ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Qalblarda mangu


30.01.2019

30-yanvar tong sahardan boshlab poytaxtimizdagi so‘lim go‘sha Oqsaroy qarorgohi odamlar bilan gavjum. Birinchi Prezident Islom Karimov haykali poyi gullarga burkangan.

 

Bir qator idora va tashkilotlar vakillari, poytaxt aholisi hamda xorijiy mehmonlar, uzoq-yaqindan tashrif buyurgan hamyurtlarimiz davrimizning buyuk shaxsi, O‘zbekiston Mustaqilligining asoschisi Islom Karimov haykali poyiga gul va gulchambarlar qo‘yib uning xotirasini hurmat ila yodga oldilar. Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Islom Karimov Respublika xayriya jamoat fondi, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi, Islom Karimovning yaqin do‘stlari, qadrdonlari nomidan qo‘yilgan gulchambarlar haykal poyida paydo bo‘lgan ajabtovur gulzorni bezab turibdi.

  

“Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasida Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Akbarovnani uchratgan hamyurtlarimizning quvonchlari cheksiz. Samimiy muloqotlar, ezgu tilaklar, minnatdorlik so‘zlari, yorqin xotiralarga boy, sog‘inchga to‘la xotiralar...

30 yanvar kuni bu yerda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarni qamrab olishning imkoni bo‘lganida edi, butun boshli bir albom suratlarga to‘lardi.

 

Birinchi Prezidentimiz tarix va xotira to‘g‘risida ko‘p gapirardi. Bu qadriyatlarni ulug‘lab, asrab-avaylaganlar iymonli, e’tiqodli insonlar. Ularni hech kim, hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashtira olmaydi, derdi.

Vatanni sevmoq iymondandir,-degan insonning xotirasi hurmatda, e’zozda bugun. Ajdodlar xotirasini ulug‘lagan insonning nomi ulug‘lanmoqda bugun.

 

Mulohazalarimiz so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sovrindori Feruza Azimovaning Islom Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlab yozgan she’ridan parcha.

Odil podsho – xalqi uchun bir ne’mat,
Undan meros ezgu ishu fazilat.
Umr qisqa, har bir oni g‘animat,
Qismat g‘olib, inson ojiz bo‘ladi,
Yurtboshimiz qalbda mangu qoladi.

Bisotimda sara so‘zlar izlayman,
Yaratganga hasrat bilan bo‘zlayman,
Pok ruhiga jannatlarni ko‘zlayman,
Butun borliq tilovatlar qiladi,
Yurtboshimiz qalbda mangu qoladi.