ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Yodgorlik majmuasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi


16.01.2018

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida Islom Karimovning 80 yilligini nishonlash doirasida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan birga tashkil etilgan.

 

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘ydi va o‘z hayotini mustaqil davlatimiz qurilishi va shakllanishiga baxshida etgan ulkan davlat va siyosat arbobiga hurmat bajo keltirdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar ta’kidlashicha, mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov boshchiligida mutlaqo yangi asosda va qisqa muddatda Qurolli kuchlarimiz tuzildi. O‘zbekistonning o‘z Qurolli kuchlari bo‘lmagan. Uning hududida bir necha respublikalarni qamrab olgan keng Turkiston harbiy okrugining harbiy qismlari joylashgandi. Umuman olganda, tarkibidagi harbiy qismlarning jangovor qobiliyatiga jiddiy zarar yetkazmagan holda o‘z Qurolli Kuchlarini yaratish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi, mudofaa tizimining tashkiliy-huquqiy asoslari shakllantirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hozirgi kunda dunyoda oldindan aytish qiyin bo‘lgan vaziyat hukm surayotgan murakkab bir sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Bu borada 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilgan Harakatlar strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishni ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi, Qurolli Kuchlarimizning kelgusidagi qiyofasini, uning jangovorlik holatini ta’minlaydigan strategik tamoyillar va ana shu maqsadga erishishga qaratilgan keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Tashqi siyosatimizning moslashuvchanligi va ochiqligi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirish, Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini saqlash eng ustuvor vazifa ekani haqidagi prinsiplar asosida O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi yangilangan holda qabul qilindi.

2017 yilda Milliy gvardiya va Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkil etildi, harbiy okruglarning tarkibiy tuzilishi va vazifalari tubdan qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, ularni bosqichma-bosqich zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimiz, armiya va xalqning faol hamkorligi natijasida Qurolli Kuchlarimiz tom ma’noda jamiyatning ajralmas qismiga, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining ishonchli kafolatiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylanib bormoqda.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan fotomateriallar va kitoblar ko‘rgazmasi bilan ham tanishdilar.