilgan va faqat bittasining ismi Islom bo‘lgan ekan. Bu – sakkiz farzandni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan, yuksak tarbiya bergan Abdug‘ani aka va Sanobar onalarning qanchalik jasorat sohibi bo‘lganliklaridan dalolat. 

Bugun mahallamizda 30 nafardan ortiq yoshi 80 dan oshgan nuroniy otaxon va onaxonlar yashaydi. Ularning ko‘pchiligi Islom Karimov bilan birga maktabga borgan, o‘qigan yoki bir guzarda ulg‘aygan. Ularning aytishicha, Islom Karimov bolaligidan mehnat va bir burda nonning qadr-qimmatini yaxshi bilgan. Shuning uchun qayerda va qanday lavozimda ishlamasin, keyinchalik yurtga bosh bo‘lib, xalqimizni ozodlikka chiqargan, el mehrini qozongan paytlarda ham bu mashaqqatli davrni aslo unutmadi. 

Ayni paytda mahallamizda 308 xonadon, 2 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ular Birinchi Prezidentimiz o‘sgan mahallada yashayotganidan faxrlanishadi, shu nomga munosib bo‘lishga intiladi. Mahallamiz markazida Islom Karimovning hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi xona tashkil qilganmiz. Bu yerda yoshlar uchun tashkil etilgan maxsus burchakda ulug‘ Yo‘lboshchimizning bolaligi va o‘quvchilik yillarida olingan suratlar jamlangan. Bu xonada nafaqat mahallamiz, balki Samarqand shahrining boshqa mahallalaridan, ta’lim muassasalaridan kelgan yoshlarga Yurtboshimizning bolaligi haqida so‘zlab beramiz, ilmga chanqoqligi, aql va zakovati, mustahkam xotiraga ega bo‘lgani, buning uchun qanday o‘qib-izlanganini ibrat qilib ko‘rsatamiz. 

Shu kunlarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017- yil 27- noyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. 

Islom Karimov tug‘ilib, voyaga yetgan xonadon barcha mahalladoshlarimiz uchun eng qadrli maskanga aylangan. Bu yerdan yurtimiz turli burchaklaridan kelayotgan odamlarning qadami uzilmaydi. Bu xalqimiz Birinchi Prezidentimizni naqadar sevgani, e’zozlaganidan dalolat. Zero, Islom Karimov o‘zbek xalqini ozod, O‘zbekiston davlatini mustaqil qildi. 70 yildan ziyod vaqt davomida faqat maqtalgan, ta’riflab ko‘kka ko‘tarilgan mustabid tuzumning butun kirdikorlarini aynan Islom Karimov aniq dalil va raqamlar bilan ochib tashladi. Eng muhimi, nafaqat yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamladi, balki butun mintaqadagi vaziyat barqarorligini ta’minlashga katta hissa qo‘shdi. 

Biz shunday buyuk inson bilan bir mahallada yashaganimizdan, ulg‘ayganimizdan doimo faxrlanamiz.