ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

YAXSHI NIYAT – YARIM DAVLAT


27.12.2024

Bu dunyoda inson zoti borki, umid bilan yashaydi. Yaxshilikka, yorug’likka intilib, orzu-armonlarini ertangi kunga bog’lab, ishonch bilan yashaydi. Yangi yil esa – yangi kun, yangi orzular, yangi rejalar bilan bog’liq sana.

Bugungi shiddatli o’zgarishlar davrida, kurrai zaminimizning ba’zi hududlarida beqarorliklar, qarama-qarshiliklar avjiga chiqqan bir paytda yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadr-qimmatini yanada chuqurroq his etayotganimiz o’z-o’zidan ayon.

Birinchi Prezident Islom Karimov “O’zbek xalqiga tinchlik, omonlik kerak. O’zbekiston barcha davlatlar bilan faqat teng xuquqli munosabatlar tarafdori. Biror bir mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik – tashqi siyosatimizning bosh mezoni bo’lib qoladi”, deya mudom ta’kidlab kelgan. Islom Abdug’anievich bir umr Vatani va xalqiga xizmat qilishni oliy saodat deb bilgan. U inson tabiatga oshno bo’lib yashagan. Boshqa fasllarning betakror go’zalliklari, fusunkorligi qatori qishning ajabtovur manzarasini ham xush ko’rgan. Yangi yilni hamma qatori, oila davrasida nishonlardi. Lekin yana bir haqiqat ayonki, ko’pmillatli butun O’zbekiston ahli u kishi uchun hamisha eng qadri baland oila bo’lib kelgan.

Barchamizning yangi – 2025 yildan umidimiz katta. Umid va ertangi kunga ishonch, sobitqadam va dono xalqimizning doimiy hamrohi bo’lib kelgan. Demak, yaxshi niyat – yarim davlat deganlaridek, eng yorug’ orzular bilan oldinga qarab odimlayveramiz.

Tilagimiz shuki, bir-birimizga faqat va faqat yaxshilik ulashib yashaylik. Saxovatpesha bo’laylik. Farzandlarimizga – chiroyli xulqimiz, bag’rikengligimiz, halol mehnatimiz, sof vijdonimiz, pok amallarimiz bilan ibrat bo’laylik! “Yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir”. Yurtimiz obod, hayotimiz farovon, dasturxonimiz to’kin, ko’nglimiz xotirjam bo’lsin.

Yangi yil – Yangi O’zbekiston xalqi uchun qutlug’ va xayrli kelsin!